Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vashington ko‘chasidagi tilanchi

Vashington ko‘chasidagi tilanchi

Bizning yoshlik yillarimizda respublikamiz viloyatlaridan Toshkentga kelish ham bir voqea edi. Masalan, men 1964-yilda maktabni bitirib, Toshkentga o‘qishga boraman, deganimda barcha qarindoshlarimiz, ayniqsa keksalar hayratga tushgan: Toshkentga? Nima, Samarqandda o‘qish yo‘qmi, deyishgan. Go‘yo Toshkent dunyoning narigi chekkasida.

Bugun Yer kurrasining istalgan nuqtasiga borib kelish oddiy hodisa bo‘lib qoldi. Odamlar pul to‘lab, kosmosga chiqib tushyapti.

Yarim asr ichida dunyo shunday aql bovar qilmas darajada o‘zgarib ketdi. Ilm-fan, texnika taraqqiyotini hech nima bilan o‘lchab ham, solishtirib ham bo‘lmaydi. Birgina internet odamlar ongiyu tafakkurini qanchalar kengaytirib yubordi. Endi insoniyat usiz go‘yo yashay olmaydi. Uyqudan turiboq telefon «titkilaydi»,  dunyoning bu yog‘idan kirib, u yog‘idan chiqadi. «Gugl» bobo istagan savolingizga bir zumda aniq javob beradi.

Bir vaqtlar qishlog‘imizga kino kelib qolsa, go‘yo bayram bo‘lib ketardi. Uni biron-bir oqlangan devorga yoki oq surpni devorga qoqib kino qo‘yib berardi kinochi akalar. Bugungi yoshlar ertakka ishonishi mumkin, ammo bu gaplarga ishonmaydi. Mayli, bu ham yaxshi.

Bu gaplarning daromadi qayoqqa boryapti, sezgandirsiz? 2001-yil mart oyida Amerika Qo‘shma Shtatlarida xizmat safarida bo‘lib qaytganimdan keyin men o‘zim tug‘ilib o‘sgan qishlog‘imga bordim. 1964-yilda Toshkentga o‘qishga borishimga ishonmagan odamlar (ulardan ayrimlari hali hayot edi) Amerikaga borib kelganimni eshitib, pinagini ham buzmadi. «Xo‘sh, nima bo‘pti borgan bo‘lsang, suyunchi beraymi?» deganday mo‘ltirab turibdi. To‘g‘ri-da, buning nimasi qiziq yoki yangilik?

Qo‘nishga aerodrom qidirayotgan samolyot goh pastlab, goh balandlab uchgani kabi mening ham muqaddimam cho‘zilib ketdi. Uzr, aziz o‘quvchi.

Endi gapning indallosiga o‘tsak.

2001 yil mart oyida O‘zbekiston hujjatli va xronikal filmlar studiyasi direktori To‘ychi Ahmedov bilan AQShga xizmat safariga bordik. Asosiy vazifamiz – Birinchi prezidentimizning «O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida» kitobi asosida ishlangan hujjatli filmning taqdimotini o‘tkazish.

12-mart kuni Nyu-Yorkda film taqdimotini o‘tkazdik. Film namoyishidan keyin bir necha kishi so‘zga chiqdi. Ular orasida Toshkentdan ketgan Buxoro yahudiylari, jumladan, Ilyos Mallayev, Izro Malakov, Muhabbat Shamayeva va boshqa san’atkorlar bor edi. Ular film haqida, ayniqsa, O‘zbekiston haqida to‘lqinlanib, ba’zilari ko‘ziga yosh olib gapirdi. O‘zbekistonni, o‘zbek xalqini, o‘zbekcha taomlarni sog‘indik, dedi. Ilyos Mallayev menga «Iloji bo‘lsa, o‘zbek maqomlaridan film-konsert qilib bersangiz. Biz ularni sog‘inamiz. Bu yerda o‘zimiz bilganlarimizni yig‘ilib kuylaymiz. Boshqa hofizlar ijrosidagilar ham bo‘lsa deyman-da», dedi.

Albatta, bu yaxshi taklif, ularni tushunish mumkin. Ammo meni boshqa masala o‘ylantirdi. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin o‘zga millat vakillaridan ba’zilari o‘zlarining tarixiy vataniga keta boshladi. Jumladan, yahudiylar ham. O‘zbek xalqi mustaqillikni qo‘lga kiritgandan keyin biron-bir millat vakillariga zug‘um yoki bosim o‘tkazgani yo‘q. O‘z vataniga ketishni istaganlar ketdi. Lekin yuqorida men eslagan san’atkorlarni Amerikaga ko‘chib ketishiga nima majbur qildi? Ular qaysi o‘zbekdan kam yashardi? Bilishimcha, turmush sharoiti hech kimnikidan yomon emasdi. Xalqimiz ularni hurmat qilardi, ashulalarini sevib tinglardi, izzat-hurmati joyida edi. Boz ustiga, AQSh ularning asl vatani emas-ku! To‘g‘ri, qayerda, qaysi mamlakatda yashash har bir insonning shaxsiy ishi, xohishi. Biroq o‘zining vatani bo‘lmagan bir mamlakatda tinch-xotirjam, farovon yashab yurgan odamning boshqa yurtga ko‘chib ketishida nima ma’no, qanday mantiq bor? Buning ustiga, oldingi joyida el-yurt hurmatida bo‘lgan, yangi kelgan joyida hech kim tanimasa!

Xuddi shu millatga mansub yana bir san’atkor – O‘zbekiston xalq artisti Berta Davidovaga tanishlari kel, deb, da’vat qilganda u rad etgani, o‘lsam o‘zimning o‘zbeklarim tepkilab-tepkilab ko‘madi, deganini eslasak, inson bolasi har ishni qilishdan oldin har tomonini obdon o‘ylamog‘i zarurligi qanchalar to‘g‘ri ekaniga amin bo‘lamiz. Darvoqe, Amerikaga ko‘chib ketgan san’atkorlarning ba’zilari O‘zbekiston xalq artisti, ayrimlari xizmat ko‘rsatgan artist unvonlariga ega edi. Ular obro‘-e’tiborda ham, yashash sharoiti bo‘yicha ham Berta opadan yaxshi bo‘lsa yaxshi ediki, yomon emasdi. Berta opada tug‘ilib o‘sgan tuprog‘iga sadoqat, o‘zini ardoqlagan xalqqa hurmat kuchli edi. Men opa haqida maqola yozish bahonasida uyiga borib, suhbatidan bahramand bo‘lgan edim.

Bizning xalqimizday bag‘ri keng, kechirimli xalq yana bormi-yo‘qmi, bilmadim. Prezidentimizning tashabbusi bilan 2018 yilda Izro Malakovga O‘zbekiston xalq artisti unvoni berildi. Alloh xalqimizni kechirimli bo‘lishdan qo‘ymasin. Buning ham o‘z ajri bor, inshoalloh...

Nyu-Yorkda meni eng xursand qilgan, ko‘nglimni ko‘targan narsa – Birlashgan Millatlar Tashkilotining binosi oldida davlatimiz bayrog‘i hilpirab turganini ko‘rish bo‘ldi. To‘g‘ri, Nyu-York – jahondagi eng katta, nufuzli, dunyodagi barcha mamlakatlar fuqarolari loaqal bir marta borishni orzu qiladigan shahar. Bu yerdagi Metropoliten muzeyi, Ozodlik yodgorligi, Egizak binolar, dunyoga mashhur Brodvey, go‘zal parklar va boshqa inshootlar, aholining turmush tarzi har kimning havasini keltiradi. Biz bularning barini ko‘rdik, hayajonlandik, ta’sirlandik, nimalargadir havas qildik. Ammo hammasi jahonning bosh xalqaro tashkiloti hisoblangan Birlashgan Millatlar Tashkiloti oldida jonajon Vatanimiz – O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i mag‘rur hilpirayotganiga faxr va g‘urur ila qarab turishdagi quvonchu hayajon oldida hech narsa emas edi. BMTga a’zo ikki yuzdan ziyod davlat bayroqlari orasida men uchun eng chiroylisi, eng go‘zali, eng jozibalisi O‘zbekiston bayrog‘i edi. Go‘yo bu bayroqni birinchi marta ko‘rayotganday uzoq termildim. Yashil, ko‘k, qizil, oq ranglariga, o‘n ikki yulduzga, hilolga mahliyo bo‘lib qaradim. 1992 yil 3 martdan buyon bizning davlat bayrog‘imiz dunyoning manaman degan davlatlari bayroqlari qatorida savlat to‘kib turibdi. Bu – istiqlol sharofati, mustaqillik natijasi. Bu kunlarga yetish uchun ne-ne ulug‘ ajdodlarimiz qurbon bo‘ldi. Bayrog‘imizdagi qizil rang Vatan, millat ozodligi, erki uchun kurashgan, shu yo‘lda aziz jonidan kechgan o‘sha bobolarimiz qonining ifodasidir. Shu bayroq mana shu yerda hilpirab turgani uchun ham biz Nyu-Yorkda yuribmiz, davlatimiz rahbarining kitobi asosida ishlangan hujjatli filmni Nyu-York, Vashington ahliga ko‘rsatmoqdamiz. Film bahona mamlakatimizning istiqlol yillarida erishgan yutuqlari haqida so‘zlab beryapmiz.

Bundan quvonmay, hayratga tushmay bo‘ladimi?!

O‘sha kunlar hayotimning eng unutilmas kunlari sifatida sira xotiramdan ko‘tarilmaydi. Bu voqealarni, BMT oldidagi bayrog‘imiz tagida suratga tushgan onlarni har gal eslaganimda to‘lqinlanib ketaman, qalbim faxr-iftixorga to‘lib-toshadi. Va Allohdan mustaqilligimizni abadiy qil, yurtimizni yomon ko‘zlardan o‘zing asra, deb iltijo qilaman.

Albatta, har bir davlatning yuzi – uning poytaxti. Shu bois AQSh poytaxti Vashington shahriga yo‘l oldik. O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasida film taqdimotini o‘tkazdik.

Vashingtonda eng mashhur bino – Kapitoliy. Yangi saylangan prezidentlar shu yerda qasamyod qabul qiladi, so‘ngra Oq uyga o‘tadi.

Shahar ko‘chalarida odatdagi mashrutlarda qatnaydigan avtobuslarga o‘xshamagan avtobuslarga ko‘zim tushdi. Sariq rangdagi bunday avtobuslar maktab o‘quvchilarini olib yurar ekan. Yoniga «Maktab avtobusi» deb yozilgan. Ular maktablar uchun maxsus ishlab chiqarilgan, zirhlangan bo‘lishi ham mumkin, deyishdi. Umuman, AQShda bolalarga alohida e’tibor bilan qarashadi. Xiyobonda yoki bolalar maydonlarida o‘ynab yurgan bolalarni ota-onasi ortiqcha koyishi mumkin emas, politsiya tanbeh beradi, hatto jarima soladi. Urish haqida-ku gap bo‘lishi mumkin emas.

Biz bolajon millatmiz. Farzandlarimiz odobli bo‘lishini istaymiz. Lekin tarbiyada qattiqqo‘llikni ba’zan juda oshirib yuboramiz. Natijada bolalarimiz ko‘pincha haddan ziyod tortinchoq, ayrim oilalarda mute bo‘lib o‘sadi, o‘z fikrini aytishdan tortinadi, hatto qo‘rqadi. Bu, tabiiyki, bolaning kelajagiga salbiy ta’sir qiladi. Bugun – XXI asrda masalaning bu jihatlari haqida ham jiddiyroq o‘ylab ko‘rsak yomon bo‘lmasdi.

Demak, dunyo bilan integratsiyalashayotgan zamonda o‘zgalardan boshqa sohalar qatori ta’lim-tarbiya borasida ham o‘rganishimiz mumkin bo‘lgan jihatlar borligini unutmasligimiz lozim. Ammo bular o‘zligimizni unutish, milliy urf-odatlarimizni oyoq osti qilish, xususan, ona tilimizni mensimaslik hisobiga bo‘lmasligi zarur. Zinhor-bazinhor bunga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Tan olishimiz kerak, biz ko‘pincha yo u tomonga, yoki bu zamonga o‘tib ketamiz, o‘rta yo‘lni topishga qiynalamiz yoxud erinamiz. Oson, yengil yo‘l har doim ham yaxshilikka eltavermaydi, kamolot, mukammallikka mashaqqat bilan erishiladi. Shuni unutmasak bas.

AQSh poytaxtida bir voqea esimda qolgan. To‘ychi bilan shahar ko‘chalarini aylandik. Bir joyda, ko‘cha bo‘yida bo‘yinbog‘ sotishayotgan ekan. Qiziqib ko‘ra boshladik. Shu mahal keksa bir kishi – tilanchi keldi oldimizga. Kepkasini ko‘rsatib, imo-ishora qildi. Kepka ichida bir, ikki dollar, balki undan yirikroq pullar bor edi. Uzoq yurtlarda, musofirchilikda yuribmiz, sadaqa qilay, deb cho‘ntagimni kavladim. Mayda pul yo‘q ekan. Tabiiyki, yirik pullarni berolmayman. Boshqa cho‘ntagimni ko‘rdim, tanga pullar, ya’ni, sentlar chiqdi, qanchaligini bilmayman. Shu sentlarni uning kepkasiga tashladim. Boyagi kishi buni ko‘rib, avzoyi buzildi, jahl bilan kepkasini yerga urdi. Ichidagi pullar har yonga sochilib ketdi. Sezdimki, shuni berasanmi, deb jahli chiqdi. Mening kulgim qistadi. «Ey, oshna, o‘zim sentni sentga ulab yurgan bo‘lsam yurtingda, senga ellik dollar bersam, keyin nima qilaman?» deb kuldim. Albatta, u mening gapimni tushunmadi, ammo yuz ifodamdan, aniqrog‘i, kulganimdan battar jahli chiqdi. To‘ychining bilagidan ushladim, yur, tezroq ketaylik bu yerdan, hozir bir baloga giriftor bo‘lamiz, dedim va yo‘limizda davom etdik. Boy mamlakatning gadoyi ham boy bo‘ladi shekilli-da. Uncha-munchani mensimaydi.

Yuqoridagi voqea 60-yillarda Toshkentda bo‘lgan bir voqeani esimga soldi. Toshkent davlat universiteti hozirgi yuridik universitet binosida edi u paytda. Biz shu binoda o‘qirdik. Yozning jaziramasida skverga (hozirgi Amir Temur xiyoboni) chiqib, salqinda dam olardik. Bir yahudiy ayol gazli suv sotardi, sirop qo‘shilgani uch tiyin, siropsizi bir tiyin bo‘lardi. Uch-to‘rt kursdosh shu bir tiyinlik suvdan ichib turgandik, tilanchi keldi. Men besh tiyin berdim. Uyalmaysanmi besh tiyin berishga, desa bo‘ladimi! Talaba bo‘lsam, o‘zimdan uch tiyinni qizg‘anib, siropsiz bir tiyinlik suv ichib turgan holda gadoyga besh tiyin bersamu, rahmat deyish o‘rniga, meni uyaltirsa! Yo tavba. O‘zi hirsday, ko‘rinishidan soppa-sog‘, tilanchilik qilishdan uyalmaydi-yu, besh tiyin bergan talabani uyaltiradi.

Vashingtondagi tilanchining qiliqlariga qarab, barchasining loyini bir joydan olarmikan, degan fikrga bordim...

Xullas, har qanday mamlakatda, har bir millatda boshqalar o‘rgansa arzigulik jihatlar bor. Shu bilan birga, jonajon O‘zbekistonda tug‘ilib, shu zaminda yashayotganimizdan, o‘zbek ekanimizdan faxrlanadigan, g‘ururlanadigan tomonlar ko‘p. Zero, hammasi taqqosda yaqqol namoyon bo‘ladi. Faqat har bir hodisa, voqea, urf-odat va an’anaga teran fikr, ziyrak aql, o‘tkir ko‘z bilan qarash darkor...

Mamatqul Hazratqulov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring