«Sarpokiydi»dan «kuyovsalom»gacha: faqat kuyovni ayblamang!
Shu vaqtga qadar qaynotasining hisobiga kiyinadigan, u olib bergan mebellarda yotadigan, xullas kelin tomonni yaxshigina xarajatga qo‘yadigan kuyovlar haqida ko‘p gapirildi, gapirilmoqda. Hatto «kuyovchak» degan istehzoli so‘z ham lug‘atimizdan o‘rin oldi. Yozg‘uvchilar achchiq fikrlar ila ularni ayovsiz nishonga oldi. Qaynota olib kelgan yotoqxona mebeli, kelin olib bergan pardayu-ich kiyimgacha tanqid qilindi.
O‘tgan davr mobaynida internetni zabt etgan ikki voqea meni qattiq hayajonga soldi: biri yil avvalida Buxoroda kuyov tomonga «turk materialiga sarpo qilgani uchun» to‘yi qaytarilgan kelin voqeasi va yaqinda kuzatilgan «kuyovsalom» sahnasi. Har ikki vaziyatda baxtni latta bilan o‘lchagan va qizlardek iymanib salom qilib, sovg‘a qabul qilgan kuyovga ayovsiz tanqidlar va haqorat(!)lar yog‘ildi.
Aslida (buni Senatimiz ham tasdiqladi, afsuski) «to‘y marosimlarini qay tartibda o‘tkazish individual, shaxsiy ish sanaladi». Kuyov salom berib, sovg‘a yiqqan bo‘lsa ham, uni hech kim javobgarlikka tortmaydi. Men ushbu vaziyatda masalaning boshqa tarafiga e’tibor qaratmoqchiman.
Xo‘sh, nega bu yigitlar (biz bilganimiz shu, hozircha) shu ko‘yga tushishdi? Axir ular, onasining qornidan g‘urursiz va molparast bo‘lib tug‘ilmagandir? Ularga qanday tarbiya berildi? Ongiga nimalar singdirildi?. Ularga dunyo, yashashdan maqsad, erkak qanday bo‘lishi kabi muhim tushunchalarni kim o‘rgatdi? Yana bir muhim jihat — ularning dunyoqarashi kimlarning, qanday shaxslarning ichida shakllandi? Nega orsiz kuyovni tanqid qilayotganda, ko‘pincha uning atrofidagilarni, shu sahnalar tashkilotchilarini ham inobatga olmaymiz?
Yillar davomida bir davlat vakillarini pulga o‘chlik va iqtisodiy taraqqiyotni ortidan quvishda, yana bir mamlakat aholisini piyonistalik va oilani sevmaslikda aybladik, topgani «bir chemodanga sig‘ishi»ni aytib, mazax qildik. (Ziyrak o‘quvchi kimlarni nazarda tutganimizni angladi). Yana kimlarnidir «zakunchilik» va hatto «otasini ham sudga berishi»ni gapirdik. Lekin… biz o‘zimiz ham hammasini ko‘ngildagidek bajarmadik.
Bizga to‘ylarni kamxarj va dabdabasiz o‘tkazishni xohlaydigan, yukni o‘z yelkasiga oladigan yigitlar bilan birga, to‘ylarning xuddi mana shunday o‘tishiga tayyor jamiyat kerak. Odamlar o‘zgarishi kerak emasmi, zamondosh?
Yaratuvchanlik, ixtirolar borasida orqadamiz-u, to‘y va «to‘ycha»larni ko‘paytirishda yetakchimiz.
Ta’limda oqsaymiz, bolalarimizga aqalli uy vazifasida yordam bera olmaymiz-u, qaysidir Anzirat xolaning «kelinsalom»ida tushgan matolar nomini ketma-ketlikda sanab bera olamiz.
Chet tillari tugul, o‘z ona tilimizni ichki imkoniyatlari, boyligini bilmaymiz-u, hashamat, qorin g‘ami bobida «sayraymiz».
Bolamizni qaysidir dasturlash kursiga yuborishga pulni qizg‘anamiz-u, tog‘oraga, araqqa, otarchiga pulni ayamaymiz.
Eng yomoni esa, to‘yini o‘z bilganicha, kamxarj o‘tkazmoqchi bo‘lganlarni ham gapiramiz. Bu sharq zehniyatining afsuslanarli unsurlaridan. Ko‘pchilikning qarashiga to‘g‘ri kelmagan shaxsiy tashabbus, albatta, yo‘qlikka yuz tutadi.
Lattaparast va orsiz kuyovlarni yetishtirmaslik uchun o‘zimizni ham ancha isloh qilishimiz oydinlanmoqda, nazarimda. Bo‘lmasa, «kosmik kemalar koinotni zabt etayotgan bir paytda»… «kuyovsalom»ni tomosha qilib, tishlarimizni g‘ijirlatib yuraveramiz.
Ulug‘bek Oripov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter