Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi xodimni ishga olayotganda nimaga e’tibor berish kerak?

Yangi xodimni ishga olayotganda nimaga e’tibor berish kerak?

Фото: «Xabar.uz»

Ishxonadagi har jihatdan sog‘lom va qulay, xavfsiz mehnat sharoiti yaratilishi kishining g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shib, ishchanlik kayfiyatini yanada oshiradi. 

O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimidagi tashkilot va korxonlarning mas’ul xodimlarini mehnat muhofazasi bo‘yicha asosiy tushunchalar, qoida va yo‘riqnomalar bilan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan davra suhbatida ham shular xususida so‘z yuritildi.

Фото: «Xabar.uz»

Tadbirda bugungi kunda vazirlik tizimidagi korxona va tashkilotlar, korxonalar tomonidan ishchi-xodimlarga yaratilgan xavfsiz ish o‘rinlari, mehnat muhofazasi bo‘yicha shart-sharoitlar haqida ma’lumotlar berildi. Jumladan, soha xodimlari maxsus kiyimlar, oziq-ovqat mahsulotlari, poyabzallar hamda texnik xavfsizlik jihatdan zarur asbob-uskunalar bilan ta’mirlanganlik borasida olib borilayotgan ishlar e’tirof etildi. Ayniqsa, ish beruvchi tomonidan ishchi xodimning har tomonlama sharoitini, salomatligini, ishga layoqatini o‘rganib chiqib, keyin ish berish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

– Ish beruvchi va ishchi xodim o‘rtasidagi kelishuvga shunchaki ko‘z bilan, mehnat shartnomasida, deya qarash u qadar to‘g‘ri emas, – deydi  O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining mehnatni muhofaza qilish bosh mutaxassisi Botir Mirzayev. –  Chunki xodim bir xonadonning boquvchisi yoki bo‘lmasa bir oilaning boshi, norasida go‘daklarning onasi, yo bo‘lmasa ota-onasining bo‘yi yetgan o‘g‘il-qizi bo‘lishi mumkin. Korxona va tashkilotlarning mas’ul xodimi, ish beruvchi sifatida o‘z vazifasini to‘g‘ri anglagani holda, ishchining manfaatlarini ham hisobga olishi ikki tomonni birdek murosaga keltiruvchi ko‘prik vazifasini o‘taydi.

Фото: «Xabar.uz»

Davra suhbatida korxonada mehnatni muhofaza qilish hamda xodimlarga yaratilgan mehnat va maishiy sharoitlar ahvolini jamoatchilik tartibida nazorat qilishda xavfsizlik texnikasi va ishlab chiqarish sanitariyasiga oid amaldagi qoida va me’yorlar buzilishlarini bartaraf etish yuzasidan zarur chora-tadbirlarning ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi yuzasidan ham kerakli tavsiyalar berildi. 

— Mehnat muhofazasi fondi mablag‘larini korxona va tashkilotlar kasaba uyushmasining jamoatchilik nazoratini olib borish orqali to‘g‘ri va maqsadli yo‘naltirish joiz, – deydi O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat vazirligining Toshkent shahar davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Abdulla Mo‘minov. – Ish beruvchi mehnatkashlar haq-huquqlarini himoya qilish, ularning tibbiy ko‘rigiga alohida ahamiyat qaratish barobarida, zarur bo‘lsa xodimga nisbatan mehnat muhofazasi talab darajasida bo‘lmagan holatda ishni to‘xtatishi kerak. Qolaversa, zararli mehnat omillarida ehtiyot choralarini ko‘rish, sog‘lig‘iga qarab ish berish, sug‘urta kompaniyalari o‘rtasida tender o‘tkazib xodimlarni sug‘urtalash lozim. Qachonki, ish beruvchi ishchiga «bu mening qizim, bu mening o‘g‘lim» degan insoniy munosabatda bo‘lsa, mehnat muhofazasiga panja orasidan qaramasa, aynan korxona-tashkilotlarda ba’zida uchrab turadigan baxtsiz hodisalar kuzatilmaydi. Bizning barcha sa’y-harakatlarimiz inson omili bilan bog‘liq noxush hodisalarning oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Qizg‘in bahs-munozaralar bilan o‘tgan davra suhbatida ishtirokchilar ish beruvchi va ishchi o‘rtasidagi mas’uliyat, talab katta bo‘lsa, natija ham ijobiy, salmoqli va hayot baxtli hodisalarga boy bo‘ladi, degan xulosaga kelishdi.

Gulnoza Turg‘unboyeva, «Xabar» muxbiri

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring