Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bunday yozish qo‘limdan kelmaydi»: marhum yozuvchi haqida xotiralar

«Bunday yozish qo‘limdan kelmaydi»: marhum yozuvchi haqida xotiralar

Sobir O‘narning vafot etganini eshitib, dovdirab qoldim.

Yozuvchi bilan bundan 10 kun burun Uyushmada gaplashgan edim. Ungacha esa deyarli 10 yil ko‘rishmaganmiz.

U «siz qatorilarning barchasi pensiyaga chiqib ketdi, siz hali formadasiz-ku», dedi (Ish vaqtida shoshib Uyushmaga kitob olib borgan edim). Men ijodi bilan qiziqdim. Roman-ku yozmayotgani, kichikroq narsalar bitib turganini aytdi. Qo‘limdagi kitoblarni ko‘rib, sevinib «bittasi menga», dedi (birovlarga kitob sovg‘a qilishni yoqtirmayman. «Bu kitobini berib, meni o‘qishga, keyin esa yaramas asari haqida fikr so‘rab, yolg‘on gapirishga undayapti», deb asabiylashishi mumkin. Odamlarni noqulay ahvolga qo‘ymayin, deyman). Sobir akaning o‘zi kitobni so‘raganidan xursand bo‘ldim.

Aytolmayman, Sobir aka bilan osh-qatiq edik, deb. Biroq  yozish bilan jiddiyroq shug‘ullana boshlaganimdan buyon bu insonni taniyman. O‘zi oramizdagi yosh uncha katta bo‘lmasa-da – 3 yil, hali qishloqda yurganimda «Yoshlik» jurnaliga yuborgan hikoyamga Sobir O‘nardan javob xati kelgan. Nima deb yozgani yodimda yo‘q, lekin o‘sha davrda men uchun shunday obro‘li jurnaldan rasmiy xat kelishining o‘ziyoq katta gap edi. O‘shandan buyon bu insonning ijodi bilan qiziqaman (familiyasiyam qiziq edi-da, o‘nlab marta qayta-qayta o‘qiganman «xato yozganmikin», deb).

«Orzuga to‘la qishloq» ko‘p yillar davomida eng sevimli kitobim bo‘lgan.

Sodda, samimiy yozar edi. Qahramonlari ham o‘ziga o‘xshaydi – beozor. Tan olish ham mardlik – bir umr mana shunaqa samimiy yozadigan, qahramonlarini birday yaxshi ko‘radigan, ularni yaxshi-yomonga ajratmaydigan, asarida o‘ta razil qahramonlar bo‘lmagan ijodkorlarga havas qilaman. Bunday yozish qo‘limdan kelmaydi, rosti. Sobir aka esa buni boplardi. Aslida, har qanday yozuvchining barcha qahramonlari fe’l-atvori, tabiatini bir joyga yig‘sa, yozuvchining o‘zi paydo bo‘ladi.

Sobir akaning so‘zlashuvi ham yozganiga o‘xshardi: birovga past nazar bilan qaragani, yomonlaganini eshitmaganman. Kam, og‘ir-bosiq va dona-dona qilib gapirardi.

Bir paytlar, «King-kong» nomli kino mashhur bo‘lganda, Luqmon Bo‘rixon shu filmni ko‘rib kelganini aytib qoldi. «Qanaqa ekan?» deb so‘rasak. «Zo‘r, lekin Sobir O‘narning bu kino haqidagi hikoyasi o‘n chandon qiziqarliroq edi», degan.

Bilmadim, negadir Sobir O‘nar har doim meni qo‘llab yurardi. Har holda menga shunday tuyulgan. Bosh muharrirlik paytlarida tez-tez qo‘lyozmalarimni e’lon qilardi, Uyushmaga a’zo bo‘lishim uchun tavsiya ham bergan. Maqola va intervyularida eslab o‘tardi... Bir romanimni chop etmoqchi bo‘lib, e’tirozlarimga qaramay, «romanni shov-shuv qilamiz», deb Odil Yoqubovdan so‘zboshi olmoqchi bo‘lgan. Bahonada Odil aka bilan tanishib, suhbatlashganman, biroq roman Odil Yoqubovga yoqmagan. «Hayronman, nega yoqmadiykan?» deb ko‘p xijolat bo‘lgandi Sobir aka.

Oxirgi suhbatimizda Sobir aka roman yozmagani haqida bir oz armon aralashtirib so‘zlagan edi. Men tasalli berganday bo‘ldim, «janr muhim emas, asosiysi yaxshi yozish», deb.  Haqiqatan ham shunday, 40 yildan buyon qog‘oz qoralab, endi tushunyapman, asosiysi qisqa, aniq va lo‘nda yozish ekan. Sobir akalar esa yoshligidan bilgan bu haqiqatni... Bekorga yoshligidanoq mashhur bo‘lmagan... yoshligidanoq Davlat mukofoti olishining bir sababi bo‘lgan-da.

Bugunga kelib adibga e’tibor susaygan, u avvalgiday ma’lum va mashhur bo‘lmasa,  bu endi Sobir O‘narning emas, balki adabiyotning muammosi, adabiyotdagi muammo!

Ismoil Shomurodov,
Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring