Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Uy egasi faqat dollarda gaplashadi. Ko‘nsangiz, shu...

Uy egasi faqat dollarda gaplashadi. Ko‘nsangiz, shu...

Foto: «Zagranitsa»

Har qanday davlatda bo‘lganidek O‘zbekistonda ham ichki mehnat migratsiyasi kuzatiladi. Kimdir oliy o‘quv yurtini tamomlagandan so‘ng Toshkent shahrida ishda qoladi, kimdir Toshkentga viloyat yoki tumandan ishga keladi. Shunday ekan, Toshkent shahriga kelgan shaxs oldida bir qancha muammolar paydo bo‘ladi. Bu muammolarning eng asosiylardan biri uy-joy ijarasidir.

Toshkent shahrida ijarada turish uchun avvalambor uy kerak. Ehtiyojdan kelib chiqib u bir, ikki yoki uch xonali kvartira yoki hovli bo‘lishi mumkin. Ta’kidlab o‘tish kerakki, O‘zbekistonda ijaraga olish/berish tartibi bir qator normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi.

Kvartira topishning bir nechta usuli bor. Bu «kvartira bozori», gazeta, internet, ko‘chadagi (daraxt yo ustunlarga yopishtirilgan) e’lonlardir. Avvalo shuni eslatib o‘tish joizki, O‘zbekiston hududida pul birligi so‘mdir. Shunga qaramay ko‘plab kvartira egalari ijara haqini AQSh dollarida belgilaydi. Nimaga degan savolga aniq javob yo‘q. Kimdir narxlarning oshib ketayotganini ro‘kach qiladi, kimdir so‘m qadrsizlanib ketayotganini. Aslida barchasi bahona. Agar O‘zbekiston fuqarosi ish joyidan maoshni AQSh dollarida olayotgan bo‘lsa, marhamat, ijara haqini dollarda to‘lasin, ammo yurtimizda kim dollarda ish haqi oladi? O‘z navbatida, bu yerda bir nechta muammo paydo bo‘ladi.

1. Masalan, bir talaba Toshkent shahridagi nufuzli oliy o‘quv yurtini tamomladi. Uning iqtidori va bilimini hisobga olgan rektorat xodimlari bitiruvchini bir vazirlikka yo‘llashdi. U suhbatdan o‘tdi va ish boshlaydigan bo‘ldi. Ish haqi 1 million 500 ming so‘m etib belgilandi. Toshkent shahrida eng arzon ijara haqi 100 dollarga (o‘rta hisobda 810 000 so‘m) teng. Ta’kidlash joizki, 100 dollarlik kvartiralar odatda shahar chetida yoki transport (ayniqsa metro) qatnovi noqulay bo‘lgan joyda bo‘ladi. Markazdagi 1 xonali kvartiralarning oylik ijarasi narxi kamida 150 dollardan boshlanadi (ikki va uch xonali 200-300 dollarlik kvartiralar haqida gapirmasa ham bo‘ladi). Afsuski, uy egalarining aksariyati so‘mda hisob-kitob qilishni istamaydi. Moliya vazirligiga ishga kirgan yangi xodim har oyda 100 dollarni qayerdan oladi? Buning ustiga dollarning rasmiy kursi o‘zgarib turadi, ko‘pincha ko‘tariladi.

2. Yigit uy topgandan so‘ng uy egasi bilan shartnoma tuzadi. Shartnomada ko‘rsatilgan har oylik ijara haqi (de-yure) 300 ming so‘m, aslida esa (de-fakto) 100 dollar + kommunal to‘lovlar. Bundan tashqari, yigit internetdan foydalanadi, axborotlarni bilish uchun televizor ko‘radi, yozning issiq kunlarida konditsionerdan foydalanadi, natijada barchasini hisobga olgan holda ijara haqi bir oyda o‘rtacha 1 million so‘mni tashkil qiladi. Ya’ni, har oyda olayotgan maoshining 50 foizi ijaraga ketmoqda. Uy egasi esa ijara shartnomasida ko‘rsatilgan 300 ming so‘mdan kelib chiqqan soliqni to‘lamoqda.

To‘g‘ri, buni ham tartibga solish mumkin. Profilaktika inspektorlari, mahalla faollari, soliq va prokuratura organlari xodimlari Toshkent shahri bo‘ylab bitta monitoring tashkil qilishsa barchasi ayon bo‘ladi. Buning uchun notarial tasdiqlangan barcha shartnomalar o‘rganiladi va haqiqiy hayot bilan qiyoslanadi. Ishoning, «200-300 ming so‘mlik» ko‘p shartnomalar aslida «100-150 dollarlik» bo‘lib chiqadi.

Savol tug‘iladi: ijara beruvchining vijdoni bormi? Hayotimizdagi barcha harakatlarni faqat qonun bilan tartibga solish to‘g‘ri emas, ya’ni turli xil tekshiruvlar, monitoring yoki jazo. Ijara to‘lovining minimal stavkasi normativ-huquqiy hujjatlarda ko‘rsatilgan, O‘zbekistonda yashash sharoiti barchaga ma’lum, hech bo‘lmasa vijdonan ijara haqi so‘mda olinib, ijara to‘lovi hayotga, ko‘pchilik olayotgan ish haqiga mos ravishda belgilansin. Agar ko‘pchilik o‘z maoshining 50-70 foizini har oyda ijara beruvchiga beraversa, u qachon o‘zi uchun uy yoki mashina sotib oladi, oilasi, farzandlarining kelajagi uchun pul yig‘adi?

Ko‘pchilik yuqoridagilarni o‘qib, «shartnoma tuzilayotganda nimaga ijarachi haqini talab qilmaydi, nimaga o‘z huquqini bilmaydi?» deyishingiz mumkin. Buning sababini quyidagi telefon orqali qilingan suhbatdan bilib olishingiz mumkin. Suhbat bir xonali kvartira ijarasi haqida.

— Assalomu alaykum.

— Salom.

— Kvartirani ijaraga berayotgan ekansiz. Qizikdik.

— Kvartirada o‘zingiz turasizmi? Necha kishisizlar? Studentmisiz?

— Yo‘q, oilam, uchta farzandim bor. Student emasman. Ota-onam ham kelib turadi ba’zida.

— Uy meniki emas. Men maklerman. Uy egasi oilalilarni yomon ko‘radi, ayniqsa bolalaringiz bo‘lsa. Studentlar umuman qo‘yilmaydi. Unga ortiqcha muammo kerak emas, ammo uni ko‘ndirishga harakat qilaman.

— Qiziq. Ijara haqi qancha?

— Ijara haqi 150 dollar, kami yo‘q. Uy metroning oldida. Shartnoma qilib beradi. Bundan tashqari svet, gaz, telefon va suv haqini o‘zingiz to‘laysiz. Kerak bo‘lsa, televizor olib kelib beradi. Bir uyni ko‘ring, agar ma’qul kelsa, mening haqim 50 foiz.

— Qanaqa xaq?

— Uyni topib berganim uchun. Menga 75 dollar berasizlar.

— Xo‘p, aka, so‘mda to‘lasa bo‘ladimi? Men davlat ishida ishlayman. Oylikni so‘mda olaman.

— 150 dollar, tamom-vassalom. O‘zi bu kvartira 200 dollar, yanayam arzon qilib qo‘ydik, kliyent bo‘lmagani uchun. Uy egasi so‘mda gaplashmaydi, faqat dollarda gaplashadi.

— To‘g‘ri tushuning, men dollarni har oyda qayerdan olaman?

— E-e-e, boshimni qotirmang. Xohlasangiz shu, xohlamasangiz boshqa. Salomat bo‘ling.

Shu bilan suhbat nihoyasiga yetdi. Agar fuqaro Amerikada yashab, ish haqi dollarda bo‘lganida, balki muammo bo‘lmasdi. Ammo bu yer O‘zbekiston va bizning milliy valyutamiz — so‘m.

Siz suhbatda keltirilgan faktlar bilan hayotdagi muammolarni qiyoslang. Uy egasi oilali insonlarni va bolalilarni yomon ko‘radi, 150 dollardan boshqasini istamaydi, barcha xarajatlarni ijarachi to‘laydi va maklerga 75 dollar beriladi.

Endi maosh 1 million 500 ming so‘m deylik, markazdagi 1 xonali kvartira esa kamida 150 dollar (o‘rtacha 1 million 215 ming so‘m). Oylik maoshning yarmidan ko‘pi ijaraga sarflanmoqda. Bolalarni kiyintirish, ota-onaga g‘amxo‘rlik qilish, kundalik oziq-ovqat va boshqa xarajatlar hisobga olinsa, umuman hayot kechirishning o‘zi qiyin bo‘lib qoladi.

Siz «agar oilali bo‘lsa nimaga turmush o‘rtog‘i ishlamaydi, ishlasa ijarada turishga ham qiynalishmaydi» deyishingiz mumkin. Unda keling, bir hisob-kitob qilib ko‘raylik:

Oylik ijara haqi

(bir xonali kvartira)

Oylik daromad

(ikki kishi uchun)

Oylik xarajat

(uch kishi uchun)

 

 

 

 

 

150 dollar

(1 million 215 ming so‘m )

 

 

Er (davlat ishi) —

1 million 500 ming so‘m maosh

 

O‘rtacha yo‘lkira haqi —

125 ming so‘m

O‘rtacha tushlik xarajati –

415 ming so‘m

O‘rtacha uy uchun oziq-ovqat –

300 ming so‘m

 

 

Xotin (ta’lim tizimi) —

800 ming so‘m maosh

 

 

O‘rtacha kommunal to‘lovlar —

100 ming so‘m

O‘rtacha 5 yoshli farzand uchun –

200 ming so‘m (bog‘cha va b.)

Boshqa mayda xarajatlar –

50 ming so‘m

Jami

1 215 000 so‘m

2 300 000 so‘m

1 190 000

Oylik xarajatlarga ijara haqini qo‘shsangiz, 2 million 405 ming so‘m bo‘layapti. Ko‘rib turganingizdek, ikki kishining oyligidan minimal ehtiyojlar uchun 105 ming so‘m yetmayapti. Ushbu jadval o‘rtacha hisoblandi, ya’ni yo‘lkira — 25 kun faqat metroda bitta yo‘nalishda borish va kelish, tushlik narxi — bir porsiya ovqat o‘rtacha 8 ming so‘m bo‘lgan taqdirda va hokazo. Hali yuqoridagi oylik xarajatlarga dori-darmon (kasal bo‘lish ehtimoli bor), turli xil xarajatlar (do‘stlar bilan uchrashuv, mehmon kelishi), kiyim-kechak va boshqalar kiritilmadi. Bir oyda hech bo‘lmaganda bir marta viloyatga borib ota-ona va qarindoshlarni ko‘rib kelish, milliy urf-odatlar bilan bog‘liq tadbirlarda qatnashish xarajatlari umuman inobatga olinmadi.

Yuqoridagilarni hisobga olib, Toshkent shahrida ijara to‘lovini aniq va hayotga mos ravishda belgilash zarur. Masalan, poytaxtda har bir m2 uchun o‘rtacha 15 ming so‘m bo‘lsa, shunda bir xonali kvartira (o‘rtacha 40 m2) uchun ijara haqi 600 ming so‘mni tashkil etadi. Agar ijara haqi 600 ming so‘m bo‘lsa, bu Toshkentda ishlayotgan odamlarning ish haqiga ham mos keladi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Oylik soliq 10 foiz bo‘lsa, ijara beruvchi har oyda davlat g‘aznasiga 60 ming so‘m miqdorida soliq to‘laydi.

Tabiiy savol tug‘iladi. Bitta kvartira talab darajasida remont qilingan hamda barcha qulayliklarga ega bo‘lsa-yu, boshqa kvartira bo‘m-bo‘sh, bitta stol va karovati bo‘lsa, ijara narxining bir xilligi mantiqqa to‘g‘ri keladimi? Buning uchun ijara munosabatlarida uy sharoitini inobatga olish zarur. Shunda uyning holatiga qarab ijara haqi har bir m2 uchun 10-20 ming so‘m oralig‘ida hisoblanadi. Uyning holati esa uy egasi va ijarachi tomonidan aniqlanadi.

Ijara haqini AQSh dollarida berishni esa faqatgina ma’muriy jazo va monitoring bilan hal qilsa bo‘ladi. Qachongacha ijaraga beruvchilar soliqdan qochadi va barcha muammolar ijarachining bo‘ynida turaveradi? To‘g‘ri, iloji yo‘qligidan ijarachilar ko‘p narsalarga ko‘z yumishadi va indashmaydi, ammo sabrning ham chegarasi bor-ku!

Ma’lumotlarga ko‘ra, yaqin orada aholining munosib hayot kechirishi «yashash minimumi» va «iste’mol savatchasi» asosida zarur bo‘lgan daromadlarni aniqlash yo‘li bilan ta’minlanadi. Bu 2017 – 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasiga kiritilgan. Umid qilamizki, yuqorida aytilgan fikrlar ham hisob-kitob vaqtida inobatga olinadi.

Ta’kidlab o‘tish joizki, ijara to‘lovi bilan bog‘liq muammolar nafaqat O‘zbekistonda, balki jahonda ham kuzatilmoqda. «Business Insider» ma’lumotiga ko‘ra, ko‘plab rivojlangan davlatlarda ijara haqi o‘rtacha maoshning salkam 50 foizini tashkil etmoqda va bu ijarachilarning cho‘ntagiga jiddiy zarar yetkazmoqda. Masalan, San-Fransiskoda bir xonali kvartiraning bir oylik ijarasi narxi o‘rtacha maoshning 47 foiziga, Londonda 45, Gonkongda 44, Tokioda 42, Nyu-York, Singapur va Rimda 40 foiziga teng. To‘g‘ri, balki bizning ijara beruvchilar va maklerlar ham «jahon tajribasini o‘rgangan» holda narxni belgilashayotgandir, ammo hech bo‘lmasa rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shilib olaylik, keyin ijara haqi maoshimizning 50 foizini tashkil etsin. 

Mutasaddi idoralar Toshkent shahridagi ijara bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganishadi, muammoni qonun doirasida hal qilishadi deb umid qilamiz.

Ulug‘bek Akbarov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring