«Taqiqlangan saytlarga kirganingiz uchun 310 000 so‘m jarima!»
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi firibgarlikning yangi turi bo‘yicha internet foydalanuvchilarini ogohlantirdi.
So‘nggi paytlarda fuqarolarimiz tomonidan pornografik foto va video mahsulotlarni targ‘ib qiluvchi internet resurslaridan foydalanish jarayonida boshqa shu kabi resurslarga avtomatik tarzda o‘tib ketish orqali «O‘zbekiston Respublikasi IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurash bo‘limidan bildirishnoma» sarlavhasi ostida sizib chiquvchi oynada foydalanuvchining taqiqlangan saytlarga kirgani sababli go‘yoki IIV tomonidan u 200 000 so‘m (ayrim hollarda 300 000 so‘m) miqdorida jarimaga tortilgani va «Webmoney» elektron to‘lov tizimi orqali davlat hisobiga to‘lovni amalga oshirilishi lozimligi, aks holda qurilmada saqlangan kontaktlarga foydalanuvchining pornografik foto va video mahsulotlar joylashtirilgan internet resurslaridan foydalangani haqida hodisa bayoni hamda foydalanuvchiga jarimani to‘lashi talabi bilan SMS-xabar yuborilishi haqida ma’lumot paydo bo‘lmoqda. Shu bilan birga, foydalanuvchilarning internet veb brauzeri blokirovka holatiga tushib qolmoqda, deb xabar bermoqda IIV axborot xizmati.
Ichki ishlar vazirligi ushbu holatlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi:
- O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tarkibida «Kiberjinoyatlarga qarshi kurash bo‘limi» nomi bilan faoliyat yurituvchi bo‘lim yoki bo‘linma mavjud emas;
- «Webmoney» to‘lov tizimida O‘zbekiston Respublikasi IIV tarkibiy va hududiy tuzilmalari elektron hamyonlariga ega emas.
Shunga muvofiq, fuqarolardan internet tarmog‘idan foydalanayotganda bu kabi salbiy holatlarga duch kelmasligi uchun firibgarlarning aldoviga ishonib qolmaslikka chaqirilgan.
Bugungi kunda yuqorida ta’kidlab o‘tilgan holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilayotganligi ma’lum qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter