Toshkentning brendi nima uchun ishlab chiqildi?
Toshkent shahar hokimligida poytaxt brendining taqdimoti tashkil qilindi. Taqdimotda brenddan foydalanish uslublari, shaharning ijobiy qiyofasi hamda imijini brend orqali ko‘rsatish haqida gap bordi.
Toshkent shahar Jamoatchilik kengashining raisi Hikmat Abdurahmonov brend nafaqat poytaxt qiyofasini, balki uning iqtisodiy salohiyati, O‘zbekistondagi hududlar orasida o‘ziga xos raqobatbardoshligi jihatlari, unda ilm-fan, innovatsion loyihalar jadal sur’atlar bilan takomillashib borayotganini aks etishini ta’kidladi.
Brendni ishlab chiqqan «MA’NO branding» kompaniyasining asoschisi Elina Ibragimova hamda dizayner Timur Sa’diylar brend tasviridagi ramz va belgilarning o‘ziga xos tasviriga izoh berishdi.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning iyulida Toshkent shahar jamoatchilik kengashining ekspertlari Toshkent shahar brendi ustida ish olib borishdi. Poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Bir necha oy mobaynida davom etgan Toshkent shahrining brend tanlovida 118 nafar rassom hamda dizaynerlarning 310 dan ortiq ishini ko‘rib chiqdi. Noyabr oyida saralab olingan 6 ta ish Toshkent shahar deputatlar kengashiga taqdim qilindi, deputatlar kengashining 2019 yil 12 yanvarda qabul qilingan qaroriga ko‘ra «MA’NO branding» kompaniyasining brend tasviri tasdiqlandi.
Toshkent shahrining turizm brendida oltin rangda poytaxtning ochiq darvozalari va «T» harfi shaklidagi Toshkentning tinchlik barqaror bo‘lgan musaffo osmoni tasvirlangan. Ushbu tasvirlar Toshkent shahrida qut-baraka, faravonlik arimaslik ramzini ifodalaydi.
Toshkent shahri brendi tasviridan sayyohlar uchun buyumlar, esdalik sovg‘alari ishlab chiqarishda foydalanish mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter