Tez yordamni o‘tkazib yuborib qoidani buzdim: jarima solinadimi?
Ijtimoiy tarmoqlardagi va telegram-guruhlardagi ko‘plab fikrlarga ko‘ra Toshkent haydovchilarini quyidagi masala qiynamoqda: oldinda stop-liniya (sidirg‘a chiziq va h.k.) bo‘lsa, lekin sirenasi yoqilgan tez yordam, yong‘in xavfsizligi, ichki ishlar organlari mashinalarini o‘tkazib yubormoqchi bo‘lganingizda nima qilish kerak? Bir jarimani to‘lamaslik uchun joydan siljimaganda boshqa jarimaga yo‘liqish mumkin. Ha, to‘sqinliksiz harakatlanish huquqiga ega bo‘lganlarni o‘tkazib yubormaganingiz uchun jarima solinadi.
Ushbu holat bilan bog‘liq hamma ma’lumotlarni navbat bilan o‘rganib chiqamiz. Quyidagi holatni tasavvur qilaylik: siz avtomatlashtirilgan qayd qilish kameralari ostida sirenasi yoqilgan maxsus avtomobilni o‘tkaza turib (misol uchun) sindirg‘a chiziqni kesib o‘tdingiz.
1. Jarima xati keladimi?
IIBB YHXB kompyuterlashtirilgan yo‘l harakati xavfsizligini boshqarish tizimi avtomatlashtirilgan bo‘lib (YHXBKT): u yo‘l xavfsizligi sohasidagi qoidabuzarliklarni qayd etadi va xat tuzib, uni AJ “O‘zbekiston pochtasi”ning serveriga inson aralashuvisiz jo‘natadi. Shu tariqa siz haqiqatdan ham qoidabuzarlik haqida xabar beruvchi xat olishingiz mumkin yoki qayd etilgan qoidabuzarlik to‘g‘risida shu kunning o‘zida 8860 raqamiga «avtomobil Davlat raqam belgisi probel texpasport seriyasi+nomeri» ko‘rinishida SMS-so‘rovnoma yo‘llab ma’lumot olishingiz mumkin.
2. Jarimani to‘lash kerakmi?
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 271-moddasiga ko‘ra «shaxs harakatni zaruriy mudofaa holatida yoki oxirgi zarurat holatida qilgan» taqdirda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni boshlash mumkin emas, boshlangan ish esa tugatilishi lozim. Shu tariqa, zarurat holati fakti aniqlangach, qayd etilgan qoidabuzarlik fakti bekor qilinadi.
3. Qanday isbotlayman?
Buning qiyin joyi yo‘q. Qoidabuzarlik avtomatlashtirilgan tarzda qayd etilgan taqdirda bayonnoma tuzish kerak bo‘lmaydi, shuning uchun bu jarayonda inson qatnashmaydi. Bundan kelib chiqdi muammo to‘g‘risida o‘zingiz shaxsan xabar bermasangiz, biz u haqida bila olmaymiz. Shuning uchun siz YHXBKT xodimlariga quyidagi manzil orqali murojaat qilishingiz zarur: Yakkasaroy tumani, Glinka ko‘chasi (eski Glinka DAN binosi).
Bu jarayonda hech qanday qiyinchilik tug‘ilmaydi: maxsus transportni o‘tkazib yuborish jarayonida stop-liniyani kesib o‘tganingiz haqida xabar bering va YHXBKT xodimiga kun, vaqt va joyni aniqlashtiring (yoki xat bo‘lsa, xatni o‘zini ko‘rsating), shunda xodim ishonchli asosga tayanib jarimani bekor qiladi. Bu ishni “qoida buzilgan” kundan boshlab yetti kun davomida amalga oshirgan ma’qul – kameralar orqali qayd etilgan videolar ayni shu davr mobaynida saqlanadi. Yetti kun o‘tib bo‘lgandan keyin maxsus avtomobilni o‘tkazib yuborish bilan bog‘liq zarurat holatini tasdiqlash faqatgina ushbu avtomobil stop-liniyani kesib o‘tganida sizning mashinangiz bilan birga fotoga tushib qolgan taqdirda mumkin bo‘ladi. Misol uchun quyidagidek:
Ko‘pincha mashina suratga tushib qoladi, shuning uchun zudlik bilan chora ko‘rishga ehtiyoj yo‘q, ammo ishonch hosil qilish uchun bir hafta mobaynida YHXBKTga murojaat qilgan afzal.
4. Ammo men vaqt sarflashga majbur bo‘laman-ku!
Ko‘p ham vaqt ketmaydi: yo‘lga sarflangan vaqt va yana 10 minut. Bu haqiqiy qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygandan yaxshiroq, chunki O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-5-moddasining birinchi qismiga ko‘ra, «Transport vositalari haydovchilarining to‘sqinliksiz harakat qilish huquqidan foydalanadigan transport vositalarining o‘tib ketishiga xalaqit berishi – eng kam ish haqining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi». Ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish esa, eng kam ish haqining yigirma baravari miqdorida jarima solishga yoki transport vositasini boshqarish huquqidan bir yil muddatga mahrum etishga sabab bo‘ladi.
Avvalo, odamiylikni yo‘qotmaslik kerak. Bir kunmas bir kun tez yordam mashinasi, ichki ishlar organlari avtomobili yoki yong‘in xavfsizligi transporti sizning yoningizga shoshishi mumkin. Ularga boshqa haydovchilar yo‘l bermasliklarini xohlagan bo‘larmidingiz? Albatta yo‘q, demak «qoidani buzish evaziga tez yordamni o‘tkazib yuborish kerakmi?» degan savolda barcha shubhalarni bartaraf etish uchun ushbu maqolani ulashishingiz mumkin. Chunki ularni o‘tkazib yubormaslikning o‘zi qoidabuzarlikdir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter