Toshkentning o‘rtasida suvsiz cho‘lda qolganlar yoxud «o‘gay»larni kim eshitadi? (video)
Yunusobod tumani Yangi tarnov ko‘chasidagi ayrim xonadonlarda 2022 yil yanvar oyidan buyon ichimlik suvi yo‘q. 11 ta oilada 50 dan ziyod inson shahar o‘rtasida yashashiga qaramay, barcha sharoitdan mosuvo, ichimlik suvini uzoqdan tashiydi yoki sotib oladi.
Suv chiqmay qo‘ygani uchun hammom, hojatxona, oshxona ishlamaydi. Shu yerdagi xonadonlardan birida istiqomat qiluvchi, bizga shikoyat yo‘llagan Mo‘min Mirsaidovning izoh berishicha, ushbu masala bo‘yicha murojaat qilmagan joyi qolmagan. Gap shundaki, bu xonadonlar (eski Lok-bo‘yoq) Crafers korxonasi va (eski O‘zbekselmash zavodi) Kichik sanoat zonasi o‘rtasida joylashgan va har ikki tomon suvni uzib qo‘ygan.
Shundan so‘ng bu yerda yashovchi xonadon a’zolari birin-ketin yuqori tashkilotlarga murojaat qilishadi.
2022 yilning avgust oyida Yunusobod tuman hokimligidan quyidagi mazmunda javob xati keladi: «Yunusobod tuman hokimligi sizning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining veb-sayti orqali ichimlik suvi yo‘qligi bo‘yicha murojaatingiz yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi. Sizning murojaatingiz, tuman «SUVTA’MINOTI» korxonasi xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilgan hamda murojaatda ko‘rsatilgan suv quvurlari Crafers shokolad zavodi qurilishida uzib qo‘yilgan. «SUVTA’MINOTI» korxonasi vakolati doirasida magistral ichimlik suv quvuriga ulanish joyi ko‘rsatildi...»
Shahar suv tarmoqlari boshqarmasi javobi ham magistral suv quvuriga ulanish tavsiyasi bilan chegaralanadi: «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 194-qarori, 2-ilovasi 11-bandiga asosan ISKX tashkilotlari bilan iste’molchilar, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari o‘rtasidagi, kommunal suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarish elementlari (ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlari, inshootlari, qurilmalari)ga xizmat ko‘rsatish, ularning texnik holatini saqlash va foydalanish yuzasidan javobgarlik chegaralari etib, suv iste’moli uchun kommunal tarmoqqa ulanishini uzib qo‘yadigan kirish qulfi ichimlik suvga ulanish, iste’molchilarning ichki ichimlik suvi tizimining bir qismi hisoblanadi...».
Qarordagi uzundan-uzun jumlalarni tushunishga urinib ko‘rdik. Anglashimizcha, har ikkala korxona suvlariga o‘zi xo‘jayin: istasa beradi, istamasa yo‘q. Savol tug‘iladi: mahallada yashovchi «o‘gay» fuqarolarning taqdiri shu hududdagi korxonalarga bog‘liq ekan, oxirgi chora qanday?
Xullas, Toshkent shahar «Oʼzsuvtaʼminot» MChJ Yunusbod tumani bo‘limi ham mutaxassislari murojaatchilarni Yangi tarnov ko‘chasidan o‘tgan ichimlik suviga ulanishni tavsiya qiladi.
Aholiga ichimlik suvi yetkazib berishga mas’ul bo‘lgan barcha tashkilotlar yo‘l-yo‘riq ko‘rsatganidek, suv quvuriga ulanadigan asosiy nuqta 300 metr uzoqlikda, bizga murojaat qilgan aholi ta’kidlashicha esa kanalizatsiya va ichimlik suvi ulash uchun kerakli bo‘lgan uskunalar sotib olishga va quvur tortishga ularda mablag‘ yo‘q. Aholining imkoni bo‘lganida bir yildan beri suvsiz o‘tirmasdi va murojaat qilib ovora bo‘lishmasdi.
– Bu borada biz Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga ham murojaat qildik, ammo ular sizlarga javobni telegramm orqali uzatganmiz, degan gap bilan kifoyalanishdi, lekin telegram orqali biz hech qanday javob olmadik, – deydi fuqaro M.Mirsaidov. – Biz iste’molchimiz, demak biz iste’mol qiladigan har qanday xizmat turi xonadonimizgacha kirib kelishi kerak, deb hisoblayman. Xonadonimiz ichidagi holatga esa o‘zimiz javobgarmiz.
Biz ushbu murojaat yuzasidan Yangi tarnov mahalla oqsoqolining fikri bilan ham qiziqdik.
– Yangi tarnov ko‘chasidagi ahvoldan yaqinda xabar topdik, – deydi mahalla raisi Zokir aka. – Sektor boshlig‘i, uchastka inspektori, hokimiyatdagilar bilan birga borganimizda shu xonadonlarda kanalizatsiya va ichimlik suvining yo‘qligini bilib qoldik. Hozir avvalgidek bir ish hal bo‘lishi uchun uzoq kutmaymiz. Nasib bo‘lsa bu yil dasturga kiritiladi, mablag‘ ajratilsa, suv va kanalizatsiya muammosini hal qilamiz.
Ketayotganimizda oqsoqol «tez orada mahallada bunday muammoli joylar qolmaydi», deya ishonch bilan gapirdi. Biz ham yaqin orada aholining ichimlik suvga va kanalizatsiyaga bo‘lgan talabi qondirilishiga ishonamiz va ushbu mavzuga yana qaytamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter