Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tiqilinch Toshkent avtobuslarini yanada tiqilinch qilishmoqchi

Tiqilinch Toshkent avtobuslarini yanada tiqilinch qilishmoqchi

Toshkentdagi avtobus va elektrobuslarga oldindan pul to‘lab kiriladi va orqa eshikdan tushiladi. «Toshshahartrans» shunday yangi qoidani e’lon qilgan.

«Endilikda avtobus (elektrobus) saloniga uning old eshigidan haydovchining yonida o‘rnatilgan maxsus validator va qurilma orqali yo‘l haqi uchun to‘lovni amalga oshirgandan so‘ng kirishingizni hamda avtobus (elektrobus) dan tushayotganingizda orqa eshiklardan foydalanishingizni so‘raymiz», deyiladi xabarda.

Aytilishicha, ushbu qoida yo‘lovchilarga qulaylik yaratish va transport madaniyatini shakllantirish maqsadida joriy etilmoqda.

Bu qoida jahon tajribasida o‘zini yaxshi oqlagan. Rivojlangan mamlakatlarda jamoat transportidan foydalanish madaniyati juda yuqori. Biroq ularda yo‘nalishga avtobuslar ko‘p qo‘yilgan, oraliq intervallar kam. Ya’ni avtobus ko‘p va tez-tez keladi, odamlar yarim soatlab kutib qolmaydi.

Qachondan boshlab amalga kiritilishi aytilmagan mazkur qoida bo‘yicha avvaldan mavjud muammolar yanada kattalashishi kutilyapti. Ertalab (hamma ishga boradigan) va kechki payt (hamma ishdan qaytadigan) poytaxt avtobuslari shu qadar tiqilinch bo‘ladiki, odamlar orqa-oldi eshikka qarab o‘tirmaydi.

Madaniyatni shakllantirish uchun avval jamoat trasnportini ko‘paytirish, oraliq intervallarni kamaytirish lozim. Bekatda turgan odamlar 5 daqiqadan ortiq kutmasligi kerak. Shundagina bu qoida ishlashi mumkin.

Shuningdek, 3 ta eshigi bor avtobuslarda qaysi eshikdan tushib-chiqishga ham oydinlik kiritilmagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring