Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sobir, dunyo shundoq turmas ekan-da?!

Sobir, dunyo shundoq turmas ekan-da?!

Bir haftaki, Sobir O‘narning «Tanlangan asarlar» rukni ostida chop etilgan qissa va hikoyalari (ularni adibning jigargo‘shasi G‘iyosiddin O‘narov nashrga tayyorlagan) to‘plangan qalin kitobini o‘qiyapman.

Bu asarlarini, avval, uning o‘zi tirikligida bo‘linib-bo‘linib kitobcha, to‘plamlar bo‘lib chiqqanida bergandi. To‘g‘risi, ularni u mahallari chala-chulpa varaqlab ko‘z yugurtirib, yurakni berib o‘qishga hafsalam yetmagan. Sababiki, o‘sha katta-kichik asarlari qo‘lyozmalarini bundan 30-35 yilcha burun qanday dunyoga kelganini bilardim. Chunki men Sobir bilan qariyb qirq yil avval tanishgan bo‘lsam, u bilan shu darajada sirdosh, darddosh bo‘lib ketgan edikki, bizlarni faqat va faqat o‘lim otlig‘ baloyi azim ayirishi mumkinligini keyin angladim!

Biz 1986-yil Miroqida yosh ijodkorlar anjumanida tanishgan bo‘lsak, keyin musofirlikda – avval ishchilar yotoqxonasida, keyin Yunusoboddagi ijara «dom»da birga turdik (jurnalist va ijodkor do‘stlarimiz Komil Jumayev, Muhammad Ismoil guvoh, rahmatli Hoshimjon Mirzaahmedov ham yonimizda edi o‘sha mahallari). Keyin esa barimiz qaldirg‘och bolalariday har yoqqa sochilib, uloqib ketdik. Taqdir ne ko‘ylarga soldi, yolg‘iz Xudoyim guvoh bularga!

Oramizda har qanday sinov, kulfat, azob-uqubatlarga faqat Sobir O‘nargina ko‘ksini qalqon qila olardi. U hech qachon birovni sotganini, xiyonat qilganini yo kimningdir ortidan g‘iybat qilganini eslay olmayman. Men bu gaplarni nega yozyapman? Nega o‘ttiz-qirq yil oldingi mahzun xotiralarni eslayapman?

Mubolag‘a emas, Sobir O‘narning har bitta qissasi, hikoyasida hayotiy haqiqat ustun turadi. To‘qima yo yasama obrazlar deyarli yo‘q. Qahramonlari yonimizda, avvalo, Sobirning o‘zi, mana men deb turibdi, siz, men va boshqalar.

Nima demoqchiman, adabiyotda, ayniqsa nasrda shuhrat qozonish, xalq nazariga tushish oson ish emas. Shu ma’noda Sobir O‘narning asarlarini mutolaa qilyapmanu... ko‘z oldimga Qodiriylar, Tolstoylar, Qahhoru Shukshin, Chexov yo G‘afur G‘ulom, Chingiz Aytmatov, Odil Yoqubov yo Pirimqul Qodirov, Shukur Xolmirza, Tog‘ay Murod, Erkin A’zam, Xayriddin Sulton, Ahmad A’zam, Xurshid Do‘stmuhammad, Alisher Ibodinov, Nazar Eshonqul, Abduqayum Yo‘ldosh, Luqmon Bo‘rixon, Isajon Sulton v.h.larning yozgan roman, qissa, esse, hikoyalaridagi qahramonlar kelyapti. Adolat tarozisiga qo‘yilsa, har bir adibning toshbosar asarlari bor va ular har qancha e’tirof etilsa arziydi ham.

Ming afsuski, keyingi o‘n yilliklarda she’riyat va nasr bobida biznikilar ancha ilgarilab ketdi. Ammo adabiyotshunoslik degan katta bir jabha oldga emas, ortga qarab ketayotgani ana shu asarlarga bildirilayotgan munosabatlarda yaqqol ko‘rinib qoldi. Hozir adabiyotshunoslar orasida artistlarga o‘xshab, «birrovchilar» ko‘paygandek nazarimda. Biror kitob chiqqudek bo‘lsa, tamom, haybarkallachi tanish-bilishlar qo‘ziqorinday bosadi hammayoqni. Endi... qanday kitoblar bosilayotganini aytib o‘tirmayin, bu alohida mavzu!

Menga alam qilgani: masalan, taniqli adiblarimiz yoki olaylik, Sobir O‘narning qissa va hikoyalarini kim, qachon, qayerda baholi qudrat tahlil qilib bera oldi? Hozir hammayoqda nima ko‘p, filfak – o‘zbek tili va adabiyoti, filologiya bilan jurfak – jurnalistika, katta bir universitet gurillab kadr tayyorlab beryapti! To‘g‘rimi? Xo‘sh, o‘zi ularda nima o‘qitilyapti? Maktablardagi o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchilari o‘quvchilarga kimlarni targ‘ib qilyapti? Hatto o‘sha muallimlar orasida boshqalarni aytmay qo‘ya qolay, Shavkat Rahmon, Xurshid Davron, Muhammad Rahmon, O‘rozboy Abdurahmon, Baxtiyor Genjamurod, Qutlibeka, Abduvali Qutbiddin, Zebo Mirzo, Halima Ahmad, Zulfiya Mo‘minova, Nazar Eshonqul, Shodiqul Hamro, Abulqosim Mamarasul, Faxriyor, Salim Ashur, Iqbol Mirzo, G‘ulom Mirzo, Rustam Musurmon, Najmiddin Ermatov, Jontemir Jondor degan betakror shoiru adiblar borligini bilmaydiganlar kam emas, ishoning, judayam ko‘p. Hatto ixtisoslashgan ijod maktablarida tahsil olayotganlar ham men sanagan ijodkorlar ijodidan xabardor ekaniga shubham bor...

Xullas, oltmish yoshgayam yetmayin boqiy dunyoga safar qilgan ulkan adib do‘stim Sobir O‘narning shu kitobi bahonasida ko‘nglimdan kechgan alamli xotiralar, dilgir ishtibohlarni sizlarga ilindim...

                                                          Norqobil Jalilov, jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring