Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tafsilotlar oshkor qilindi: «Yoshlar kuni» mutlaqo yangicha formatda o‘tkaziladi

Tafsilotlar oshkor qilindi: «Yoshlar kuni» mutlaqo yangicha formatda o‘tkaziladi

Foto: «Fikr.uz»

25-iyun kuni Vazirlar Mahkamasida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik. Yig‘ilishda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida qilinayotgan ishlar, 30 iyun kuni nishonlanadigan «Yoshlar kuni»ni munosib kutib olish kabi masalalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda ishtirok etgan «Xabar.uz» muxbirining ma’lum qilishicha, videoselektorda yoshlarning xohish va istaklari asosida, barcha umumta’lim maktablari 11 yillik ta’lim tizimiga o‘tkazilgani ta’kidlandi.

Kollej va litseylar tizimini takomillashtirish maqsadida katta islohotlar olib borilmoqda. O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tavsiyasida asosida yosh tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratish tizimi joriy etildi. «Yoshlar – O‘zbekiston kelajagi» davlat dasturi ishlab chiqildi. Bu dastur hozirda Quyichirchiq va Chilonzor tumanlarida sinovdan o‘tkazilmoqda.

Dasturning qabul qilinishi bilan yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish, ularga imtiyozli kredit berish va bandligini ta’minlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratilishi qayd etildi. Bu bevosita bugungi kunda yoshlarni qiynab kelayotgan muammolar, bandlik masalasi hamda ularning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari uchun yaqindan yordam berish, imkoniyat yaratish deganidir.

Yig‘ilishda Quyichirchiq va Chilonzor tumanida o‘tkazilgan o‘rganish va tajribalar haqiqatda bugungi kunda ko‘plab binolar bo‘sh turgani, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlarimiz ko‘pligiga guvoh bo‘lingani aytib o‘tildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda Xitoyning Sindao shahrida, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlari kengashining majlisida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining yoshlarga murojati va uni amalga oshirish bo‘yicha harakatlar dasturining qabul qilinishi taklifi bilan chiqqandi. Bu bilan O‘zbekiston yana bir marotaba dunyo hamjamiyatida yoshlarga oid davlat siyosatida o‘z o‘rni bilan ajralib turganini ko‘rsatdi. Shuningdek, BMTning 72-sessiyasida Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo yoshlari forumini o‘tkazish taklifi bilan chiqqan edi. Ushbu yoshlar forumi 26-30 iyun kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Yig‘ilishda yurtimizda yoshlar aholining umumiy soniga nisbatan 55,3 foizini, ya’ni 18 millionni tashkil etishi qayd etildi. Bu esa barchadan yoshlar siyosati borasida olib borayotgan ishlarga ma’suliyat bilan, yanada te’ranroq qarash kerakligini anglatishi ta’kidlandi.

Videoselektor majlisida yurtimizda ilk marotaba o‘tkazilayotgan 30-iyun - «Yoshlar kuni» bayramini yangicha mazmun va shaklda, xalqimiz, ayniqsa yoshlarimizga ma’qul bo‘ladigan tarzda tashkillashtirish lozimligi aytib o‘tildi.  «Yoshlar kuni»ga bag‘ishlangan tadbirlar «yoshlar kelajagimiz» shiori ostida tayyorlangan konsepsiya asosida amalga oshiriladi. Tadbirlar o‘tkazish dasturlari va ssenariylari qatorida hokim va yoshlar uchrashuvlari bo‘ladi. Namunaviy to‘ylar, galakonsert va mehnat yarmarkasining ssenariylari bo‘ladi. Barchasi mutlaqo yangicha tayyorlab qo‘yilgan. Ya’ni, har bir tumanda 27-29-iyun kunlari, 30 iyun kuni viloyat miqyosida ushbu tadbirlar tashkil etiladi.

Yig‘ilishda «Yoshlar kuni» bayramini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha mutasaddi vazirlik va idoralar, viloyat, tuman va shahar hokimlari, hududiy ishchi guruhlari aniq va maqsadli tadbirlar rejasini ishlab chiqishlari lozimligi ta’kidlandi. «Bu bayram 18 million yoshlarimiz har birining qalbiga joylashishi kerak. Butun dunyoda hali birorta bunaqa tadbir bo‘lgan emas», deyildi videoselektor majlisida.

Tadbir doirasida mehribonlik va muruvvat uylari tarbiyalanuvchilari, kam taminlangan oilalar farzandlari, imkoniyati cheklangan yoshlarga alohida e’tibor qaratilishi va ular uchun har bir tuman va shaharlarda soat bayram dasturxonlari tashkil etiladi.

Hokim va yoshlar uchrashuvlari tashkil etilganda, har bitta viloyatdan ikki nafardan yoshlar «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlanadi. Mukofotlarni hamda Prezident sovg‘alarini viloyat hokimlarining shaxsan o‘zlari taqdirlanuvchilarga topshiradi.

«Yoshlar kuni» munosabati bilan o‘tkaziladigan galakonsertlarning eng kattasi Toshkent shahridagi sobiq Bunyodkor o‘yingohi, ya’ni Milliy o‘yingihida 30 iyun kuni soat 19:00 da tashkil etiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring