Termizda bozor sotuvchilari qamaldi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudi sobiq «Yubileyniy» bozorining 13 nafar ishchisini bozorning yangi joyga ko‘chirilishiga qarshilik qilgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortdi, deya xabar qildi Surxondaryo viloyati IIB matbuot xizmati.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining ayol kishini majburlab avtobusga chiqarmoqchi bo‘layotgani aks etgan video tarqalgan edi.
IIB xabariga ko‘ra, 4 yanvar kuni Surxondaryo viloyati, Termiz shahar eski «Yubileyniy» bozor hududida noqonuniy savdo ishlari bilan shug‘ullanuvchi shaxslarni shahar hokimining qarori bilan «Yashil dunyo» savdo markaziga ko‘chirish ishlari amalga oshirilayotganda, bundan oldin yangi hududdan savdo rastalari ajratilib, eski hududni tark etish haqida ogohlantirilganiga qaramasdan bir guruh sotuvchilar norozilik bildirib, hokimiyat vakillariga qarshilik ko‘rsatishgan va jamoat tartibini buzishgan.
Jumladan, barcha sotuvchilar 2022 yil davomida bir necha marotaba, oxirgisi joriy yilning 3 yanvar kuni eski bozor hududida 4 yanvar kuni buzish ishlari boshlanishi haqida ogohlantirilganini ta’kidlanadi.
Bozor hududiga jamoat tartibini tiklash uchun jalb qilingan Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan 14 nafar huquqbuzarlar IIBga olib kelingan va ular bilan tushuntirish-profilaktik ishlari olib borilgan.
Huquqbuzarlik holati yuzasidan to‘plangan hujjatlar asosida Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudi tomonidan 6 nafar fuqaroga BHMning 3 baravari miqdorida, 3 nafar fuqaroga BHMning 5 baravari miqdorida jarima, 4 nafar fuqaroga esa 5 sutka ma’muriy qamoq jazolari tayinlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter