Toshkentdagi avariyalarda haydovchi aybdormi yoki piyoda?

Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasidan xabar qilishlaricha, 25-mart kuni soat 20:30 larda G‘afur G‘ulom ko‘chasida 1998-yilda tug‘ilgan M.Yu. shaxsiy «Spark» avtomashinasini boshqarib ketayotib, piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan yashnobodlik 26 yoshli I.U.ni urib yuborgan. Natijada jabrlanuvchiga «chap boldir suyaklari pastki uchligidan yopiq sinib-siljishi» tashxisi bilan tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Uchtepa tumanida ham 26-mart kuni soat 7:25 larda 1983-yilda tug‘ilgan, masjid imomi K.T. «Spark» avtomashinasida bektemirlik, 2001-yilda tug‘ilgan kollej o‘quvchisi R.T.ni urib yuborgan. Jabrlanuvchi «o‘ng boldir suyagi sinishi» tashxisi bilan shifoxonaga yetkazilgan va tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Oradan ikki yarim soat o‘tgach Toshkentning yana bir burchagida, ya’ni Mirobod tumani Nukus-Avliyoota ko‘chalari chorrahasida 1979-yilda tug‘ilgan J.A. «VAZ-2110» rusumli avtoulovini boshqarib ketayotib piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan, 1990-yilda tug‘ilgan uchtepalik Yu.I.ni urib ketgan. Unga «o‘ng tizza bog‘lami qisman uzilishi va gemaotrozi» tashxisi bilan tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Shuningdek, Olmazor tumani Forobiy ko‘chasida ham 19-mart kuni soat 21:00 larda 1992-yilda tug‘ilgan A.G. «Matiz» avtomashinasini boshqarib ketayotib, yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tayotgan piyodani urib yuborgan. Natijada 1967-yilda tug‘ilgan uchtepalik S.A.ga «chap yelka suyagi sinishi» tashxisi bilan tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Biroq haydovchi mazkur hodisa haqida militsiyaga xabar berish o‘rniga voqea joyidan ketib qolgan. Tezkor qidiruv va surishtiruv ishlari natijasida haydovchi 26 mart kuni aniqlandi.
Hozir yuqoridagi holatlar yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Afsus, gohida haydovchining aybi bilan, gohida piyodaning aybi bilan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lmoqda. Qoidalarga amal qilmaganimiz, besh daqiqa avval bo‘lmasa, besh daqiqa kechroq yetishimiz mumkin bo‘lgan manzilga shoshilganimiz uchun shu voqealar yuz berdi. Afsuslanarlisi qilg‘ilikni qilgan haydovchilarning ayrimlari jabrlanuvchiga yordam berish o‘rniga juftakni rostlagani bo‘ldi. Kimdan, qayerga qochasan deging keladi ularga. Axir poytaxtda yo‘llarga kamera o‘rnatilgan bo‘lsa.
Baribir barchasi uchun qonun oldida javob berishga to‘g‘ri keladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter