Sherzod Shermatov: «O‘zbekistonni dunyoga ijobiy tanitmoqchi bo‘lsak, xalqaro tashkilotlarning talablariga mos bo‘lgan ma’lumotlarni yig‘ishni ham yo‘lga qo‘yishimiz kerak»
«O‘zbekiston 2015-yilda Global innovatsion indeksda 141 davlatdan 122-o‘rin olgan va eng ma’lumotlar kam bo‘lgan davlatlar ro‘yxatiga kirgan ekan. Undan keyin juda ma’lumotlar olish qiyin bo‘lganiga 2016 va 2017-yil reytinglariga qo‘shilmagan. 2018-yil reytingiga ham qo‘shilmasa kerak, sababi, bunday reytinglarda ma’lumotlar ancha oldindan yig‘ib olinadi va tahlil qilishga ko‘p vaqt ajratiladi», — deb yozdi Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Sherzod Shermatov «Facebook»dagi sahifasida.
Uning yozishicha, O‘zbekistonni dunyoga ijobiy tanitmoqchi bo‘lsak, albatta, xalqaro tashkilotlarning talablariga mos bo‘lgan ma’lumotlarni yig‘ishni ham yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Ko‘pchilik indekslar boshqa Xalqaro tashkilotlar indekslari asosida yig‘ilib qilinadi, shuning uchun bir xalqaro tashkilotga ma’lumot berilmasa yoki sifatsiz berilsa, keyinchalik bu boshqa tashkilotlar tomonidan ishlab chiqiladigan indekslar sifatiga ta’sir ko‘rsatadi. Buning uchun barcha vazirlik va idoralarning tegishli bo‘linmalari xalqaro indekslarga ta’sir qiladigan ko‘rsatgichlarni vaqtida yig‘ilishi va taqdim qilinishiga alohida e’tibor qaratishlari zarur.
«Lekin maqsad odatdagidek faqat reytingni oshirish bo‘lib qolishi kerakmas. Aksincha, OB’YeKTIV ma’lumot berib aynan shu reytinglardan foydalanib, boshqa davlatlardan ortda qolayotgan yo‘nalishlarni yaxshilash bo‘yicha vazifalarni belgilab olish kerak», — deya qayd etdi vazir o‘rinbosari.
Sherzod Shermatov innovatsiya muhitini yaratishga juda ko‘p omillar ta’sir etishini innovatsiya reytingini tahlili ham ko‘rstayotganini ta’kidlaydi. Uning aytishicha, O‘zbekiston misolida 2015-yildagi holatni tahlil qilinsa (rasmda) eng orqaga tortayotgan muammolar bu (soddaroq tarjimalar):
— qonunchilikni sifati va ijrosidagi muammolar;
— oliy ta’lim muammolari;
— ekologiya talablariga yetarli e’tibor qilinmasligi;
— sarmoyadorlar bozorini shakllantirilmaganligi;
— biznesni yuqori texnologiyalarga bog‘liq qismi kamligi;
— ta’lim va ishlab chiqarish orasidagi innovatsion bog‘liqlik kamligi;
— xalqaro standartlar joriy etish, xalqaro patentlar olish, chet el axborot resurslaridan foydalanish va boshqa sohalardagi oqsoqliklar.
«Ushbu sohalarga mas’ul idoralar o‘zlarining yuqori malakali ekspertlarini ajratishda yordam bersalar, birgalikda shu yo‘nalishlarda ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirish imkoni paydo bo‘lardi. Xozircha rasmiy murojaatga rasmiy (otpiska) javob kelayapti», — deya xulosa qiladi Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter