Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shifokor kuchli sovuq qo‘zg‘atadigan allergiyadan ogohlantirdi

Shifokor kuchli sovuq qo‘zg‘atadigan allergiyadan ogohlantirdi

Foto: Xabar.uz

Shu kunlarda yurtimizda anomal sovuq kuzatilmoqda. Bunday harorat ba’zi insonlarda allergik reaksiyalarni hosil qilishi mumkin.

Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova SSV matbuot xizmati bilan shu haqdagi tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.

— Sovuq oqibatida paydo bo‘ladigan allergiya tananing past harorat ta’siriga haddan tashqari sezgirligini anglatadi, — deydi professor. — U ko‘proq ayollar va bolalarda kuzatiladi.

Ushbu kasallik, avvalo, immunitet tizimining zaifligi alomati. Bunday insonlar sovuq bilan yuzlashganda, organizm noyob patologik oqsil — krioglobulin ishlab chiqara boshlaydi.

U immunitet hujayralari tomonidan yot unsur sifatida qabul qilinib, hujumga uchraydi. Bu jarayonda faol ishlab chiqariladigan gistamin moddasi esa allergik reaksiyaga sabab bo‘ladi.

Xastalik turli ko‘rinish va shakllarda namoyon bo‘lishi mumkin: eshakemi, rinit, kon’yunktivit, dermatit, astma. Hatto og‘ir holatlarda ba’zi bemorlarda Kvinke shishi ham hosil bo‘lishi mumkin. Ular orasida eng keng tarqalgani eshakemi bo‘lib, tanada pufakchalar paydo bo‘lishi bilan tavsiflanadi.

Sovuqdan allergiya belgilari izg‘irin harorat ta’siridan 3-5 daqiqa o‘tgach paydo bo‘ladi va alomatlar 1-2 soatdan bir necha kungacha davom etishi mumkin.

Kasallikning o‘tkir va surunkali shaklida qo‘l, yuz, yonoq va oyoqlarlarda kuchli qichishish yuzaga kelib, so‘ngra terida qizil dog‘ va pufakchalar hosil bo‘ladi.

Ba’zan titroq, umumiy holsizlik, yurak urishi tezlashishi va bo‘g‘imlarda og‘riq kuzatiladi. Nafas qisishi, taxikardiya, qon bosimi pasayishi, ko‘ngil aynishi, qusish, qorin og‘rig‘i bezovta qilishi mumkin.

O‘tkir respirator virusli kasallikka chalingan, allergiyaga nasliy moyilligi bor, oshqozon-ichak yo‘llari va jigar xastaliklaridan aziyat chekayotgan bemorlarda sovuq harorat ta’siriga ko‘proq sezgirlik kuzatiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring