«Quramax Medical» olib kirgan barcha dori vositalari sotuvi to‘xtatildi — SSV
Ijtimoiy tarmoqlarda Sog‘liqni saqlash vaziri A.Inoyatov yurtimizda «Quramax» dori vositalari sotilishini to‘xtatish bo‘yicha topshiriq bergani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Dori vositalari sifatini nazorat qilish va standartlashtirish laboratoriyasi tomonidan o‘tkazilgan «Dok-1 Maks» hamda «Ambronol» dori vositalarining chuqurlashtirilgan sifat nazorat natijalariga ko‘ra, ushbu preparatlar normativ hujjatda ko‘rsatilgan tarkibga nomuvofiqligi aniqlangan.
Xususan, ularning ayrim seriyalarida propilenglikol moddasi o‘rniga yoki u bilan birga etilenglikol va dietilenglikol moddalari mavjudligi ma’lum bo‘ldi.
Shuni inobatga olgan holda aholi salomatligini muhofaza qilish va qolgan dorilarni ham qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazish maqsadida ehtiyot chorasi sifatida «Quramax Medical» MChJ tomonidan 2022 yil yurtimiz hududiga olib kirilgan barcha preparatlar sotuvi to‘xtatildi.
Ayni paytda birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalari xodimlari o‘ziga biriktirilgan barcha xonadonlarda faol patronaj ishlarini olib bormoqda.
Bunda, uyma-uy yurgan holda «Xonadon dori qutisi»ni shaxsan nazoratdan o‘tkazish, muddati o‘tgan preparatlar, saqlash qoidalari buzilgan hamda «Quramax Medical» kompaniyasining barcha dori vositalarini qabul qilmaslik va iste’moldan chiqarish yuzasidan zarur choralar ko‘rilmoqda, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter