Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Esse: Qish va men yoxud nima uchun qishni yomon ko‘raman?

Esse: Qish va men yoxud nima uchun qishni yomon ko‘raman?

foto: internet, ochiq manba

Men qishni yomon ko‘raman. Bolaligimda qishda qiynalganmanmi? Hamma qatori qalin yog‘adigan qorni yaxshi eslayman. Mo‘rilardan chiqib turgan tutunlar, chana toyganlarimiz, jiqqa ho‘l paypoqda ham kasal bo‘lmasligimiz, tarnovdan osilib tushgan sumalak – muzni qarsillatib yeganlarimiz, qorbobo yasaganlarimiz, qorbo‘ron o‘ynaganlarimiz... Endigina dunyoni idrok etayotgan bola uchun osmondan oq qor emas loy tushsin mo‘’jiza bo‘lib ko‘rinaveradi, chunki u o‘z nomi bilan bolalik.

Bir tomondan tutayotgan tappini olov oldirish uchun onamning ko‘zidan oqqan yoshlar, uyimizdan doimo yongan tappi, ko‘mirning hidi kelib turishi, tiqilib bir uyda uxlashimiz, eng birinchi turgan onam to uy isiguncha sovqotishi... o‘ylayman o‘sha paytlari onam uchun qish mazza fasl bo‘lganmikan?

Onam rahmatlining yoshligini eslayman, oyog‘ida tosh kalish bilan muzlab qolgan kranni qaynoq suv quyib eritgani va o‘sha muzday suvda qo‘llarini kuh-kuhlab kir chayganlarini, keyin esa qip-qizarib ketgan oyog‘ini pechka oldida isitgani... Pechkaning ustida choy qaynardi, ovqat, sut pishardi, ovqat isitilardi, ba’zan sariyog‘ eritilardi. Bir voqea hech esimdan chiqmaydi. Onam sovuqda qizarib ketgan oyoqlarini isitish uchun pechka tagiga tiqqanda, eng kichik ukam onamga yopishgani va onamning qo‘li temir kosadagi sariyoqqa tegib qaynoq yog‘ oyog‘i ustiga jazillab to‘kilgani, onam qishni kuygan oyog‘i bilan amallab o‘tkazgani...

Mart kelishi bilan «endi qorlar erishni boshlaydi tozza qish chakamga(jonimga) tegdi» derdi, o‘sha paytlari bolaligimga borib buni idrok qilmagandirman, ammo hozir hali qish o‘rtalamasdan qishning jonimga tekkanini his qilayapman.

Men O‘zbekistonning qishini yomon ko‘raman. Shaharda yashasam ham, gaz taqchil bo‘lmasa-da, pechkaga ko‘zim achib o‘t qalamasam-da yomon ko‘raman... Shuncha yil yashab ko‘p qavatli uyda ham, yotoqxonada ham, hovlida ham issiqdan yayrab yashamadim. Esimda Chilonzorda to‘qqiz yil yashagan betonli ikki xonali uyimiz eng tepa beshinchi qavat va chekkada bo‘lgani uchun hech qachon isimasdi, temir batareykalar ilimiliq bo‘lardi. Keyinchalik hovliga ko‘chdik. Kun sovusa gaz pasayib ketishi oddiy holga aylandi. Pasayishi va ko‘tarilishi haqida ogohlantirilmaganimiz naq halovatimizni o‘g‘irladi. Agar gazni pasaytirsak yoki tabiiy pasaysa ham o‘chadi, baland qilib qo‘ysak markazdan o‘chirilsa va gaz jo‘natilganda yana baland kelib bir pasda gazxonamiz gazga to‘lib portlash va xonalarga tarqalib bo‘g‘ilish xavfi bor. Shuning uchun uch oy esi dardimiz gazga qarash: ko‘tarilib ketmabdimi, pastlab ketmabdimi, o‘chib qolmabdimi? Va eng xavfsizi kechasi o‘chirib qo‘yib uxlash. Ertalab muzdaygina xonada ishga ketishga tayyorgarlik. Junjikib, to sovuq xonaga moslashguncha... juda noxush holat. Ishga ketishda uyda hech kim qolmagani bois xavfsizlik jihatidan gazni o‘chirib ketamiz. Va yana eng yoqimsizi muzday uyga kirib, muzday kiyimlarni istar-istamas almashtirish. Bolaligimdan nimcha kiyaman, faqat men emas juda ko‘pchilik. Shu nimchalar ko‘p qavatli uydayam, hovlidayam bir pasga bo‘lsada yechilmaydi.

Bu nimchalarni yomon ko‘raman, noqulay, qo‘pollligi va doim kiyib yurishga majburligim uchun va bu nimchalarimni yaxshi ko‘raman, meni sovuq uyimda issiq saqlayotgani uchun.

Men qishni yomon ko‘raman. Sababi yog‘ingarchilik boshlanishi bilan «Ibrat» mahallasi, Ahmad Yassaviy ko‘chasi qishin-yozin o‘rdaklar suzsa bo‘ladigan ko‘lmakka aylanadi. Qor paytida loy aralash kir qora qor kechib yurasiz u ko‘chadan... Bunday ko‘chalar afsuski juda ko‘p yurtimizda.

30 yildan beri asfalt ko‘rmagan ko‘cha, birovga aytsang ishonmaydi negadir yon-verimizdagi barcha ko‘chalar asfalt, top-toza, faqat bizning mahallada shu ahvol, hatto aholi pul yig‘ib ham uddasidan chiqolmadi. Ushbu mahallani telegram kanalida faqat bitta mavzu: qachon axlat tashiydigan mashina keladi, svet o‘chdi, gaz o‘chdi, uy sovub ketdi...

Men qishni yomon ko‘raman. Chunki qishda is gazidan oilalar o‘lib ketadi. Tasavvur qilayapsizmi, bu yo‘qotishlar azobini tortayotgan tirik qolgan qarindoshlarning...

VVS nashri ma’lumotiga ko‘ra 2020 yil boshidan to 2023 yil sentyabriga qadar is gazidan zaharlanib halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar soni 421 taga yetibdi. 2024 yilning 26 noyabriga qadar respublika bo‘yicha gaz bilan bog‘liq jami 74 ta  baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan. Yaxshiyam qish uch oy.... shu uch oyda shuncha halokat.

Qishning bunday baxtsiz hodisalari bilan bog‘liq deyarli har bir qishloqda mudhish hodisa bor. Odamlar qish haqida eslashsa avloddan avlodga aytib beradigan o‘ta qayg‘uli xotiralar sandig‘i bor. Qaysidir yilgi qishni, sovuqni eslash kerak bo‘lsa, gazdan portlagan yoki is gazidan o‘lgan butun bir boshli oila bilan bog‘liq voqea ham eslanadi.

Hatto bu qayg‘uli voqealar orasida yangi kelin-kuyovlarning halokati kabi fojealar bor. Masalan 2023 yil yanvarda Kattaqo‘rg‘onning Oltinsoy qishlog‘ida  bir oylik kelin kuyovlar vafot etgan. O‘tgan yilning dekabr oyida Toshkent viloyatining Piskent tumanida bir kun oldin to‘ylari bo‘lib o‘tgan kelin-kuyovning is gazidan vafot etgani haqida xabarlar tarqalgan. Ya’ni tun yarmida gaz tarmoqdan uzilgan va qayta yoqilgan. Oqibatda, xonaga gaz sizib chiqqan va uyquda bo‘lgan kelin-kuyov zaharlanib vafot etgan.

Keyin yana Farg‘onada uch kunlik kelin kuyovlar...

Yurtimdagi is gazi shu qadar vahshiyki... Ko‘pchilikning esi dardi qishdan eson-omon chiqish bo‘lib qoladi. Faqat men emas, men kabi qanchadan-qancha bedor onalar, bedor bobo-buvilar bor. Oqshomlari boshqa xonalarda uxlayotgan farzandlarining, nevaralarining nafas olishiga quloq soladigan, ustiga yopgan qalin ko‘rpalar sal qimirlab qo‘ysa, uning ichidagi jon nafas olayotgani quvontirayotganlar. Bizning qozonxonamiz, hammomga yaqin, hatto hammomga kirib qaytib chiqmayotganlar haqidagi xabarlar miyamizning bir chetida turgani uchun oila-a’zolarimizdan biri yuvinishga kirsa hammom eshigi oldiga borib suvning har yoqqa sachrayotganini eshitsak xotirjam bo‘lamiz xuddi bu tiriklikdan darakdek tuyuladi...

Hidsiz, rangsiz is gazidan omon qolganlarni yana bir xavf ta’qib qiladi, bu gazning o‘chishi va qayta kelishi, bilmasdan chiroq yoki gugurt yoqsang, bir pasda kulga aylanish... 2023 yilning oxirida Samarqand viloyatida bobo-buvi va ularning voyaga yetmagan ikki nabirasi vafot etdi. Bir er-xotin eng yaqin odamlaridan bir kunda ayrildi, ham ota-onasi, ham farzandlari. Fojeani o‘ta mudhish deb nomlasak ham mudhish iborasi kamlik qiladi, hatto dahshat so‘zi ham... Bu fojeani nima deb atashni bilmadim. Ota-onasi va bolalaridan ajralgan erkak yoki ayolning tongi qanday otayapti, kuni qanday o‘tayapti? Portlash xonadon egasining isitish pechini noto‘g‘ri o‘t oldirishi oqibatida kelib chiqqan, deb malakalangan. Noto‘g‘ri o‘t oldirish katta ehtimol bilan gaz kechasi pasayib o‘chgan va yana ogohlantirilmasdan gaz jo‘natilgan holatlarda ro‘y beradi. O‘ylab qolaman mana shunday paytda gazni o‘chirish, pasaytirish, balandlatishga mas’ul xodimlar o‘zlarini qotildek his qilmasmikan?

Xabarlar orasida Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida gaz portlashi oqibatida er-xotin va ularning o‘g‘li hamda qizi vafot etgani ham bor. Portlashga xonadonda gaz to‘planib qolishi va xonadon egasi buni bilmagan holda chiroqni yoqishi sabab bo‘lgan... Savol tug‘iladi, nima ular gazni ochib qo‘yib uxlaganmi?

Internetning  Google  so‘roviga is gazi yoki gaz portlashi degan savolni berishingiz bilan bu sayt xuddi o‘z bag‘riga onlayn qabrni joylashtirgandek ko‘rinib ketadi ko‘zingizga.

Barcha xabarlar qo‘rqinchli is gazi, tutun ichida qolgan qo‘l, odam kalla suyagiga chizilgan X belgisi.

Yana bu qish faslida muzlagan yo‘llarda halokatli avariyalar yuz beradi. Ma’lumotlarga qaraganda aynan yog‘ingarchilik va sovuqda yo‘lda halokatlar sodir bo‘lishi ko‘payadi...

Men sovuqni yomon ko‘raman. Ayniqsa tungi sovuqda, sokin qish paytida ko‘rpaga o‘ranib yotarkanman, xayolimda qulog‘imga mushuk bolasining yoki kuchukning sovuqdan ayanchli yig‘layotganidek ovoz eshitiladi, bu ovoz to kunlar isiguncha tinmaydi, ehtimol kun isigach endi uysiz hayvonlar sovqatmaydi, deb o‘zimni o‘zim ovutganim uchun eshitilmayotgandek bo‘lar. O‘zimni ularning o‘rniga qo‘yib ko‘raman. Menku uyim sovuq bo‘lsayam ko‘rpaga o‘ranib isinarman. Ammo uysiz hayvonlar-chi?

Va bir kuni xuddi shunday kuchukning g‘ingshishiga o‘xshash ovozdan cho‘chib uyg‘ondim. Avvaliga doimo shuni o‘ylab yurganim uchun menga shunday tuyulayapti deb o‘yladim. Ammo ovoz endi sekinlasha va ayanchlasha boshladi. Sovuqda o‘rnimdan turish yoqmasa ham ustimga o‘sha qadrdon nimchamni kiyib hovliga chiqdim, darvozani ochdim ne ko‘z bilan ko‘rayki uyimiz oldidagi suvi yo‘q ariqchada kichkina kuchuk bolasi qalt-qalt titrab yotardi... Uni uyga olib kirib isitdim – iliqroq sut berdim, qalin matoga o‘rab qo‘ydim...

Qo‘y, sigir va tovuqdan boshqa barcha hayvonlar uchun O‘zbekistonda qish naq do‘zaxga aylanadi, sovuq va ochlik tufayli ularning ko‘pchiligi o‘lib ham ketadi.

Quyosh boru ammo yer muzlagan, sovuq paytlari odamlar doimo takrorlaydigan maqolni ko‘p eshitaman: mana shu sovuq eshakni o‘ldiradigan sovuq...

Yozda odamlar ishlatib, ishlatib qish kelgach yemishni qizg‘anib dalalarda, tog‘larda qoldirilgan qanchadan-qancha eshaklarning sovuqqotib o‘lganini o‘ylayman va homuza tortaman.

Mening qishdan ko‘nglim qolishiga yana bir sabab... Gullarni men kabi yaxshi ko‘radiganlar ko‘p va qishda saqlaydigan joyi bo‘lmagani uchun ularni boqishdan hafsalasi pir bo‘lganlar undan ham ko‘p. Har yili bir necha gullarimni qish uchun qurbonliqqa atayman va yozi bilan mehr berib qaralgan gullarimning hayoti shunday yakun topishi har doim ham juda og‘riqli.

Umuman olganda O‘zbekistonda qish odamlar uchun ham, hayvonlar uchun ham, gullar, o‘simliklar va hatto issiqxonasi bor tadbirkor uchun ham halokatli fasl. Bu yerning barcha tirik mavjudoti, tirik joni borki, qishda shunchaki yashamaydi, omon qolish haqida o‘ylaydi.

Men qishni yanada yomon ko‘rib qoldim. Chunki gaz va chiroq uchun limit belgilandi. Bu degani gaz va chiroqdan puling bo‘lsagina mazza qilib foydalanasan degani. Aytaylik yaxshi oylik oladiganlarga (O‘zbekistonda yaxshi oylik oladiganlar o‘zi ma’lum) limit unchalik ham ta’sir o‘tkazmasligi mumkin, lekin oyligi oz aholigi bu juda bilinadi. Aynan ko‘p bolali yoki bir xo‘jalikda bir necha jon yashaydigan xonadonlarda bu katta muammo keltirib chiqaradi. Yuqorida aytganimdek oyligi yaxshi aholi qatlamiga bu limitlar bilinmasligi, ko‘p pul to‘lasa ham gaz va chiroqni tejamasligi mumkin. Ammo aynan oilada nogironi bor, yosh bolasi bor, qari ota-onasi bor va shu sabablar tufayli ishlashning imkoni yo‘q odamlarga bu o‘lganning ustiga tepgan ya’ni kambag‘alni tuya ustida ham it qopgani shu bo‘ladi. Ham iqtisodiy qiynalish, ham sovuqdan qiynalish...

Men qish faslini yomon ko‘raman... Men noshukr, qanoatsiz yoki negativ, yomonlik qidiruvchi emasman, shunchaki qish faslini yomon ko‘rib qolganman...

                                                                                        Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring