Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sarhad oshgan asarlar. O‘zbek ijodkorlarining to‘plami Misr jamoatchiligida qanday taassurot qoldirdi?

Sarhad oshgan asarlar. O‘zbek ijodkorlarining to‘plami Misr jamoatchiligida qanday taassurot qoldirdi?

Misrda «O‘zbekiston – Uchinchi Renessans sari» kitobining arab va ingliz tillaridagi tarjimasi taqdim etildi. O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi tashkil etgan ilmiy-ma’rifiy anjumanda Misr adabiy jamoatchiligi vakillari bilan birga mamlakatimizdan mehmon bo‘lib borgan qalam ahli ham qatnashdi. 

O‘zbekistonlik shoir-yozuvchi va olimlarning xalqaro bayozi (antologiyasi) adabiyotga oshufta ijodkorlar, ilmu ma’rifatga xayrixoh diplomatlarning hamkorlikdagi sa’y-harakatlari o‘laroq dunyo yuzini ko‘rdi. To‘plamdan o‘rin olgan asarlarni Misr Yozuvchilari uyushmasi a’zosi, shoira va tarjimon Tag‘rid Fayod xonim arab tiliga o‘girgan. Inglizcha tarjima esa «Inside Kashkadarya» jurnali muharriri Asror Allayorov tomonidan amalga oshirilgan.

Taqdimotda so‘zlagan Tag‘rid Fayod xonim tarjima jarayonida tug‘ilgan taassurotlar, umuman, o‘zbek xalqining madaniyati xususidagi mulohazalari bir o‘rtoqlashdi.

«Men avvalambor bugungi tadbir yuqori darajada tashkillashtirilgani uchun O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasiga va o‘zbekistonlik ijodkorlar vakillariga samimiy minnatdorlik izhor etaman. «O‘zbekiston – Uchinchi Renessans sari» kitobiga kiritilgan asarlarni arab tiliga tarjima qilish asnosida xalqingizning betakror madaniyati, axloq-odobi va mehmondo‘stligini ich-ichimdan his qilganimni alohida ta’kidlamoqchiman. Shuningdek, ushbu she’rlar orqali Qashqadaryo, Xorazm, Andijon kabi hududlarning o‘ziga xos tabiati, go‘zal manzaralariga yaqindan oshno bo‘ldim», – deydi Fayod xonim.

Asli livanlik shoira va tarjimon jahon adabiyotidan munosib o‘rin olgan mumtoz o‘zbek adabiyoti durdonalarini arab tiliga tarjima qilish istagini ham bildirdi.

Xo‘sh, Misr adabiy jamoatchiligi yangi nashrni qanday qabul qildi?

«O‘zbek ijodkorlari asarlarining arab tiliga tarjima qilinishi orqali mamlakatlarimiz geografik jihatdan nisbatan olisroq bo‘lsa-da, xalqlarimiz qalban yaqin va o‘xshash ekaniga Misr jamoatchiligi amin bo‘ldi. Zero, adabiyot barcha yurtlarda ham dillar tubidagi tuyg‘uni so‘z bilan ifodalaydi. Misrlik adiblar bu kabi ijodiy loyihalarni yanada keng ko‘lamda bajarish uchun o‘zbek tomoni bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini izhor etdilar. Albatta, bu ilk qadam bo‘lib, mazkur badiiy kecha mamlakatimizning mutasaddi tashkilotlari ko‘magida o‘zbek adabiyotining durdona asarlarini arab tiliga tarjima qilish va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari mustahkamlash uchun zamin yaratadi», – deydi O‘zbekiston Respublikasining Misr Arab Respublikasidagi elchisi Mansurbek Qilichev.

Adabiy kecha davomida elchixonamiz vakillari tomonidan mustaqillik yillarida, xususan, so‘nggi 5 yil davomida yurtimizda turli sohalarda erishilgan keng ko‘lamli islohotlar, O‘zbekistonning ochiq va do‘stona tashqi siyosati, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borayotgani, iqtisodiy-ijtimoiy sohalarni rivojlantirishga oid amalga oshirilayotgan bir qator yirik qo‘shma loyihalar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalovchi muhit va sharoitni yaratishga katta e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.

Misrlik ijodkorlar O‘zbekistonning Islom siviliziatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, mamlakatimiz zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalar, jumladan, Nil daryosi suv hajmini aniqlaydigan maxsus o‘lchagich – «Miqyosi Nil»ni yaratgan Ahmad al-Farg‘oniy merosi yuksak qadrlanishini ta’kidladilar.

Badiiy kecha davomida o‘zbek xalq kuylari va raqslar, go‘zal she’rlar ijro etildi, milliy tansiq taomlarimiz taqdim etildi.

Ko‘hna tarix va qadimiy merosga ega O‘zbekiston hamda Misr o‘rtasidagi munosabatlar ildizi olis asrlarga borib taqaladi. Ayni paytda ikki xalq o‘rtasidagi turli sohalardagi aloqalar, jumladan, madaniy-gumanitar robitalar yangi sur’atda rivojlanmoqda. Mamlakatimizning Misrdagi diplomatik vakolatxonasi bu boradagi aloqalarni yanada jonlatirishga intilmoqda. Joriy yil noyabr oyida mamlakatimizning Qohiradagi elchisi Mansurbek Qilichev Misr tashqi ishlar vazirining ikki tomonlama madaniy hamkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Umar Salim bilan uchrashuvda ham aynan madaniyat, ta’lim, ilm-fan, sport, turizm va din sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilgandi.

Ikki o‘lka adabiy-ma’rifiy hamkorligi haqida so‘z borar ekan, so‘nggi yillarda dunyo yuzini ko‘rgan ayrim nashr va tadqiqotlarni  sanab o‘tish o‘rinlidir.

Ayn Shams universitetining filologiya fakulteti professori, doktor Magida Maxluf xonim «Boburnoma»  asarini turk va o‘zbek tilidan arab tiliga tarjima qilish uchun yigirma yil davomida izlanishlar olib bordi. Osiyo mamlakatlari bo‘yicha tadqiqotchi olim Ahmad Abdo Tarabikning «O‘zbekiston va islom sivilizatsiyasi o‘choqlari»  nomli kitobi  chop etildi. Misr yozuvchilar uyushmasi a’zosi Abdurahmon Al-Xamisi ikki jildli «O‘zbek xalq ertaklari»  kitobini qayta nashr qildi. Qohira universiteti arxeologiya fakulteti dekani Ahmad Rajab Rizqning «Buxoro asori atiqalari va islom tamadduni» nomli kitobi dunyo yuzini ko‘rdi. Yurtimizda bir necha yil davomida diplomat sifatida faoliyat yuritgan olim hozirda Toshkent, Xiva, Termiz va Farg‘ona to‘g‘risidagi kitoblarni nashrga tayyorlamoqda.

Yangi taqdim etilgan «O‘zbekiston – Uchinchi Renessans sari»  to‘plami ham ikki xalq orasidagi adabiy aloqalar istiqbolli ekanidan dalolat beradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring