Tarbiyaning mezoni bitta: yo hayot, yo mamot!
Bugun axborot tayyorlash va tarqatishga monelik yo‘q. Axborot olish erkinligi va kafolatlarini tartibga soluvchi maxsus qonun qabul qilingan hatto. Asosiy shartlardan biri shuki, tarqatilayotgan axborotda inson sha’ni va qadr-qimmatiga daxl qilinmasligi lozim.
Har qanday axborot muallifi tarqatayotgan ma’lumoti uchun mas’ul ekani, yozgani yuzasidan o‘z vijdoni oldida ham javob berishi lozim.
Ommaga yetkazilayotgan axborotning sifati va maqsadi (ya’ni g‘oyasi) muallif bilimi, ichki dunyo qarashi, ma’naviyatidan darak beradi. Demoqchimizki, turli axborot vositalari, xususan internet saytlari orqali og‘riqli muammolarni ko‘tarib, ko‘pga ibrat bo‘ladiganlar kam emas. Jamiyat a’zolarini bir-biriga mehr-shafqatli, muruvvatli bo‘lishga da’vat qiluvchi ma’rifatparvar jurnalist-blogerlar mehnati ham haqli e’tirofga loyiq.
Biroq internet tarmoqlari orqali tarqatilayotgan xabarlarning barchasini ham insoniyat uchun ma’lum ma’noda kerakli yoki jamiyat hayoti uchun foydali, deyish qiyin baribir.
Xiyonat, fahsh, jaholatni targ‘ib qiluvchi axborotlar internetda to‘lib-toshmoqda. Donolikka da’vo qilgan qanchasi ijtimoiy tarmoqlarda bir-birini ochiq haqorat qilishlari-chi?! Vaholanki, amaldagi O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida birovga noxaq tuhmat qilganlik uchun (40-modda), haqorat uchun (41-modda), shaxsiy hayot daxlsizligini buzganlik (46-modda1) uchun javobgarlik mavjud.
Tarbiyali, madaniyatli hamshirin suxan ota-onaning farzandi qayerdan so‘kishni, boshqalarga bepisand munosabatni o‘rganmoqda? «Qush uyasida ko‘rganini qiladi», degan gap bor, ijtimoiy tarmoqlarda uya qurgan «qushlar» internetda ko‘rganini qilishmoqdami, yo?
Tahliliy qaraganda, faxsh, zo‘ravonlik yoki ig‘vodan iborat ma’lumotni tarqatishni o‘ziga kasb qilib olganlarning maqsadi bitta: «layk» yig‘ish, o‘quvchisini ko‘paytirish, moddiy manfaat ko‘rishdir.
Tayyorlagan materialining ommaga qanday ta’sir etishi bilan ularning ishlari yo‘q. Ular uchun kimningdir shaxsiy fojiasidan foydalanish uyat emas.
Achinarlisi, ushbu tarqatilayotgan ma’lumotlarni hali oq-qoraning farqiga bormaydigan yoshlarmiz ham ko‘rayotganida!
Ularda, «shunday qilish mumkin ekan», degan tushuncha paydo bo‘lishining o‘zi azaliy qadriyatlarimizdan uzoqlashishtirishni boshlaydi. Qolganini qo‘yavering!
Gap yoshlar ruhiyati, ma’naviyatiga salbiy ta’sir etuvchi ma’lumotlarni tarqatayotganlar emas, aksincha, uni ko‘rayotgan, o‘qiyotganlarda deyish oson. Qaniydi, birgina «ko‘rmanglar, o‘qimanglar!» deyish bilan masala hal bo‘lib qolsa?! Inson tabiati shundayki, ta’qiqning o‘zi qiziqishni keltirib chiqaradi. Yana, bugungi kunda nafaqat talabalarning, balki aksariyat maktab o‘quvchilarining qo‘lida ham ayfon-telefonlar mavjud. Shuningdek, ular kattalarga nisbatan internet saytlarning juda faol tomoshabini ekanligi ham, ularning internet saytlariga kirmasligini nazorat qilishning texnik imkoniyatlari yo‘qligi ham barchaga ma’lum.
Nima qilish lozim?
Fikrimizcha, axborot texnologiyalaridan foydalanilgan xolda tarqatilayotgan milliy qadriyatlarimizga yot bo‘lgan turli-tuman hayosizlik, ig‘vo, jaholat, zo‘ravonlik kabi illatlarning farzandlarimiz fikriga singdirilishi va shu yo‘l bilan ularning ongi zaharlanishining oldini olish masalasi kun tartibiga jiddiy qo‘yilishi kerak.
Bu borada, Eron, Xitoy, Germaniya va Angliya kabi davlatlarning internet tarmoqlaridagi inson ma’naviyatiga salbiy ta’sir etuvchi kontenentlarni ta’qiqlash, bloklash amaliyotini o‘rganish va mentalitet nuqtai nazaridan qarab chiqib, mamlakatimiz hududida joriy etish;
shuningdek, shaxsiy manfaat ilinjida ma’naviyatimizga yot, yoshlar tarbiyasiga putur yetkazuvchi axborot tarqatayotganlarga nisbatan qat’iy ma’muriy javobgarlik choralarini ham qo‘llash tartibini belgilash lozim ko‘rinadi.
Ekranlarimizdan tushmayotgan xorij seriallari masalasi kun tartibida turibdi. Asosan oilaviy-maishiy mavzudagi ming yillik qariyatlarimizga yot bunday seriallar o‘z ta’sirini o‘tkazishga ulgurganini og‘riq bilan ta’kidlash kerak. Yoshlarni qo‘ying, hatto katta, ayniqsa, ayollar «serial bandi»lariga aylanib qolayotgani kimga sir?!
«Ota» qisqa metrajli filmi ssenariysi ustida ishlash jarayonida taniqli rejissiyor Dilmurod Masaidov bir gap aytib qoldi.Tanishlaridan biri uyiga kelsa, xotini xorij serialini berilib ko‘rib o‘tirgan ekan. Ayol serial ichiga shunchalar «kirib ketgan» ekanki, eri kelganini sezmabdi ham. Ekranga qarab, begona erkak bilan uchrashayotgan ayolga (serial qahramoniga) baqirarmish: «Qoch, qoch tez, ering kelayapti...». Shunda er xotinidan haqli ravishda «Nega sen xiyonatkor ayol tarafini olayapsan?» deb so‘ragan ekan...
Shu ma’noda, fikrimizcha har qanday chet el hamda o‘zimizda yaratilgan filmlarni telekanallar orqali namoyish etishda ruxsat olish tartibini joriy etish, bunda, har qanday kino mahsuloti millat ma’naviyatiga qanday ta’sir etishi nuqtai nazaridan, unda nima targ‘ib qilinayotganidan kelib chiqib baholanishi va keng namoyish etishga ruxsat berilishi masalasini (ko‘plab rivojlangan davlatlarda bu tartib mavjud, xususiy kinosindikatlari tomonidan ishlangan filmlar ruxsatsiz ommaga namoyish etilmaydi) jiddiy va zudlikda o‘ylab ko‘rish lozim.
Yana bir misol. Chet el safarida bo‘lganimizda do‘kon sotuvchisi xaridor olgan pivoni qog‘ozga o‘rab berdi va o‘z tilida nimalardir deb, ikki barmog‘i bilan o‘zining ikki ko‘zini ko‘rsatdi. Tabiiyki, bu holat qiziq tuyulib, til bilgich hamrohimizga qaradik. Bizga tushuntirishicha, xaridor pivoni ochiq ko‘tarib ketsa, bu reklama bo‘lishi va yoshlar tarbiyasiga ta’sir etishini, shuningdek ko‘chada qog‘oz paketdan chiqarib ichsa buning uchun o‘zi ham, sotuvchi ham katta jarima to‘lashga majbur bo‘lar ekan. Shu uchunam sotuvchi xaridorga so‘ragan molini (pivoni) qog‘ozga o‘rab bergach, xaridorning savoliga ikki barmog‘i bilan ikki ko‘zini ko‘rsatgani esa omma, keng jamoatchilik ko‘rib turibdi va xabar beradi, degani ekan.
Biz ham yoshlarimiz onggiga salbiy ta’sir etuvchi har bir holatga ana shunday munosabatni yo‘lga qo‘ysak, jamiyatimizda yuz berayotgan juda ko‘plab illatlarning oldini olishda buning samarasi beqiyos bo‘lardi.
Muhtaram Yurtboshimizning Oliy Majlis Senati birinchi majlisidagi «... Abdulla Avloniyning «Tarbiya biz uchun yo hayot-yo mamot, yo najot-yo halokat, yo saodat-yo falokat masalasidir», degan so‘zlarini takror va takror aytishdan charchamayman.
Nega deganda, shu fikr bugungi kunda har qachongidan ham muhim ahamiyatga ega ekanini unutmasligimiz lozim...» degan nutqlari mazmuniga jiddiy e’tibor qaratishimiz zarur.
Haqiqatdan ham, tarbiya masalasi o‘ta muhim bo‘lib, bu ertangi kunimizni belgilovchi beqiyos omillardan biridir.
Ayniqsa, bugun axborot tarqatish chegara bilmas darajaga yetgan bir paytda, biz ushbu masalaga befarq qarasak, farzandlarimizning axloqi tarbiyasiga bee’tibor bo‘lsak, ular ma’naviyatida milliy qiyofani asrash choralarini ko‘rmasak, ertaga birgina «bu noto‘g‘ri, bu mumkin emas», degan tushuntirishlarimiz misqolcha ham naf bermasligi aniq.
Yoshlarimizni chinakam ma’rifat va yuksak madaniyat egasi qilib tarbiyalash masalasi ko‘ndalang turgan bir paytda ularni internet tarmoqlarida tashviq etilayotgan yot g‘oya, urf-odat va an’analar, jaholat va fahsh namoyishining salbiy ta’siridan asrash tadbiri, mutafakkir bobomiz aytganidek, rostdan-da «yo hayot, yo mamot» masalasidir.
Xolmo‘min Yodgorov,
Oliy sud raisining o‘rinbosari
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter