Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aslzoda ayol – ziynatlar ichidagi kamtar hayot

Aslzoda ayol – ziynatlar ichidagi kamtar hayot

foto: internet, ochiq manba

Knyaz Aleksandr Mesherskayaning qizi Yekaterina (Kitti) Mesherskaya shon-shuhrat va boylik ichida yashagan. Unda hamma narsa bor edi: ko‘rkam saroy, qimmatbaho zeb-ziynatlar, nafis ko‘ylaklar, pianino.

U zodagon, aslzoda qizlar uchun mo‘ljallangan maktabda tarbiya olgan. Belini to‘g‘ri tutishi uchun qattiq korsetli ko‘ylak kiyar, nafas olish ham qiyin bo‘lardi. Har kuni soat oltida uyg‘onib, muzdek suv bilan yuvinardi. Qizlar bilan birga ibodatga borardi.

Yotoqxonada yigirmata qiz turardi, har birida temirdek qattiq to‘shak, yupqa ko‘rpa va past bolish bo‘lardi. Har kuni ikki marta sovuq suvga cho‘milish kerak edi. Harorat – atigi o‘n daraja. Kiyim-kechak stul ustiga shunday joylashtirilishi shart ediki, sinf rahbari barchasini ko‘ra olsin: hatto paypoqlar ham joyidami? Sovuqdan ba’zilar paypoq bilan uxlashga urinardi – lekin bu uchun ular jazolanardi: tushliksiz qoldirishardi.

Ibodatdan so‘ng nonushta: choy va sariyog‘ surtilgan bir bo‘lak non, tamom.

Ovqat oz berilardi. Agar kimdir yashirincha nimadir yeydigan bo‘lsa – masalan, ota-onasi olib kelgan buterbrodni – jazolanardi.

Ota-onalar haftasiga bir marta kelishardi. Qizlari bilan faqat sinf rahbari huzurida suhbat qilishardi. Hafta oxirida dam olish kunlari bo‘lmasdi: qizlar qo‘shiq aytishar, ibodat qilishar va odob-axloqni o‘rganishardi. Masalan kimnidir sotish, chaqimchilik qilish – pastkashlik, lekin shirinlik olishga ruxsat berilsa, uni boshqalar bilan bo‘lishish shart. Belni to‘g‘ri tutish kerak, egilish mashq qilinishi kerak. Qimmatbaho ich kiyim – behayolik, asosiysi – tozalik. Pulni esa muhtojlarga bergan afzal.

Keyinchalik zamon o‘zgarib Kitti Lubyanka yerto‘lasiga tashlandi – lekin u yerda ham qiyinchiliklarni yengib omon qoldi. Keyin urush boshlandi – u havo armiyasida xizmat qildi. Frontga konsertlar uyushtirdi, harbiy marshlar yozdi.  

U 91 yil yashadi. Na zeb-ziynat, na saroylar, na ziynatli ko‘ylaklarsiz – ammo belini, gavdasini to‘g‘ri tutishni unutmadi. Va haqiqiy aristokratlar tarbiyasini saqlab qoldi: shikoyat qilmaslik, do‘stni sotmaslik, ko‘maklashish, nolimaslik – va zarur paytda ta’zim qilish, mashq qilish, ko‘ngilsizliklarga yengilish emas, ruhan kuchli bo‘lish va boshqalarga namuna ko‘rsatish.

Ana shu – haqiqiy aslzodalar tarbiyasidir. Shu tarbiya tufayli malika hammasiga dosh berdi, omon qoldi. Uni Moskva mudofaasi uchun medal bilan mukofotlashdi. Unga yaxshi nafaqa to‘landi. Kitti esa o‘zi aytganidek, o‘rgatishganidek mablag‘ini doim boshqalar bilan bo‘lishdi. Chunki bo‘lishish insoniy burch!

Shunday ekan, bolani, albatta, erkalatish kerak. Lekin tarbiyalash ham shart. Oldinda hayot bor. Afsuski, hayot har doim erkalamaydi. Va ba’zan insonni omon saqlab qoladigan yagona narsa – bu tarbiya... va gavdani to‘g‘ri tutib, boshni baland ko‘tarib yashash qobiliyati.

A.V.Kiryanova sahifasidan  tarjima qilindi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring