Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kam o‘yinchoqlar bolalarni ko‘proq baxtli qiladi

Kam o‘yinchoqlar bolalarni ko‘proq baxtli qiladi

O‘yinchoq sanoati bizga bolalarimiz baxtli bo‘lishlari uchun o‘yinchoqlar kerakligi haqidagi hikoyani «sotadi». Biz ota-onalar esa farzandlarimizning o‘yinchoqlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish uchun yangi o‘yinchoqlar sotib olaveramiz, sotib olaveramiz. Chunki biz ko‘proq o‘yinchoqlar ko‘proq quvonch keltiradi deb, o‘ylaymiz. Bu nazariyaning haqiqatligini isbotlash uchun son-sanoqsiz mablag‘ sarflayotganingiz aniq. Amerika statistikasi bo‘yicha 2020 yilda o‘yinchoq sanoati global savdodan 95 million dollardan ortiq daromad keltirgan.

Bu raqamlar, albatta, o‘yinchoq sanoati uchun juda ko‘p baxt keltiradi. Ammo bolalarimiz haqida nima deyish mumkin?

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki,4ta o‘yinchog‘i bor bola 16 ta o‘yinchog‘i bor bolaga qaraganda ijodkorroq bo‘larkan.

Kamroq o‘yinchoqlar – kamroq chalg‘itadigan narsalardir, deydi «Baxtli ota-onalikning oddiy siri» kitobi muallifi amerikalik olima Denaya Barahona. Keling, uning hikoyasini eshitamiz: «Men ona bo‘lganimda, chaqalog‘imga hamma narsani berishga tayyor edim. Barcha o‘yinchoqlar, barcha muhabbat uning uchun edi. «Ko‘proq – yaxshiroq» shiori men uchun yangilik emas edi. Men onalikka umr bo‘yi betartiblik tarixi bilan kirganman – ham jismoniy, ham ruhiy tartibsizlik. Ammo birinchi farzandimni dunyoga keltirganimda «Bola rivojlanishi» bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini tugatayotgan edim.

Meni hayratga solgan narsa, tadqiqotda ko‘p o‘yinchoqlar sotib olish haqiqatan ham bolalarimiz uchun foydali degan fikrni tasdiqlovchi hech narsa yo‘q edi. Darhaqiqat, kamroq o‘yinchoqlar bizning bolalarimizga siz tasavvur qilganingizdan ham ko‘proq foyda keltiradi. So‘nggi o‘n yil ichida men minglab oilalarni kamroq o‘yinchoqlar foydali ekanligiga ishonadiganlarga aylantirdim:

Farzandlarimizga yangi o‘yinchoqlar uchun «yo‘q» desak biz yomon ota-ona emasmiz. Biz bolalarimizga uyimizga kirgan narsa oxir-oqibat uyimizni tark etishi kerakligini o‘rgatamiz. Va bilasizmi, ko‘pchilik plastik o‘yinchoqlar 500 yilgacha yer yuzidan yo‘qolmaydi, bu esa tabiatga zarar.

Tezda qiziqishini yo‘qotadigan narsalarga yo‘q deylik. Biz oila a’zolarimiz bilan gaplashishimiz, oddiylik ularga o‘rgatayotgan asosiy oilaviy qadriyat ekanligini va biz ularning yordamiga muhtoj ekanligimizni aytishimiz kerak. Ota-ona sifatida biz farzandlarimizga singdirayotgan oilaviy qadriyatlarni himoya qilishimiz lozim. Chunki bir kun kelib, farzandlarimiz ham sinovdan o‘tadi va oilaviy qadriyatlarni himoya qilishlari kerak. Va bizning vazifamiz ularga buni qanday qilishni ko‘rsatishdir.

Farzandlaringiz siz bilan vaqt o‘tkazishni yaxshi ko‘radilar. Ammo men bolalar uchun olib beriladigan barcha ajoyib sovg‘alar chalg‘itishi mumkinligidan xavotirdaman. Men ular sovg‘adan ko‘ra ko‘proq siz bilan vaqt o‘tkazishni kutishlarini xohlayman.»

Amerikalik yozuvchi Joshua Bekker nima uchun kamroq o‘yinchoqlar farzandlaringizga foyda keltirishi haqida o‘z maqolasida shunday yozadi:

«O‘yinchoqlar shunchaki o‘yinchoq emas. O‘yinchoqlar bolalarimizga dunyo va o‘zlari haqida o‘rgatadi.

Aqlli ota-onalar kamroq o‘yinchoqlar va minimalist yondashuvni qo‘llash farzandlariga katta foyda  keltirishini tushunishadi:

Bolalar ko‘proq ijodiy bo‘lishni o‘rganadilar

Juda ko‘p o‘yinchoqlar bolalarning tasavvurini to‘liq rivojlantirishga to‘sqinlik qiladi. Sog‘liqni saqlash xodimlari Strik va Shubert tajriba o‘tkazdilar. Unda ular bolalar bog‘chasidagi o‘yinchoqlarni uch oy davomida olib tashlashdi. Eksperimentning dastlabki bosqichlarida bolalarda zerikish paydo bo‘ldi. Lekin bolalar tez orada o‘yinlar ixtiro qilishni boshladilar.

Bolalar e’tiborini rivojlantiradilar

Bolaning hayotiga juda ko‘p o‘yinchoqlar kiritilsa, ularning diqqat-e’tibori yomonlasha boshlaydi. Bola kamdan-kam hollarda oldidagi o‘yinchoqni to‘liq qadrlashni o‘rganadi, axir ularda son-sanoqsiz variantlar mavjud.

Bolalar yaxshiroq ijtimoiy ko‘nikmalarni o‘rnatadilar

Kamroq o‘yinchoqli bolalar boshqa bolalar va kattalar bilan shaxslararo munosabatlarni rivojlantirishni o‘rganadilar. Ular yaxshi suhbatdosh va tinglovchi bo‘lish ko‘nikmasini  oshiradilar. Bolalikdan yaxshi munosabatlar o‘rnatgan bola balog‘at yoshida ham baxtli hayot kechiradi.

Bolalar narsalarga ko‘proq g‘amxo‘rlik qilishni o‘rganadilar

Agar bolalar juda ko‘p o‘yinchoqlarga ega bo‘lsa, tabiiy ravishda ularga kamroq g‘amxo‘rlik qilishadi. Axir uning sevimli o‘yinchog‘iga o‘xshash yana xuddi shunaqasini olib bergansiz.

Bolalarda o‘qish, yozish va san’atga bo‘lgan muhabbat kuchayadi

Kamroq o‘yinchoqlar bolalaringizga kitob, musiqa va rasm chizishni yaxshi ko‘rishga imkon beradi. Va san’atga bo‘lgan muhabbat ularga o‘z dunyosidagi go‘zallik, hissiyot va muloqotni yaxshiroq tushunishga yordam beradi. Bu shuningdek, ularni  televizor va internetdan uzoqlashtiradi.

Bolalar topqirroq bo‘lishadi

Kamroq o‘yinchoqlar bolalarni qo‘lida bor o‘yinchoqlari orqali muammolarni hal qilishga o‘rgatadi. Va topqirlik cheksiz imkoniyatlarga ega sovg‘adir.

Bolalar bir-biri bilan kamroq janjallashadilar

Bu ziddiyatli tuyulishi mumkin. Aksariyat ota-onalar ko‘p o‘yinchoqlar bolalar o‘rtasida kam ziddiyat keltirib chiqaradi deb hisoblashadi. Biroq, buning aksi juda tez-tez sodir bo‘ladi. Bolalar o‘yinchoqlarlarni talashadilar va har safar ularga yangi o‘yinchoq berganimizda o‘zlarining «hududini» o‘rnatish uchun yana bir sabab beramiz. Boshqa tomondan, o‘yinchoqlari kamroq bo‘lgan aka-uka, opa-singillar baham ko‘rishga, hamkorlik qilishga va birgalikda «ishlashga» majbur.

Bolalar qat’iyatlilikni o‘rganadilar

O‘yinchoqlari juda ko‘p bo‘lgan bolalar juda tez taslim bo‘lishadi. Agar ularga biror o‘yinchoq yoqmasa yoki uni tushuna olmasa boshqa osonroq o‘yinchoq tufayli tezda unisidan voz kechadi. O‘yinchoqlari kam bo‘lgan bolalar qat’iyat, sabr-toqatni o‘rganadilar.

Bolalar kamroq xudbin bo‘ladilar

O‘zlari xohlagan hamma narsaga ega bo‘lgan bolalar o‘zlari xohlagan hamma narsaga har doim ega bo‘lishlariga ishonishadi. Bunday munosabat tezda nosog‘lom (va nomaqbul) turmush tarziga olib keladi.

Bolalar tabiatni ko‘proq his qilishadi

O‘yinchoqlari kam bo‘lgan bolalar tashqarida o‘ynashga ko‘proq moyil bo‘lib, tabiatni chuqur qadrlashadi. Shuningdek, ular jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishlari ehtimoli ko‘proq.

Bolalar o‘yinchoq do‘konisiz qoniqish topishni o‘rganadilar

Haqiqiy quvonch va mamnunlik hech qachon o‘yinchoq do‘konida topilmaydi. O‘z xohish-istaklariga javobni pulga sotib olish mumkin, deb o‘sgan bolalar ota-onalari kabi yolg‘onga ishonishadi. Buning o‘rniga, bolalar chinakam davom etadigan narsalardan quvonch topib, madaniyatli hayot kechirishga intilishadi.

Bolalar tartibli uyda yashaydilar

Kamroq o‘yinchoqlar uyni kamroq to‘zg‘itadi.

Men o‘yinchoqqa qarshi emasman. Men shunchaki bola tarafdoriman. Shunday qilib, bugun bolangizga yaxshilik qiling va o‘yinchoqlar sonini cheklang.»

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring