To‘rtko‘ldagi suv toshqini bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumanida kanalda suv bosimi ortishi oqibatida uylarni suv bosgani xabar bergandik.
Holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosh prokuraturasi rasmiy ma’lumot berdi:
«Joriy yilning 24-fevral kuni tungi soat 03:00 larda To‘rtko‘l tumani, «Kaltaminor» OFY hududidan o‘tuvchi «Kaltaminor-1» kanalining o‘ng qirg‘og‘ida suvning ko‘tarilishi hisobiga kengligi 5 m, chuqurligi 1,78 m bo‘lgan suv toshib chiqishi hodisasi sodir bo‘lgan.
Toshqin natijasida shu hududda yashovchi 7 nafar fuqaroning yashash uyi va yordamchi xo‘jalik inshootlariga zarar yetgan. Suv toshqini jarayonida jarohatlangan fuqarolar bo‘lmagan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan shu kuni soat 07:00 ga qadar suv toshqini bartaraf etilib, to‘planib qolgan suvdan hovli yer maydonlari tozalangan.
Shu kunning o‘zida hodisa joyiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashi, Vazirlar Kengashi hamda respublika prokuraturasi mas’ullari yetib borib, vaziyat joyida o‘rganilib, suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha hududiy sektor rahbarlari hamda boshqa mas’ullarga tegishli topshiriqlar berilgan.
Mazkur holat yuzasidan shu kunning o‘zida To‘rtko‘l tuman prokuraturasi tomonidan «Paxta Arna Nayman» irrigatsiya tarmoqlari boshqarmasi va To‘rtko‘l tuman Irrigatsiya bo‘limi mansabdor shaxslari hamda boshqalarga nisbatan JKning 203, 207 va 229-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi doirasida fuqarolarga yetkazilgan zararni aniqlash yuzasidan ekspertiza tayinlangan.
Hozirda hodisa yuz berishiga sababchi bo‘lgan aybdorlarni aniqlashga qaratilgan tergov harakatlari olib borilmoqda, natijasiga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter