Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tarixiy obidalar faqatgina turizm ob’yekti emas, birinchi navbatda xalqimizning boyligidir — Aziz Abduhakimov

Tarixiy obidalar faqatgina turizm ob’yekti emas, birinchi navbatda xalqimizning boyligidir — Aziz Abduhakimov

Turizm va madaniy meros vazirligi va uning huzuridagi Madaniy meros agentligi tashabbusi bilan 5-6 oktabr kunlari Samarqandda ilk bora «O‘zbekistonda restavratsiya san’atini qayta tiklash madaniy meros va madaniy yodgorliklarni asrashga doir dolzarb masalalar» mavzusida restavratorlar seminari o‘tkazilmoqda.

Tadbirda O‘zbekiston xalqining boy tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi noyob va nodir madaniy merosini asrab-avaylashni kuchaytirish, sohani raqamlashtirish, innovasion rivojlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, jahonning ilg‘or tajribalarini samarali qo‘llash choralarini ko‘rib chiqish maqsad qilingan. Ushbu seminarda O‘zbekistonning barcha restavrator ustalari ishtirok etyapti.

Seminarni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari-Turizm va madaniy meros vaziri A.Abduxakimov ochib berdi.

— Vatanimiz hududidagi o‘tmishdan sado beruvchi ko‘plab tarixiy obidalarning mahobati, o‘ziga xos me’moriy uslubi, minglab yillar silsilasidan bizgacha yetib kelayotgani butun dunyoni lol qoldirmoqda. Mamlakatimizga sayyohlarning aksariyati ajdodlarimiz tomonidan bunyod etilgan muhtasham san’at asarlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish, ulardagi ulug‘vorlikni his qilish uchun tashrif buyurishadi.

Umuman olganda madaniy meros ob’yektlari, tarixiy obidalar bu faqatgina turizm ob’yekti emas, birinchi navbatda bu xalqimizning boyligi hisoblanadi. Ularda millatimizning buyuk tarixi, madaniyati aks etgan.

Tan olish kerak sohada mutaxassislar yetishmaydi, ayrim hollarda tarixiy obidalarni ta’mirlash, tiklash ishlari madaniy merosni qiymati, qadrini tushunmaydigan shaxslarga topshirilgan. Me’morchilik san’atining durdonalarini restavratsiya qilaman, ta’mirlayman deb tarixiy, badiiy qiymatiga shikast yetkazgan holatlar ham bo‘lgan.

Darhaqiqat, shonli tariximizdan darak beruvchi tarixiy qadamjolar, madaniy yodgorliklarni asrab-avaylash bugungi avlodning muhim vazifasi va burchidir. Madaniy meros obektlarini ta’mirlash juda nozik ish. Shu bois ularni ta’mirlash va tiklash ishlariga o‘z ishining ustalarini, aynan o‘zbek me’morchiligi yo‘nalishdagi mutaxassislarni jalb etish muhim ahamiyatga ega. Aks holda, biz ularni tiklash o‘rniga, ularga tuzatib bo‘lmaydigan darajada zarar yetkazishimiz mumkin.

Biz ushbu seminar orqali sohadagi kelgusi 10 yillik maqsad va vazifalarni belgilab olish, Oʻzbekiston restavratsiya san’atini butun dunyoga tarannum etishni niyat qilib olganmiz. O‘ylaymanki bugungi tashkil etilayotgan tadbir ham sohadagi yangi bilim va ko‘nikmalarni o‘rganish, o‘zaro tajriba almashinuv uchun katta maktab bo‘ladi, — dedi Aziz Abduhakimov.

Aziz Abduxakimov shuningdek o‘z nutqi davomida yaqin vaqtlar ichida Oʻrta Osiyo restavratorlari qurultoyini tashkil etishni taklif qildi.

Ikki kun davom etadigan seminarda bir qator mutaxassislarning chiqishlari rejalashtirilgan bo‘lib, ularda madaniy meros obektlarini asrashga doir ishlarga malakali usta restavratorlarni jalb qilish, O‘zbekiston imidjini ko‘tarish, yutuqlarni ommalashtirish, sohadagi kamchiliklarni muhokama qilish va bartaraf etish choralarini ko‘rish hamda an’anaviy restavratsiya uslublarini qayta tiklash masalalari ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring