Shavkat Mirziyoyev Buxoroda Karim Kamolov qabrini ziyorat qildi (foto)
Buxoro hokimi vazifasini bajaruvchi, davlat va jamoat arbobi Karim Jamolovich Kamolov 22 avgust kuni 65 yoshida vafot etdi. Marhum Buxoro shahridagi «Hazrati Imom» qabristoniga dafn etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 avgust kuni bu yerga tashrif buyurib, Karim Kamolov qabrini ziyorat qildi. Marhum haqiga Qur’on tilovat qilindi.
O‘zining 47 yillik faoliyati davomida Karim Kamolov chinakam rahbarlik qobiliyati, insoniy fazilatlari bilan ulkan hurmat qozongani, Buxoroning har tomonlama rivojlanishi va obod bo‘lishiga katta hissa qo‘shgani ta’kidlandi.
Karim Kamolov 1955-yil Buxoro shahrida tug‘ilgan. Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutini bitirib, mehnat faoliyatini qurilish sohasida boshlagan. 1994-2007-yillarda Buxoro shahri hokimi sifatida mehnat qilgan. Shaharning 2500 yilligi keng nishonlandi, xalqaro festivallar muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Qadimiy obidalar obod qilinib, turizm infratuzilmasi yaxshilandi.
Karim Jamolovichning boy bilim va tajribasi 2007-2017-yillarda «20-trest» mas’uliyati cheklangan jamiyat raisi bo‘lib ishlagan paytlarida qo‘l keldi.
U 2017-yildan Buxoro shahri hokimi, 2020-yil fevraldan Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi sifatida ishladi.
Karim Kamolovning davlatimiz va xalqimiz oldidagi buyuk xizmatlari munosib taqdirlanib, u «Do‘stlik», «Mehnat shuhrati» ordenlari bilan mukofotlangan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter