Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Temir daftar. Unga kirish oson, chiqish qiyinmi?

Temir daftar. Unga kirish oson, chiqish qiyinmi?

Foto: Xabar.uz

«Temir daftar»ga kirish oson, chiqish esa ancha qiyin. Bu haqda bizga Namangan viloyatiga qilingan safar davomida so‘zlab berishdi. Umuman, daftarga kirish-chiqish tartibini tushuntirishdan oldin ro‘yxatdan kimlar kiritilishi haqida ozgina gaplashsak.

Daftarga kiruvchilar
«Temir daftar»ga ehtiyojmand oilalarning 7 toifasi kiritilishi ko‘zda tutilgan. Bular:

1. kam ta’minlangan;
2. nogironligi bo‘lgan;
3. ijtimoiy himoyaga muhtoj;
4. yakka-yolg‘iz keksalar;
5. doimiy ishsiz fuqarolar;
6. karantin tufayli ishsiz qolgan fuqarolar;
7. og‘ir epidemiologik hududlardan qaytarib kelingan fuqarolarning oilalari.

Muhtoj oilalar aniqlab olingandan so‘ng mas’ul xodimlar «Temir daftar»dagi ma’lumotlarni saxovat.argos.uz saytiga raqamli imzo kaliti orqali elektron shaklda kiritib borishadi.

Kirish
«Temir daftar»ga kiruvchilar ro‘yxatini shakllantirish mahalla orqali amalga oshiriladi. Ro‘yxat tayyor bo‘lgach, tuman hokimligiga taqdim etiladi. Shundan so‘ng sektor rahbari, tuman xalq deputatlari kengashi vakili va mahalla oqsoqoli birgalikda joylarga chiqib, oilalar holatini o‘rganib chiqadi. Umumiy xulosa asosida shakllantirilgan ro‘yxat tuman xalq deputatlari kengashi muhokamasiga qo‘yiladi. Kengash tasdig‘idan o‘tgan oilalar «Temir daftar»ga kiritiladi.

Ish jarayoni
Shundan so‘ng kambag‘al oilalar bilan ish jarayoni boshlanib ketadi. «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarga kompleks yordam ko‘rsatiladi. Moddiy yordamdan tortib, birlamchi oziq-ovqat mahsulotlarigacha yetkazib beriladi. Ammo eng muhimi — oilaning mehnatga layoqatli a’zolarini ish bilan ta’minlab, muhtojlikdan chiqarish lozim. Qachonki doimiy daromadga ega bo‘linsa, o‘shanda baraka bo‘ladi.

Bu o‘rinda tayyor ish o‘rinlari bilan birgalikda pul topishning boshqa yo‘llarini o‘rgatish ham juda muhim. Xususan, issiqxonalar qurib berish, mol-qo‘y olib berish, tovuq yetishtirish kabi tashabbuslar katta ahamiyatga ega. Albatta fuqarolarga issiqxona yuritish va mol-qo‘y boqishni o‘rgatish ham muhim ahamiyatga ega. Xuddi shu masalada Namanganda ish yaxshi olib borilmoqda. Issiqxona qurilgan xonadonlarga ko‘chat yetkazib berilmoqda, chorvani parvarishlash yo‘llari o‘rgatilyapti. Xullas, «Temir daftar»dagi oilalar istalgan masala bo‘yicha sektor rahbarlariga murojaat qilishlari mumkin.

Chiqish
Oila o‘zining doimiy daromadiga ega bo‘lgan taqdirda ham uni «Temir daftar»dan chiqarish oson bo‘lmaydi. Buning uchun fuqaro avvalo mahallaga murojaat qilib, ro‘yxatdan chiqarish bo‘yicha ariza topshirishi lozim. So‘ngra murojaat tuman hokimligi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Ammo hokimlik rozi bo‘lgan taqdirda ham «Temir daftar»dan chiqarish bo‘yicha so‘nggi qaror tuman xalq deputatlari kengashi tomonidan qabul qilinadi. Kengash rad etsa, oila daftarda qolaveradi.

Ammo hammasi yaxshi kechib, oila «Temir daftar»dan chiqqan taqdirda ham baribir mahalla va hokimlik kuzatuvida qolaveradi. Lozim bo‘lsa yana yordam ko‘rsatiladi. Eng muhimi — «Temir daftar»dan chiqarilgan oila yana kambag‘allikka qaytmasligi lozim.

Chiqa olmaydiganlar
Kambag‘allik dunyoning istalgan davlatida uchraydigan holat. Boquvchisini yo‘qotgan, nogiron va mehnatga layoqatsiz kishilar hamma joyda topiladi. Namanganda ro‘yxatga olingan 24 382 ta oilaning 5 foizini shundaylar tashkil etadi. Bunaqa oilalar «Temir daftar»dan chiqarilmaydi va mudom qo‘llab-quvvatlash ostida bo‘ladi.

To‘raqo‘rg‘on tumani, Saroy mahallasida istiqomat qiladigan Abduqodir Ahmadjonov oilasi shundaylar sirasiga kiradi. Oila boshlig‘i birinchi guruh nogironi va ayolining sog‘ligida ham muammolar mavjud. Bir nafargina farzand ham tibbiyot xodimlari ko‘rigidan o‘tib turishi lozim. Oilani kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha zarur ishlar olib borilyapti — ikki xonali uy tiklab berildi va issiqxona qurilmoqda. Ammo xonadon baribir nazorat ostida qolishi lozim. Vaziyat shuni taqozo etadi.

Chiqadiganlar
Aksincha, To‘raqo‘rg‘on tumani, Ibrat mahallasida istiqomat qiladigan Ne’matjon Nurmatovlar xonadoni yaqin vaqtlar ichida «Temir daftar»dan chiqishga tayyorlanmoqda. Oilada birinchi guruh nogironligiga ega farzand bor va xonadon boshlig‘i doimiy daromadga ega emas edi. Mahalla faollari yordami bilan Nurmatovlarga ikki sotixli issiqxona qurib berildi. Shuningdek 50 sotix yer dehqonchilik qilish uchun ajratilgan. Kreditga qo‘y olib berildi.

Qo‘shimchasiga xonadon bekasiga pech va tikuv mashinasi olib berildi. Mahalla fuqarolar yig‘inining xotin-qizlar bo‘yicha maslahatchisi Fotima Umarovaning aytishicha, pishiriq tayyorlash va chevarchilik orqasidan oilaga qo‘shimcha mablag‘ kirib kelmoqda. Mahalla faollari o‘zaro maslahatlashib, yaqin vaqtlar ichida oilani «Temir daftar»dan chiqishga tayyorlamoqchi. Tegishli tartibda, albatta.

Eskilar va yangilar
Bir so‘z bilan aytganda, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha olib borilgan ishlar Namanganda samara keltirishni boshladi. Xususan, dastlab 24 382 oila «Temir daftar»ga kiritilgan bo‘lsa, shundan 10 mingtasi chiqarilgan.

Ammo bu bilan ish to‘xtab qolmaydi. Hozirda muhtojlikda qolgan yangi oilalar qidirilmoqda. Hokimlik tomonidan xabar qilinishicha, yana 17 ming xonadonni ro‘yxatga olish rejalashtirilgan. Ular bilan ham tegishlicha ish olib boriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring