Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toza suv dardida. Zarafshonning suvi olis hududlarga yetkazib berilmoqda

Toza suv dardida. Zarafshonning suvi olis hududlarga yetkazib berilmoqda

Jizzax viloyatining eng katta muammolaridan biri — ichimlik suvi. Ayniqsa cho‘l hududlarida bu muammo yanada og‘ir. Qishloqlarga kirar ekansiz, chelakdan tortib og‘irdan-og‘ir flyagalar ko‘tarib yurgan odamlarga tez-tez duch kelasiz. Yomon tomoni, ular orasida ayollar va bolalar ham bor.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Jizzax viloyatini ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha katta loyihaga qo‘l urildi. Loyiha 2022 yilning birinchi yarim yilligida to‘liq yakunlanishi kutilmoqda. Natijada Jizzax shahri va Baxmal, G‘allaorol, Sh. Rashidov, Do‘stlik, Paxtakor, Mirzacho‘l tumanlarida istiqomat qiluvchi 710 mingdan ortiq axolini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash yaxshilanadi. Unga ko‘ra, viloyat aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 54,1 foizdan 68,3 foizga yetkaziladi.

Bugungi kunda Zarafshon daryosining suvi «Tuya tortar» kanalining boshlanish qismidan olinib, tindirilib, birinchi ko‘tarma nasos stansiyasi orqali quvvati kuniga 100 ming kub metr bo‘lgan «Uzunbuloq» suv tozalash inshootiga 16 km masofaga magistral suv quvurlari orqali olib kelindi.

Daryo suvi zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimda boshqariladigan inshootda to‘liq tozalanib, ichimlik suvi standartlariga mos xolga keltirilib magistral suv quvurlari orqali Jizzax shahri suv taqsimlash inshootiga yetkazib berilmoqda.

Loyihaning umumiy qiymati 579,5 mlrd. so‘mni tashkil etib, bugungi kunga qadar ob’yektda 399,5 mlrd, so‘m mablag‘ o‘zlashtirildi hamda ushbu mablag‘lar hisobidan jami 92,5 km magistral suv tarmoqlari qurildi.

Navbatdagi bosqichda Jizzax suv taqsimlash inshootidan Sh. Rashidov, Paxtakor, Do‘stlik va Mirzacho‘l tumanlarigacha 89,8 km suv quvurlarini qurish ishlari olib borilmoqda. Ushbu jarayon yakuniga yetgandan so‘ng Jizzax shahri va tuman markazlarida uzluksiz suv ta’minoti yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring