Yangi talqin: «Tergov.uz» sayti ishga tushdi
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish, buzilgan huquqlarni tiklashning barcha zarur choralarini ko‘rish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamentining «Tergovdepartamenti.uz» rasmiy veb-sayti ishga tushirilgan edi. Unda departamentda amalga oshirilayotgan islohotlar, huquqiy axborotlar, yurtimizda sodir etilgan jinoyatlar hamda ularga nisbatan ko‘rilgan choralar haqida ma’lumotlar berib kelinayotgan edi.
Tergov departamentining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, saytning nomi hozir «Tergov.uz» deb o‘zgartirilgan.
Saytni takomillashtirish, jismoniy va yuridik shaxslar bilan Tergov departamenti rahbariyati o‘rtasidagi muloqotni yanada kuchaytirish hamda saytga kirishni osonlashtirish maqsadida saytning nomi «Tergov.uz» deb qisqartirilib, uning «Facebook» ijtimoiy tarmog‘idagi Facebook.com\tergov.uz va «Telegram»dagi @tergov_bot nomli rasmiy sahifalari ochilgan.
Endilikda jismoniy va yuridik shaxslar o‘zlarining «Facebook»dagi shaxsiy sahifasi va «Telegram» orqali tergov idoralari faoliyatini takomillashtirish yuzasidan takliflarini yuborishlari, o‘zlarining poymol bo‘lgan huquqlarini tiklash yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Tergov departamenti rahbariyatiga murojaat qilishlari, ushbu murojaatlariga ilova sifatida ishga aloqador foto, audio va video fayllarini yuklashlari mumkin.
Ma’lum qilinishicha, har bir xabar va murojaat Tergov departamenti rahbariyatining e’tiboridan chetda qolmaydi va qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter