Yana bir hokimning audiosi tarqaldi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshloq tumani hokimi Abduqahhor Jo‘raboyevga mansubligi ta’kidlanib tarqatilgan, haqoratli so‘zlar ishlatilgan muloqotning audioyozuvi yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi.
Farg‘ona viloyati hokimligining rasmiy bayonotiga ko‘ra, Toshloq tumani hokimiga mansubligi ta’kidlanib tarqatilgan audioyozuvning haqiqatdan tuman hokimi Abduqahhor Jo‘raboyevga oidligi aniqlandi.
Audioyozuvda qayd etilgan muloqotning o‘tgan 2021 yil kuzida paxta yetkazib berish majburiyatlarini bajarmayotgan fermer xo‘jaliklari bilan Abduqahhor Jo‘raboyevning Expo Kollor Prin Teks paxta-to‘qimachilik klasteri rahbari sifatidagi muhokamasi chog‘ida yuz bergani ma’lum bo‘ldi.
«Klaster tomonidan paxta mavsumi davomida qilingan turli xarajatlar hamda to‘lovlar hisobiga fermer xo‘jaliklarining katta miqdorda qarzdorligi mavjud bo‘lgani hamda dalada paxta mavjud bo‘lishiga qaramay ba’zi fermerlar uni terib topshirish hisobiga qarzdorlikni so‘ndirishga harakat qilmayotgani Abduqahhor Jo‘raboyevning etikaga mos bo‘lmagan haqoratli iboralardan foydalanishiga sabab bo‘lgani tasdiqlandi.
Viloyat hokimligi tomonidan zo‘ravonlik, so‘king‘ochlik siyosati eski davrda qolgani, hech kim birovni haqoratlashga, shaxsiyatiga tegishga haqqi yo‘qligi, rahbar har ishni qonun doirasida bajarishi kerakligi lozimligi, bugungi kun hokimi o‘z ishi bilan, so‘zi bilan, xulq-atvori bilan barchaga o‘rnak bo‘lishi shartligi qayd etiladi», deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, tarqalgan audioyozuvdagi holat bir yil oldin bo‘lib o‘tganiga, Abduqahhor Jo‘raboyevning undagi ishtiroki Expo Kollor Prin Teks paxta-to‘qimachilik klasteri rahbari sifatida bo‘lishiga qaramay, ayni paytda tuman hokimi bo‘lib turgan rahbarning bunday muomalasi davlat xizmatchisi etikasi va odob-axloq qoidalarini qo‘pol ravishda buzish deb baholangan.
Viloyat hokimining tegishli farmoyishi bilan Toshloq tumani hokimi Abduqahhor Jo‘raboyevga «hayfsan» e’lon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo hokimi To‘ra Bobolovning audiosi tarqalgan, ushbu holat uchun yaqinda unga jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter