Taraqqiyot haqida mulohaza: «bir dona mix» bizni ortga tortishi mumkin
O‘zbekiston 2030 yilga kelib Global innovatsion indeks reytingi bo‘yicha jahonning 50 ilg‘or mamlakati qatoriga kirish, shuningdek, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichlarini aholi jon boshiga ikki baravar oshirish kabi katta marralarni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.
Tayinki, ushbu maqsadlarga erishish uchun oddiy xodimdan tortib eng katta amaldorlargacha mehnatini ayamaslikni talab etadi. «Sen menga, men senga tegmayman» kabi ish yuritish, o‘ylaymanki, aynan bugungi kunda eng salbiy odatlardan biridir.
Bunga tarixda misollar qalashib yotibdi. Masalan, katta bir davrni bosib o‘tgan AQShni olaylik. O‘tgan asrning oltmishinchi yillarida prezident Jon Kennedi NASA tashkilotiga tashrif buyuradi. U yerda berilib pol yuvayotgan bir farrosh ayol yoniga kelib, «Men Jon Kennediman, siz bu yerda nima qilayapsiz?» deb savol berganida, farrosh ayol unga «Janob prezident, men insonni oyga uchib, u yerga qadam qo‘yishi uchun xizmat qilayapman», deb javob bergan ekan.
Olis Prussiyada ona alla aytmoqda:
Qadimiy Prussiya.
Ona alla aytmoqda:
«Vatanga yov bostirib kirdi.
Ikki qo‘shin bir-birin qirdi.
Nogahon halok bo‘ldi prusslar sarkardasi,
Oqibatda parokanda bo‘ldi Pruss lashkari,
Yovga mag‘lub bo‘lib qochdi janggohdan.
Shahar zabt etildi.
Tahqirlandi bola-yu qari…
Nega bunday bo‘ldi?!
Sababini topaylik:
Nega shahar dushman qo‘liga o‘tdi?
Chunki qo‘shin yengildi…
Qo‘shin nega yengildi?
Chunki sarkarda halok bo‘ldi…
Sarkarda qanday halok bo‘ldi?
Otdan yiqilib…
Otdan nega yiqiladi?!
Chunki otning taqasini qoqayotganda
Taqachiga bir dona mix yetmay qolgandi…
Bir dona mix deb butun bir xalq qul bo‘ldi…»
Bitta noto‘g‘ri qo‘yilgan g‘isht, bitta chirigan yog‘och ertaga butun bir imoratning qulab tushishiga sababchi bo‘lishi mumkin.
Har kuni har birimiz ushbu «mix»ni qoqamiz. Faqat bir-birimizni aldab, ko‘zbo‘yamachilik qilib yoki boqimandalikka berilib, ushbu mixni qoqish esdan chiqmasa bo‘ldi. Bo‘lmasa, bizning farzandlarimizga prussiyalik onalar allasi aytiladi...
Otabek Hasanov,
siyosiy fanlar bo‘yicha PhD doktori
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter