Rossiyadagi noqonuniy migrantlar 15-iyungacha «deport» qilinmaydi
Rossiya Federatsiyasi Prezidentining 2020-yil 18-apreldagi «Yangi koronavirus (COVID-19) infeksiyasining tarqalishi xavfi tufayli chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning Rossiya Federatsiyasida huquqiy maqomini belgilash bo‘yicha vaqtinchalik chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni doirasida Rossiya Federatsiyasi IIV hamda O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi diplomatik vakolatxonlari hamkorligida 2020 yilda Rossiya hududida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan 50 ming 700 nafar fuqarolarimizning maqomi qonuniylashtirildi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, hozirgi kunda ushbu farmonga kiritilgan o‘zgartirishlar asosida Rossiya hududida noqonuniy bo‘lib turgan xorijiy davlat fuqarolariga 2021-yil 15-iyunga qadar o‘z maqomlarini qonuniylashtirishga ruxsat berilgan.
Shunga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi IIV bilan o‘rnatilgan hamkorlik asosida Rossiya hududida huquqiy maqomi qonuniylashtirilishi kerak bo‘lgan 300 ming nafardan ortiq O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining ro‘yxati shakllantirildi.
«Shu fursatdan foydalanib, Rossiya Federatsiyasi hududida noqonuniy ravishda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari 2021-yilning 15-iyuniga qadar yashash joyidagi tegishli Rossiyaning ichki ishlar organlariga murojaat qilish orqali Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lishlarini qonuniylashtirish huquqidan foydalanishga chaqiramiz.
Bunda Rossiyaning ichki ishlar organlari tomonidan noqonuniy ravishda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan mamlakatdan ma’muriy chiqarib yuborish, deportatsiya qilish chorlari qo‘llanilmaydi hamda ularga yashash joyidagi migratsiya bo‘limidan qayta ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati beriladi.
Ushbu masalada yordam berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Moskva shahridagi elchixonasi va Rossiya mintaqalaridagi Bosh konsulxonalariga hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining qo‘yidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishingiz mumkin», — deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter