Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sinovli kunlarda prokurorlar qancha xayriya qilishdi?

Sinovli kunlarda prokurorlar qancha xayriya qilishdi?

Bugungi sinovli kunlar kim aslida kim ekanini ko‘rsatadigan oyna vazifasiniyam o‘tamoqda. Erta bahorda yurtimizga kirib kelgan pandemiya hamon qilichini yalong‘ochlab turibdi, kamiga yuz bergan tabiiy ofat hammani bir qalqitdi. «Sardoba»da yuz bergan toshqin-ku, avvaliga eskankiratib qo‘yganiyam rost. Xullas, ustma-ust sinovlar, ular oqibatida kelib chiqqan iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa qiyinchiliklar hammani imtihondan o‘tkazmoqda. Eng muhimi, sinovlar davlat va xalqni eng oliy maqsadlar yo‘lida yanada jipslashtirdi. Har ne sinovlarda hikmat bo‘lganidek, bugungi oson bo‘lmagan kunlar o‘zbekni musht kabi birlashtirib, tom ma’noda XALQ ekanini ko‘rsatdi.

Keng ko‘lamda amalga oshirilayotgan tegishli chora-tadbirlarning samarali ro‘yobga chiqarilishida prokuratura organlari ham chetda turgani yo‘q. Aksincha, «yurtga kelgan to‘y»da faqat nazorat qilish bilan cheklanmay, sinovlarning oldingi qatorida turibdi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, prokuratura organlari tomonidan pandemiya sababli aholining murakkab ahvolga tushib qolgan qatlamlariga 5,2 mlrd. so‘m bevosita yo‘naltirildi, Sardobadagi ofatdan jabr ko‘rganlarga 2,8 mlrd. so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi. «O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondiga esa 5,9 mlrd. so‘mlik homiylik mablag‘i o‘tkazildi. Bundan tashqari, prokurorlar rahbarlik qilayotgan sektorlarda 149 mingdan ziyod ehtiyojmand oilaning 55 mingga yaqini tegishli ro‘yxatdan, ya’ni kambag‘allikdan chiqarildi.

Shu paytgacha ochiqlanmagan mazkur raqamlarni endi aytayotganini izohlar ekan, H. Shamsutdinov iltimos qildiki, keltirayotgan ma’lumotlarni minnat emas, ma’lumot sifatida qabul qilinishini so‘rardik. Buning boisi — kuni kecha hamkasblarimizning 264 nafari «Mehr-saxovat» ko‘krak nishoniga loyiq ko‘rildi. Yuqorida qayd etilgan raqam tizim tomonidan ko‘rilayotgan choralar va e’tirofga munosib ko‘rilgan xodimlarning xizmatini qisman ko‘rsatadi. Bugun Bosh prokuraturada bo‘lib o‘tgan videokonferensaloqa tarzidagi tadbirda fidoyi xodimlarga mukofotlar tantanali ravishda topshirildi. Sharoit ko‘targanda-ku, mahkama rahbari ularning har birining qo‘lini mahkam siqib, yelkasiga qoqib qo‘yishi aniq edi. Mayli, o‘sha kunlar ham kelar, nasib. Zero, barcha harakatlar shunga qaratilgan...

Darvoqe, «Mehr-saxovat» ko‘krak nishoni haqida.

Mazkur ko‘krak nishoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-maydagi farmoniga ko‘ra ta’sis etilgan. «Mehr-saxovat» ko‘krak nishoni bilan koronavirus pandemiyasi davrida, shuningdek, turli tabiiy ofatlar tufayli el-yurtimiz boshiga tushgan sinovli kunlarda mavjud xavf-xatarlarga qarshi kurashda, ularning oqibatlarini bartaraf etishda mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatgan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga katta hissa qo‘shgan, jamiyatimizda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlashda faol ishtirok etishda o‘rnak bo‘layotgan yurtdoshlarimiz taqdirlanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring