Tanzila Norboyeva Nyu-Yorkka boradi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi BMT Bosh Assambleyasi doirasida joriy yil 23-sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan «Yoshlar uchun mehnat sohasidagi kelajak: yoshlar bandligini targ‘ib qilish bo‘yicha strategik hamkorlik» deb nomlangan yuqori darajadagi kengash ishida ishtirok etadi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Oliy Majlis Senati axborot xizmati xabar berdi.
Kengash ishida Senat raisi «Davlat-xususiy sheriklik yoshlar bandligi dasturlarini qanday qo‘llab-quvvatlashi mumkin? Bunda hukumat, xodimlar va ish beruvchilarning o‘rni qanday?» mavzusida ma’ruza qiladi.
Shu bilan birga, tadbirda yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida davlat va xususiy sektorlar o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga doir masalalar, shuningdek yoshlar uchun munosib ish o‘rinlarini qo‘llab-quvvatlashga oid innovatsion chora-tadbirlar muhokama etiladi.
Interfaol bahs-munozaralar esa tadbir ishtirokchilariga bu borada mamlakatlar tajribasi bilan o‘rtoqlashish imkonini beradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter