Sud oilani saqlab qoldi
Oila muqaddas dargoh. Uning muqaddasligini his qilgan va asrab-avaylay bilgan er-xotingina namunali, o‘zgalar havas qiladigan turmush kechiradi. Farzandlarini komil insonlar qilib tarbiyalaydi. Aksincha, bir-birini tushunmaslik yoki yon-atrofdagilarning huda-behudaga ikki yoshning shaxsiy ishlariga aralashaverishi ro‘zg‘ordan barakani, hamjihatlikni ketkazadi. Hatto o‘sha oila ajrim yoqasiga ham boradi.
Sho‘rchi tumanida yashovchi Sohib (ism-shariflar o‘zgartirilgan) ham 2014 yili qumqo‘rg‘onlik Nafisa bilan turmush qurdi-yu, totuv yasholmadi. Aniqrog‘i, kelin bo‘lmishning qaynonasi bilan gapi qovushmadi. Oqibatda bu oila janjalning uyasiga aylanib qoldi. Ayni dilxiralik oradan bir yil o‘tgach, farzandlari tug‘ilganidan keyin ham arimadi. Boz ustiga Sohib xotini va qizini qoldirib, ishlash uchun Rossiyaga ketib qoldi. Qarabsizki, qaynona-kelin mojarosi avj olsa-oldi, bosilmadi. Shu bois oila bekasi Zulayho opa Nafisani o‘g‘lining yoniga jo‘natib yubordi. Rossiya Federatsiyasidan qaytgach, kelin ikkinchi farzandi – o‘g‘li Jasurni dunyoga keltirdi. Biroq ikki o‘rtadagi sovuqchilik baribir ko‘tarilmadi. Natijada Nafisa ikkala bolasini yetaklab, otasinikiga ketib qoldi.
Mana shu zaylda oradan 2 yil o‘tdi. O‘tgan 2022 yil sentyabr oyida esa kuyov tomon nikohdan ajratishni so‘rab, fuqarolik ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumanlararo sudiga da’vo ariza kiritdi.
Albatta, oiladagi arzimas janjallar, kelishmovchiliklar oilaning parchalanishi – ajrim uchun sabab bo‘lolmaydi. Binobarin, sud oilani saqlab qolish maqsadida o‘zining 2022 yil 29 sentyabrdagi ajrimi bilan taraflarga yarashib olish uchun 4 oy muhlat berdi.
Buni qarangki, ana shu muddat mobaynida qudalar bir-birini tushunishdi, murosaga kelishdi. Eng muhimi, ikkala tomon ham norasida go‘daklarning tirik yetim bo‘lib qolishini xohlamadi. Natijada er-xotin yarashib olib, birga yashay boshlashdi. Shu bois da’vogarning ishonchli vakili Zulayho opa suddan da’vo arizani ko‘rmasdan qoldirishni so‘radi. Shundan kelib chiqqan holda sud Fuqarolik protsessual kodeksining 122-moddasiga binoan da’vo arizani ko‘rmasdan qoldirish to‘g‘risida ajrim chiqardi.
Xulosa qilib aytganda, guldek bir oila saqlab qolindi. Endi farzandlar tirik yetim bo‘lmay, ota-ona mehridan bahramand holda ulg‘ayishadi. Zero, yoshi ulug‘larimiz «Qushning ham ini buzilmasin» deya bejiz aytishmagan.
Fazliddin Xidirov,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumanlararo sudining raisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter