Toshkentda hayvon urushtirish taqiqlanishi mumkin: IIBB bu bo‘yicha taklif tayyorlamoqda

Toshkent shahar IIBB hayvonlarga shafqatsizlik qilganlik uchun javobgarlikni og‘irlashtirish va hayvonlar jangini taqiqlash bo‘yicha taklif tayyorlamoqda. Bu haqda IIBB rasmiy saytida xabar berildi.
«So‘nggi vaqtlarda Internet tarmoqlarida respublikamiz hududida, xususan Toshkent shahrida uyushtirilayotgan itlar janglari haqida ko‘p xabarlar paydo bo‘lmoqda. O‘tgan haftada «IIBB: xalq bilan muloqot» guruhida Sergeli tumanida bo‘lib o‘tayotgan itlar jangi to‘g‘risida norozilik bilan xabar qoldirildi. IIBB shu zahotiyoq ushbu xabarda qoldirilgan ma’lumotni o‘rganishga kirishdi. «Ko‘rgazma» sifatida e’lon qilingan ushbu tadbir tashkilotchisiga nisbatan chora ko‘rildi: voqea joyiga Sergeli tumani IIO FMB va Milliy gvardiya xodimlari yetib kelishib, itlar jangini to‘xtatishdi. Ma’muriy sud «Uzbekskiy volkodav» jamiyati rahbarini O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 2001-moddasida («Ommaviy tadbirlar o‘tkazish qoidalarini buzish») ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topib, uni jarimaga tortdi.
Hozirgi vaqtda IIBB hayvonlarga shafqatsizlik qilganlik uchun javobgarlikni og‘irlashtirish va hayvonlar jangini taqiqlash bo‘yicha taklif tayyorlamoqda», deyiladi xabarda.
IIBB shuningdek, mazkur masal yuzasidan xorij davlatlari tajribasini misol sifatida keltirgan. Masalan, Rossiyada «Hayvonlarga mas’uliyatli munosabatda bo‘lish va Rossiya Federatsiyasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgarishlar kiritish to‘g‘risida»gi Federal qonun imzolanib, uning «Hayvonlarni shafqatsiz muomaladan himoya qilish» nomli 11-moddasida hayvonlar jangi tashkil etish va o‘tkazish taqiqlangan. Qonun shuningdek «hayvonlarga nafaqat shafqatsizlik qilish, balki shu bilan bog‘liq bo‘lgan kontent tarqatish»ni ham taqiqlaydi.
AQSh qonunlari ham itlar jangini taqiqlab, ularni uyushtirganlarni qattiq jazolaydi.
Buyuk Britaniyada shafqatsizlik jinoyat hisoblanib, 51 hafta muddatiga qamoq va 20 ming funt sterling miqdorida jarima bilan jazolanadi.
O‘zbekiston qonunchiligida hayvonlar jangini to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlaydigan modda yo‘q. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 111-moddasida («Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish») hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish ularning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, xuddi shuningdek hayvonlarni qiynash — eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter