Va’daga vafo qilmagan sotuvchi yoxud uning insofga kelishini kutgan xaridor...
Iste’molchi Y.K. Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilishiga qadar ikki yil davomida nuqsonli televizor sotgan sotuvchi bilan kurashgan, uning bergan va’dalariga ishonib yuravergan yoki sotuvchining bir kun insofga kelib qolishiga umid qilganmi, buyog‘i bizga qorong‘u. Xullas, iste’molchi 2017-yili Farg‘ona shahridagi «Buyum bozori» hududida joylashgan savdo do‘konlarining biridan 450 AQSh dollariga «LG» rusumli televizor xarid qiladi.
Oradan bir oy o‘tib, televizorning nuqsonlari «bo‘y» ko‘rsatib, buzilib qoladi. Iste’molchi televizorni sotuvchiga olib kelib, yuzaga kelgan holat yuzasidan e’tirozlarini bildiradi.
Sotuvchi nuqsonlarni bepul bartaraf qilib berishga va’da berib, televizorni olib qoladi. Nuqsonlar bartaraf etilgani xabari berilgach, xonadonga qaytarib olib ketilgan televizor ikki haftada yana buziladi. Qo‘yingki, bu holat ikki yil davom etib, televizor sotuvchining huzuriga besh marta olib kelinib, besh marta olib ketilgan.
Televizor beshinchi marta sotuvchiga qaytarilgach, iste’molchining ko‘nglida «Televizor nega buzilaveradi, balki menga avval ishlatilgan televizorni sotishganmikan?», degan shubha-gumonlar kuchayib, u sotuvchidan televizorni qayerda tuzatishayotganini so‘raydi.
Sotuvchi televizor har doimgidek «Samsung» servis markazidaligini, ustalar nuqsonlarni bartaraf qilayotganini aytgach, u servis markazi bilan bog‘lanib, o‘zining televizori haqida so‘rab surishtiradi.
Lekin ustalar markazga bunday televizor kelib tushmaganini ma’lum qiladi.
Shundan so‘ng iste’molchi o‘z kuchi bilan huquqlarini to‘la ro‘yobga chiqara olmasligi, unga bu borada biror-bir tashkilot yordami zarurligini anglab yetib, Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qiladi.
Natijada iste’molchining nuqsonli mahsuloti maqbul sifatlisiga almashtirildi.
Nodirjon Toshkanov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter