Uy olish uchun buyrakni sotish mumkinmi? Musulmonlar idorasi javob berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda muhtojlik yoki zarurat yuzasidan inson tana a’zolarini sotishi borasida muhokamalar bo‘lib turadi. Vatandoshlarimizdan biri O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markaziga «Uyimiz yuq. Uy olish uchun buyragimni sotsam bo‘ladimi? Bu harom yoki gunohmasmi?» deya savol yo‘llagan. Vakolatli ulamolar ushbu masalaga oydinlik kiritgan.
«Inson o‘zining a’zolariga haqiqiy ega hisoblanmaydi, balki ular Allohniki va insonga omonatga berilgan. Shuning uchun shariatimizda odam o‘z a’zolarini sotishga haqqi yo‘q. Bu savdo botil, bekor. Bu ishini qilgan kishi va bunga yordam berganlar gunohkor bo‘ladi. Vallohu a’lam», – deyiladi Fatvo markazi javobida.
O‘zbekistonda 2017 yildan buyrak transplantatsiyasi amaliyotlari o‘tkazila boshlagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda mamlakatimizda bir ming buyrak donor kutayotganlar bor.
O‘zbekiston prezidentining 2021 yil 4 oktyabrdagi qarorida 2022 yil yakunigacha barcha hududlarda buyrak transplantatsiyasi amaliyotini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilangan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev bir muddat avval «Inson a’zolari va to‘qimalari donorligi hamda ularni ko‘chirib o‘tkazish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamasi munosabati bilan mamlakatda noqonuniy «buyrak bozori» paydo bo‘lishi xavfidan ogohlantirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, parlament yuqori palatasi (Senat) 2022 yil iyun oyida ma’qullagan Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, insonni o‘z a’zolarini ko‘chirib o‘tkazishga rozilik berishga majburlaganlik uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter