Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tog‘lar bag‘ridagi marvarid. Tojikistonning biz bilmagan sirlari (foto)

Tog‘lar bag‘ridagi marvarid. Tojikistonning biz bilmagan sirlari (foto)

Foto: «Xabar.uz»

Tojikiston — bu so‘zni eshitishi bilan ko‘pchilikning xayoliga baland, viqorli Pomir, Hisor va Zarafshon tog‘lari, uning cho‘qqilaridagi oppoq qorlar keladi. Xuddi shunday menda ham bu qardosh yurt haqidagi ilk taassurotlarim mana shu baland va salobatli tog‘lar bilan bog‘liq edi. Biroq, ham tarixan, ham madaniy jihatdan qardosh bo‘lgan Tojikiston yurtiga qilgan safarim orqali — bu diyorni qayta kashf etdim.

Foto: «Xabar.uz»

Dushanbe shahrida joylashgan Xalqaro aeroportdan chiqar ekanman, Tojikiston men uchun olisdagi yurt bo‘lib tuyulmadi. Chunki aeroportdan chiqishim bilan soat millarini sozlashga zarurat bo‘lmadi. Sababi, Tojikiston O‘zbekiston bilan bir vaqt chizig‘i ostida joylashgan. Aeroportdan chiqib, mehmonxona tomon ketar ekanman, avvalo, e’tiborimni tortgan asosiy jihat, Dushanbe shahrining juda ozodaligi edi.

Foto: «Xabar.uz»

Shaharda bir vaqtning o‘zida ham zamonaviy arxitektura inshootlarini ham XX asrga oid binolarni uchratish mumkin. Deyarli barcha qiziqarli hamda ma’muriy binolar shaharning Rudakiy ko‘chasida joylashgan. Xususan, mazkur ko‘chadagi Tojikiston «Milliy kutubxonasi» o‘zining mahobati va jamlangan kitob fondi bilan tahsinga loyiq.

Foto: «Xabar.uz»

Kutubxona xodimasining aytishicha, hozirda ushbu kutubxonada taxminan 6 milliondan oshiq kitob saqlanmoqda. Kutubxonadagi kitoblarni ko‘rar ekanman, muqaddas Qur’onning 1,6 grammlik nusxalaridan biriga ko‘zim tushdi. Uzunligi 1,8 sm, eni 1,2 sm bo‘lgan dunyodagi eng kichik ushbu nusxa 292 betdan iborat. Uning har birida 12 qatordan matn joylashgan. Ushbu noyob kitobni ko‘rib, beixtiyor «Inson qo‘li — gul» degan ibora yodimga keldi.

Foto: «Xabar.uz»

Shuningdek, shahar markazida dunyodagi eng baland flagshtoklardan biri joylashgan bo‘lib, uning balandligi 165 metrni tashkil etadi. Bundan tashqari, shahar markazida buyuk shoir Mir Alisher Navoiyga bag‘ishlangan so‘lim bog‘ barpo etilgan. Bog‘da Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiyning o‘zaro suhbati aks etgan go‘zal haykal qad rostlagan. Bu esa ikki qardosh xalqlarning yagona tarixiy merosga ega ekanligidan dalolat beradi. Tarixiy yaqinlik haqida gapirar ekanmiz, uning chek-chegarasi yo‘q. Yaxshisi, bu haqda alohida maqolalarimizda yozamiz.

Foto: «Xabar.uz»

Yoshligimdan tarixga qiziqqanligim bois, Tojikistondagi tarixiy obidalarga oshiqdim. Mahalliy aholining aytishicha, mamlakatda bir qancha tarixiy obidalar bor. Ayniqsa, ular orasidan Hisor va Xo‘jand qal’alari eng mashhurlari ekan. Vaqtim bir oz tig‘iz bo‘lgani uchun Dushanbe shahriga eng yaqin bo‘lgan Hisor qal’asiga boradigan bo‘ldim. Yo‘lda ketar ekanman haydovchimiz: «Sayyohlar Tojikistonga tarixiy obidalarni ko‘rishdan ko‘ra, uning viqorli tog‘lari uchun keladi. Bizda, ayniqsa, ekstrimal sport turlari yaxshi rivojlangan» — deb aytib qoldi. Qal’a tomon borar ekanmiz, yo‘llar qurilganiga 8 yil bo‘lgan bo‘lsa-da, haligacha ravon va tekis. Buning uchun tojikistonlik yo‘lsozlarni olqishlab qo‘yish joiz.

Foto: «Xabar.uz»

Hisor qal’asi baland tepalikda joylashgan bo‘lib, ushbu qal’a miloddan avvalgi yillarda Iskandar Zulqarnayn davrida bunyod etilgan. Mahalliy aholining aytishicha, mazkur qal’ada buyuk sarkarda Aleksandr Makedonskiy va Baqtriya malikasi Roksananing nikoh to‘yi bo‘lgan ekan.

Foto: «Xabar.uz»

Shuningdek, qal’a Buxoro Amirligi davrida Hisor bekligining ma’muriy markazi ham bo‘lgan. 1920 yilda Buxoro Amirligining so‘nggi amiri Amir Olimxon ham bir muddat Hisor qal’asida yashagan ekan. Qal’a devorlariga boqar ekanman ozgina bo‘lsa ham moziyga qaytib qolgandek bo‘ldim…

Uzum mevasi inson organizmi uchun juda foydali meva hisoblanadi. Biroq uzum juda mo‘rt bo‘lganligi sababli uni yetishtirish ancha mushkul ish. Tojikistonning Tursunzoda tumanida asli farg‘onalik bo‘lgan Ne’mat xoji ota uzumchilikning piri desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Foto: «Xabar.uz»

Tursunzoda tumaniga borganimizda «Ne’mat xoji dehqon xo‘jaligida» bo‘ldik. Xo‘jalik 105 gektar maydondan iborat bo‘lib, uning hammasida uzum mevasi yetishtiriladi. Otaning aytishicha, har bir gektar yerdan o‘rtacha 30-40 tonna uzum yetishtiriladi. Shundan yetishtirilgan hosilning 30 foizi ichki bozorga, qolgan 70 foizi eksportga jo‘natiladi.

Foto: «Xabar.uz»

Yoshi taxminan 80 dan oshgan otaxon yetishtirgan uzumlarning mazasini tatib ko‘rar ekanmiz, tojik uzumlarining bejizga dovrug‘i mashhur bo‘lmaganiga yana bir marotaba ishonch hosil qildik…

Foto: «Xabar.uz»

Safarim yakunida shunga amin bo‘ldimki, tojik va o‘zbek xalqi chinakam ma’noda qardosh va birodar xalqlar hisoblanishadi. Tojiklar uchun mehmon, o‘zbeklar singari «otangdek ulug‘». Mazali taom bilan mehmon qilishadi, samimiy, ochiq yuz bilan suhbatlashishadi. Xullas, barcha barchasi o‘zbek xalqidek ochiqko‘ngil va samimiy. Axir bejizga aytishmasa kerakda, o‘zbek va tojiklar ikki tilda gaplashuvi bir xalq deya. Birodarligimiz bardavom bo‘lsin, birodari aziz!

Temur Eshquvvatov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring