Uchquduqlik chilangarning iqtidorini ko‘ring. Qoyilmisiz? (foto)
Suratdagi ot haykalini ko‘ryapsiz-a? Uning muallifi dong‘i ketgan haykaltarosh emas, balki oddiy chilangar yigit: Anvar Sulaymonov. Yigirma olti yoshda. Uchquduqlik. NKMK Shimoliy kon boshqarmasida ishlaydi. U yasagan ot haykali Uchquduqdagi «Oltin ko‘l» majmuasiga qo‘shimcha ko‘rk berib turibdi.
Anvar otni yasash uchun 35 kun vaqt sarfladi. Karkas tayyorlash uchun 15 kun vaqt kerak bo‘ldi. Otning tana qismi temirdan. Metall chiqindilarini bir-biriga payvandlab tayyorladi. Haykal 400 kilo tosh bosadi. Yollari metall trossdan. Oyoqlar tik turishi uchun 102 sm.li trubadan foydalandi.
Anvarning aytishicha, otning kallasi tanasiga mos tushmagani uchun 3 marta qayta tayyorlashga to‘g‘ri keldi. U haykaltarosh emas, balki bu hunar uning «xobbi»si. U yana ot haykali yasamoqchi. Bu galgisi oq rangda va ertakdagilardagidek qanotlari bo‘ladi. E’tiborlisi shundaki, Anvar bu ishi uchun hech qanday rag‘bat olmadi. Faqat istirohat bog‘iga dam olish uchun kelayotganlar qiziqish bilan uning «oti» yonida suratga tushayotganlarini ko‘rsa, quvonchini hech narsa bilan tenglashtirmaydi.
Haqiqiy iqtidorlar yonimizda... Ularni o‘z vaqtida ilg‘ay olsak bas!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter