Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Va’daboz tashkilot». Qashqadaryo «Matbuot tarqatuvchi» ShK atrofidagi mashmashalar

«Va’daboz tashkilot». Qashqadaryo «Matbuot tarqatuvchi» ShK atrofidagi mashmashalar

Foto: «Turon24»

Qashqadaryoda nashr etilayotgan bir qator gazeta va jurnallar viloyat «Matbuot tarqatuvchi» sho‘’ba korxonasi faoliyatidan norozi. Boisi, gazeta va jurnallarni obunachilarga tarqatishni kasb qilib olgan mazkur tashkilot tahririyatlarning obuna mablag‘larini o‘z vaqtida to‘lab bermasdan doimiy aldab kelar ekan. Bu haqda viloyatdagi matbuot nashrlarining bosh muharrirlari «Turon24»ga ma’lum qilgan.

«Matbuot tarqatuvchi» – va’daboz tashkilot», – deydi «Qashqadaryo sporti» gazetasi bosh muharriri Akbar Rahmonov. – Faqat aldaydi. Qashqadaryo viloyat «Matbuot tarqatuvchi» sho‘’ba korxonasi Chiroqchi tuman bo‘limida 40 mln so‘m pulimiz bor. 2017-yildan beri «pullaringni beramiz» deb faqat va’da beradi. «Matbuot tarqatuvchi»ning viloyat sho‘’ba korxonasi ham 2018-yil uchun berilishi lozim bo‘lgan uch yarim mln so‘m miqdoridagi obuna pulini haligacha to‘lab bergani yo‘q. Shartnomada tashkilot obuna pulining 25 foizidan 75 foizigacha bo‘lgan miqdorini yilning birinchi choragida tashlab berishi ko‘rsatilgan. Shartnoma shartlariga amal qilishga kelganda esa mas’ullarni topib bo‘lmaydi. Har yili tahririyatlarni sarson qilishadi.

«Pulimizni so‘rab, murojaat qilishdan charchadik», – deydi «Voha» gazetasi muassisi Bekzod Nazarov. – Ana beramiz, mana beramizdan nariga o‘tishmaydi. 20 marotabadan ko‘p murojaat qildik, ammo foydasi yo‘q. Pulimizni berishmayapti. Tahririyatimiz qiyin ahvolda. Yangi yil arafasida ishchi xodimlarimizga maosh, bayram puli berishimiz kerak-ku.

Ma’lum bo‘lishicha, Qarshi shahar hokimligi nashri – «Nasaf» gazetasi tahririyati Viloyat «Matbuot tarqatuvchi» sho‘’ba korxonasidan 10 mln so‘mdan ortiq obuna pullarini ololmayotganligi bois, gazeta oktyabr, noyabr va dekabr oylarida umuman chop etilmayotgan ekan.

«Viloyat «Matbuot tarqatuvchi» sho‘’ba korxonasi bilan har yili muammoga duch kelamiz, – deydi «Nasaf» gazetasi bosh muharriri Zebo Qosimova. – Sababi ular hech qachon o‘z vaqtida pulimizni berishmaydi. Shu boisdan xodimlarga o‘z vaqtida maosh to‘lash, soliq qarzdorliklari va gazetaning bosmaxona xarajatlari kechikib ketadi. 10 mln so‘mdan ortiq obuna pulimizni berishmagani sabab oxirgi uch oyda gazetamiz umuman chop etilmayapti».

«Nasaf» gazetasining obuna puli qanchayu, bosmaxonasining puli qancha bo‘lardi», – deydi Qashqadaryo viloyat «Matbuot tarqatuvchi» sho‘’ba korxonasi rahbari Tirkash Ochilov. – Qolaversa, biz ushbu tahririyatning pulini to‘lab berganmiz».

Tirkash Ochilovning ma’lum qilishicha, «Nasaf» gazetasiga korxona 6 noyabr kuni obuna pulidan ikki yarim mln so‘m o‘tkazib bergan.

«Korxona rahbariga 2 marta rasmiy xat berib, qarzdorligini bartaraf etishni so‘rab, ogohlantirganmiz», – deydi «Nasaf» gazetasi bosh muharriri Zebo Qosimova. – Hatto Matbuot va axborot agentligiga ham murojaat qildik. O‘shanda «Matbuot tarqatuvchi»ning respublikadagi vakillaridan Qosimov degan kishi kelib, holatni o‘rgangan edi. Dalolatnoma ham tuzilgan. Oktyabr oyiga qadar pulimizni to‘lab berishlari haqida aytishgandi. Ammo noyabr oyining boshida atigi ikki yarim mln pul berishdi xolos.

Viloyat «Matbuot tarqatuvchi» sho‘’ba korxonasi rahbari Tirkash Ochilovning aytishicha, korxonaning gazeta va jurnallardan katta miqdordagi qarzdorligiga sabab Chiroqchi tumani xalq ta’limi bo‘limi va tuman tibbiyot birlashmasi tashkilotning 600 mln so‘mga yaqin pulini o‘z vaqtida to‘lab bermayotganligi ekan.

«Opa ko‘p o‘yin qildi», – deydi Tirkash Ochilov. – Avvaliga tuman xalq ta’limi bo‘limining bizdan 416 mln so‘mdan ortiq qarzdorligini tan olmadi. Keyin «bu yilgi obuna pulidan to‘lab beraman», dedi. Aslida bizning ishimizga pand bergani ham shu bo‘ldi. O‘tgan yili viloyat hokimligi zalida u kishiga rahmatnoma ham e’lon qilingandi. Obunani yaxshi tashkil etgani uchun. Ammo pulini to‘lashga kelganda tan olmadi. Dastlab kam-kamdan pul o‘tkazib turishdi. Keyin pul o‘tishi umuman to‘xtadi. Xaligacha pulimizni ololganimiz yo‘q. Tumandagi vakilimiz eshigining tagiga yotib olgan».

«Tuman xalq ta’limi bo‘limining matbuot tarqatuvchidan hech qanday qarzdorligi yo‘q», – deydi Chiroqchi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Nazira Abrayeva. – Tashkilot «2015-yildan beri tuman xalq ta’limining bizdan qarzi bor» deb keladi. 2016–2017-yillarda ham shunday deyishdi. Aslida 2015–2016-yili gazetalar obunasi uchun 800 mln so‘m o‘tkazib berganmiz. Qariyb 1 mlrd so‘m degani bu. Shunday ekan, qanday qilib biz yana qarzdor bo‘lishimiz mumkin?

Viloyat «Matbuot tarqatuvchi» sho‘’ba korxonasining Chiroqchi tumani bo‘limi vakili To‘ra Aliqulovning aytishicha, tashkilot obunachilar yetarli darajadagi pul to‘lashmasa ham obuna qilindi deb «kvitansiya» yozib beravergan. Natijada esa aytilayotgan mablag‘ darajasiga yetgan.

«Tuman xalq ta’limi bo‘limi ham, tibbiyot birlashmasi ham qarzdorlikni tan olmayapti», – deydi To‘ra Aliqulov. – «Aslida shartnomamiz bo‘lsa-da, «sverka» bo‘lmagan-da. Shuning uchun ham ular kafolat xatlari bo‘lishsa ham qarzdorlikni tan olmayapti. O‘sha paytda tuman hokimligi tomonidan «Obuna qilish kerak» degan topshiriq bo‘lardi. Topshiriqqa asosan ular obuna qilaylik deb kelishsa «kvitansiya» yozib beraverganmiz. Shuning uchun o‘zimiz ham juda qiynalib ketdik».

Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasi bosh shifokori To‘lqin Ashurov o‘zi ishlayotgan muassasaning viloyat «Matbuot tarqatuvchi» sho‘’ba korxonasidan 155 mln so‘mdan ortiq qarzdorligi borligini inkor qildi.

Surishtiruv davomida viloyat «Matbuot tarqatuvchi» sho‘’ba korxonasi «Qashqadaryo» gazetasidan 5 millionga yaqin, «Barkamol avlod» gazetasidan 23 mln, «Daryo» gazetasidan 2 millionga yaqin, «Sohibqiron yulduzi» jurnalidan 13,5 mln so‘m qarzi borligini aniqladi. Gazetalar mas’ullarining aytishicha, tashkilot yil davomida tahririyatlarga obuna pullarini deyarli o‘tkazmagan.

«Matbuot tarqatuvchi»ning viloyatdagi mutasaddisi Tirkash Ochilov esa faqatgina 5 ta gazetadan nari borsa 15 mln qarzdorligi borligini tan olgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring