Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi o‘quv yili oldidan 5 yillik aliment pullari undirib berildi

Yangi o‘quv yili oldidan 5 yillik aliment pullari undirib berildi

Foto: «Xabar.uz»

Yangi o‘quv yili boshlanishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Ayni kunlarda ota-onalar farzandlari uchun o‘quv anjomlari, maktab uchun formalar, mavsumiy kiyimlar sotib olish bilan band. Bu esa albatta, katta mablag‘ talab qiladi.

Majburiy ijro byurosi organlariga ham bu davrda aliment undiruvlari bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushadi va undiruv ishlari yanada jadallashtiriladi.

Taraflar bilan olib borilayotgan tushuntirish ishlari, profilaktik tadbirlar natijasida undiruv samaradorligi ortib, aliment pullarini oldindan to‘lash istagini bildirayotgan fuqarolar soni ham oshmoqda.

Misol uchun, shahrixonlik B.Xudoyberdiyev ham 5 yillik aliment pullarini oldindan to‘lab berishini bildirdi. Undiruvchi D.Mamajonova ham bu fikrni maqulladi.

Ish hujjatlarida qayd etilishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Bo‘ston tumanlararo sudining 19.01.2023 yildagi ijro hujjatiga asosan qarzdor B.Xudoyberdiyevdan undiruvchi D.Mamajonovaning foydasiga bir nafar farzandining ta’minoti uchun aliment undirilishi belgilangan.

Qarzdor B.Xudoyberdiyev kuni kecha 2023 yil avgust oyidan 2028 yil  avgust oyiga qadar 5 yillik davr uchun hisoblangan 66 245 939 so‘m aliment pullarini oldindan to‘lab berdi.

Undiruvchi D.Mamajonova farzandining ehtiyojlari uchun bu pullar mavsum yangilanayotgan vaqtda berilganligi ayni muddao bo‘lganligini bildirdi, deydi Byuroning Shahrixon tuman bo‘limi davlat ijrochisi Jamshidbek Yunusaliyev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring