Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tanasidan 16ta igna chiqqan chaqaloq xonadonining ahvoli og‘ir

Tanasidan 16ta igna chiqqan chaqaloq xonadonining ahvoli og‘ir

Foto: «Xalq so‘zi Online»

2018-yilning eng shov-shuvli bu g‘ayrioddiy voqeasi qanday qilib xayoldan ko‘tarilish mumkin?! 9 oylik chaqaloqligidan mamlakatimizga taniqli bo‘lib ulgurgan Azizbek Abdumajidov shu yilning 11-fevral kuni ikki yoshga to‘ldi. Dadasi Alijon Xudoyberdiyev va onasi Shohsanam Boltaboyeva o‘tgan 2018-yilda bo‘lib o‘tgan voqealar tufayli ruhiy zo‘riqish onlarini boshdan kechirdi. Bu yil boshida esa tilab-tilab olgan farzandi Azizbekning tavallud kunini «Mehnatobod» MFYga qarashli Yangi yo‘l ko‘chasidagi yangi ko‘chib o‘tgan, hali qurilishi oxiriga yetkazilmagan xo‘jalikda nishonlashdi, deb xabar berdi «Xalq so‘zi Online».

«Shifokorlarga rahmat. Birinchi operatsiyasi mutlaqo bepul, beminnat, muvaffaqiyatli amalga oshirildi. O‘g‘limning ahvoli hozir juda yaxshi. Lekin Azizbekni har olti oyda poytaxtda ko‘rikdan o‘tkazamiz. O‘tgan yili 12-sentyabr kuni Toshkentga olib borganimizda shifokorlar o‘g‘limda hayotiga xavf soladigan noxush o‘zgarishlar yo‘qligini aytishdi. Baribir juda xavotirdaman. Tanasida yana 3 dona sim va igna olib tashlangani yo‘q. Ko‘krak qovurg‘asi hamda bo‘yin qismida, yurak orqa tomoni — umurtqa oldiga joylashib qolgan ignalarni chiqarib tashlash uchun yana operatsiya zarur. Shifokorlarning ta’kidlashicha, bunday amaliyot uchun bolamiz hali yetarli jismoniy quvvatga ega emas. Jigarbandim yanada kuchga to‘lib olishi kerak ekan. Bu yog‘ini so‘rasangiz, operatsiyadan oldingi mayda bordi-keldi va boshqa xarajatlarga ham kuchimiz yetmaydi, afsuski. Olti oy muddat «lip» etib o‘tib ketdi. Shu oyda yana Azizbekni shifokor ko‘rigiga olib borish zarur», — deydi onasi Shohsanam Boltaboyeva.

Foto: «Xalq so‘zi Online»

«Bilasiz, yangi uyga ko‘chib o‘tish va ro‘zg‘orni but qilib olish uchun qishloq sharoitida ko‘p mehnat talab etiladi, – deydi Azizbekning otasi Alijon Xudoyberdiyev. – Buni yashiradigan joyi yo‘q. Ayolim Shohsanam bola tarbiyasi va uy ishlari bilan mashg‘ul. O‘zim o‘g‘limning boshidan kechirgan noxush holatlari tufayli migrant bo‘lib ishlashdan voz kechdim. Hozir muqim ish topguncha kunlik yollanma ish bilan mashg‘ulman. To‘g‘ri, yangi ko‘chib o‘tgan uyimizda 10 sotix tomorqamiz bor. Undan unumli foydalansak bo‘ladi. Yalqov emasman-u, agar tomorqa bilan mashg‘ul bo‘lib qolsam, kundalik tirikchilikdan qolib ketamiz. Keyin bizni kim boqadi? Amal-taqal qilib kunlik ro‘zg‘orga kerak bo‘ladigan mablag‘ni zo‘rg‘a topib kelyapman. Hozir turmush o‘rtog‘im bilan bor diqqatimizni o‘g‘limning butunlay sog‘ayib ketishiga zarur sarmoya yig‘ish bilan bandmiz. Televizorda ko‘rsatishyapti, tomorqadan unumli foydalanish uchun sharoiti bo‘lmagan shaxslarga davlat, bank va yana ayrim tashkilotlar har tomonlama yordam berisharkan. To‘g‘risi, shundan umidimiz bor. Tuman hokimligi yoki mutasaddi tashkilotlar bizning oyoqqa turib olishimiz va tomorqamizdan unumli foydalanishimizga birinchi ko‘makni ko‘rsatishsa, u yog‘iga eru xotin eplab ketardik. Faqat boshlanishiga qo‘limiz kaltalik qilyapti-da...»

Shohsanamning aytishicha, bir muddat avval Toshloq tumani Xalq qabulxonasi va tuman hokimligiga ham yordam so‘rab murojaat qilgan. Biroq bu murojaatga biror-bir jo‘yali javob berilmagan. To‘g‘ri, mahalla ahli yoki qarindosh-urug‘lar tomoshabin bo‘lib turishgani yo‘q. Lekin «ha» degan tuyaga madad, deydilar.

Mahalladoshlarning aytishicha, yangi mahalla Katta Farg‘ona kanalining yoqasida joylashgani uchun dehqonchilik qiladigan yerlar zax. Hatto, kovlansa, bir yarim metrdan suv chiqib ketarkan. Mevali daraxtlar esa ayni mevaga kirgan pallada zax tufayli qurib qolaveradi. Shuning uchun qo‘ni-qo‘shnilar chorva boqishni ma’qul ko‘rishadi. Nazarimizda, murg‘ak Azizbekning ota-onalari Alijon Xudoyberdiyev va Shohsanam Boltaboyevaga ham chorva olishda, yanada aniqrog‘i, ularning boshiga tushgan tashvishlardan xoli bo‘lib oyoqqa turib olgunlarigacha keng jamoatchilik vakillari, savobtalab insonlar va mutasaddilarning yordami zarur.

Ayni paytda bolaning hayotiga xavf yetkazmaydigan darajada tanada joylashgan uchta igna haligacha organizmda qolmoqda. O‘tgan yili bu holat yuzasidan jinoyat alomatlari topilmaganligi bois tergov harakatlari to‘xtatilgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring