Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sataronni yengayotgan bolalar...

Sataronni yengayotgan bolalar...

Bolalar va saraton. Bu so‘zlarni yonma-yon qo‘yish, og‘ir kasallikdan qiynalayotgan bolajonlarning ahvolini tasavvur qilishning o‘zi og‘riqli. Respublika onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazining Bolalar bo‘limida jajji bemorlar ayni shu dard bilan kurashadi.

Bu muassasada bugun qanday amaliyotlar o‘tkazilmoqda? Kasallikdan aziyat chekayotgan bemorlar o‘z dardiga qanday davo topyapti? SSV matbuot xizmati shu kabi savollarga javob olish maqsadida ushbu markazning Bolalar bo‘limidan reportaj taqdim etdi.

Bo‘lim foyesida kichik yoshli bir bola hamshiraning izidan yugurib boradi. Uni shifoxonaga olib kelishganida dumg‘aza sohasida 15 santimetrlik o‘simta bo‘lgan. 3,5 yoshli Qahramonjon tegishli kimyoviy muolajalarni olganidan so‘ng, iyul oyida operatsiya stoliga yotqizildi. Muvaffaqiyatli amaliyotdan so‘ng kimyoterapiya muolajalarini ola boshladi. Natijada, organizmdagi o‘simtadan asar ham qolmadi.

 — Bir kuni bolamni yuvintirib turganimda dumg‘aza sohasidagi notabiiy shishni sezib qoldim, — deydi jajji Qahramonning onasi Nasiba G‘afforova. — Avval o‘zimiz yashaydigan Sho‘rchi tumani tibbiyot birlashmasida tekshirtirdik. Keyinchalik Denovda, so‘ng Termizda tibbiy ko‘rikdan o‘tdik. Shu yilning fevral oyida Respublika onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markaziga murojaat qildik. Bu vaqtga kelib bolam Qahramonjonning qovuq sohasi butunlay berkilib qolgan edi. Hozir esa, ko‘rib turganingizdek, u zalda chopqillab yuribdi. Shifokor va hamshiralar bilan o‘ynaydi, ularga fikrini ravon tushuntirib beradi. Kasallikdan sog‘ayib borgani sari uning fikrlashi avvalgidan ham tezroq rivojlanayotgandek.

Bolalardagi kasalliklarni davolash doim nozik masala bo‘lib kelgan. Chunki tanadagi dardni davolash bilan birga, ularning ruhiga shikast yetkazmaslik ham zarur bo‘ladi. Shuning uchun bolalar bilan ishlaydigan shifokorlardan jiddiy mas’uliyat talab etiladi. Shu jumladan, onkologiya yo‘nalishida ham. Ularning o‘zida sog‘ayib ketishga ishonch bo‘lsa, uni davolash yanada oson kechadi.

11 yoshli Shukrullo iyul oyida suyak asteosarkomasi tashxisi bilan muassasaga olib kelingan edi. Dastlab Farg‘ona viloyatida tekshiruv natijalari bilan tanishgan shifokorlar uni hayotda saqlab qolishning iloji yo‘q deb, onasi Umida Xoliqovani ogohlantirishadi. Biroq Respublika onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazining Bolalar bo‘limi mutaxassislari Shukrullong holatini o‘rganib, shifo topishiga umid berishadi.

—  Bolamning oyoqlarida oqsash kuzatilganda, uncha e’tibor bermagan edik. Keyinchalik umuman qadam bosa olmay qoldi, — deydi Umida opa. — Tuman tibbiyot birlashmasida tekshirtirganimizda, rentgen natijalarida suyakda o‘simta borligi taxmin qilindi. Bu yerga kelganimizda, kasallik tasdiqlandi. 40 kunlar avval jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi, hozir farzandim qo‘ltiqtayoqda bo‘lsa ham mustaqil harakatlana boshladi. Bunga qadar boshqa birovning yordamisiz umuman oyoqda tura olmasdi.

Bolamning operatsiyaga kirishdan oldingi holati yodimda turibdi. Uni amaliyot xonasiga olib ketgani kelishganda, hamxona o‘rtog‘i bilan shaxmat o‘ynab turgan edi. Shifokorlar o‘yin tugashini kutib turdilar. Shukrullo raqibiga «shoh» berib, o‘yinni yakunladi. O‘rtog‘ining qo‘lini do‘stona siqib qo‘ydi. Bu holatni ko‘zimda yosh bilan kuzatib turgandim. «Ayajon, men tuzalib ketaman, yig‘lamang», deb menga dalda berdi. Haqiqatan ham, operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi.

Yuqorida bolalarni davolashda bejiz ularning ruhiyati bilan ham hisoblashish kerakligi haqida so‘z yuritmadik. Shukrullodagi sog‘ayib ketishga bo‘lgan ishonch ham uning holati yaxshilanishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, ajabmas.

Respublika onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazining Bolalar bo‘limi boshlig‘i Tojiddin Mustafoyev kichik bemorlarni davolashda ayni shu jihatlarni inobatga olishga harakat qiladi.

— Bolalardagi o‘sma kasalliklari orttirilgan va tug‘ma bo‘lishi mumkin, — deydi Tojiddin Mustafoyev. — Masalan, muassasamiz mutaxassislari bilan birgalikda operatsiya qilgan bemorimiz — 2,5 yoshli Durbekda buyrak xavfli o‘smasi dunyoga kelmasidan avval rivojlana boshlagan. Hozir qorin sohasidagi o‘simta jarrohlik yo‘li bilan olib tashlandi va endilikda unda kimyoterapiya davo muolajalari olib borilmoqda.

11 yoshli Shukrulloga esa suyak sarkomasi tashxisi qo‘yilgan edi. Ushbu kasallik bolalarda 6-8 foiz holatda uchraydi. Bu kabi xastaliklarni davolashda yuqori texnologik amaliyotlar, ya’ni yirik bo‘g‘inlarni endorpotezlash usulidan foydalanamiz.

 Respublika onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazining Bolalar bo‘limida bir yilda o‘rtacha 100 nafarga yaqin bolada suyak ko‘chirib o‘tkazish va boshqa turdagi a’zo saqlovchi amaliyotlar o‘tkaziladi.

Bugun bolalar onkologiyasi tibbiyotning alohida yo‘nalishi sifatida rivojlanishi uchun qonuniy asoslar va moddiy-texnik baza shakllanib bormoqda. Kelgusida tibbiyotning bu yo‘nalishida yanada yuqori natijalarga erishish imkoniyati bor.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring