Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqandda yana bir ayol tahqirlandi

Samarqandda yana bir ayol tahqirlandi

Videolavhadan skrinshot

Yangi yil arafasida ayol kishini tahqirlash bilan bog‘liq videolavha ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan edi. Unda Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanidagi «Qum ota buva» fermer xo‘jaligi rahbarining ukasi ekani aytilayogan norg‘ul yigit bir ayolning qo‘llarini orqasiga qayirib, yerga yuztuban yoqizgan holda qiynayotgani aks etadi.

Ma’lum bo‘lishicha, ayol — uch farzandning onasi, o‘ttiz besh yoshli F.U. bo‘lib, voqelik «Qum ota buva» fermer xo‘jaligi rahbari unga ish haqini chiqarib olishi uchun og‘zaki ravishda bergan yerga ekkan moshini terayotgan paytda yuz bergan. Avvalroq ayol yil bo‘yi qilgan mehnati uchun pulini ololmayotgani sabab Oqdaryo tuman prokuraturasiga fermer ustida shikoyat natijasida haqining yarimini olishga muvaffaq bo‘lgan, qolganini xo‘jalikning bo‘sh yer maydoniga mosh ekib olish evaziga qoplash taklifiga rozi bo‘lgani aytiladi. Ayolning prokuraturaga murojaat qilgani fermerning ukalariga yoqmaydi, natijada uni mosh ekilgan dalaning o‘zida urib, yerga yuztuban yotqizib, tahqirlashadi.

Bu jarayonni qo‘l telefonida o‘zlari tasvirga olishadi...

Ayni holat ichki ishlar xodimlari tomonidan o‘rganilganda vaziyat keskin o‘zgaradi: ayol va uning turmush o‘rtog‘i «mosh o‘g‘risi» tariqasida jarima jazosiga tortiladi. Ayolni qiynagan fermerning ukalariga esa «yengil tan jarohati yetkazish» ayblovi bilan eng kam ish haqining ikki barobari miqdorida jarima solinadi, xolos.

Ushbu voqelik yuzasidan hozircha Bosh prokuratura rasmiy bayonot bergani yo‘q. Biroq O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining «Feysbuk» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi orqali bildirilishicha, allaqchon amaliy harakatlar boshlab yuborilgan ko‘rinadi:

«Samarqand viloyati, Oqdaryo tumanidagi «Qum ota buva» fermer xo‘jaligi hududida bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan fuqaro F.U.ning murojaati asosida 25.12.2018 yilda jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligi va avval chiqarilgan ma’muriy sudning qarorini bekor qilish to‘g‘risida prokuratura protesti kiritilganligini ma’lum qilamiz.

Mazkur jinoyat ishining sudda ko‘rilishida Samarqand viloyati xotin-qizlar qo‘mitasining vakillari jamoatchi himoyachi sifatida ishtirok etishi belgilandi...»

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring