Ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘istondagi fojia qurbonlarining oilasiga moddiy yordam aksiyasi boshlandi
2018-yilning 18-yanvar kuni Qozog‘istonning Oqto‘ba viloyati Irg‘iz tumanida avtobusda yong‘in sodir bo‘lishi oqibatida 52 kishi halok bo‘lgani va 5 kishi jabrlangani haqida xabar bergan edik. Bugunga kelib halok bo‘lganlardan 49 nafarining shaxsi aniqlandi. Ularning asosiy qismi Namangan viloyatidan ekani, shuningdek, marhumlar orasida Andijon, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida yashaganlar ham borligi ma’lum qilindi.
O‘zbekistonlik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida mazkur fojiada qurbon bo‘lganlarning oilalariga moddiy yordam berish aksiyasi boshlandi. «Xabar.uz» axborot-tahliliy portali kolumnisti, huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev «Facebook»dagi sahifasida aynan shunday tashabbus bilan chiqdi. U bu haqda shunday yozadi:
«Nima voqea ro‘y berganini, oqibati qanday bo‘lganini yaxshi bilasiz. Bu haqida ortiqcha yozib o‘tirmasdan, muddaoga o‘ta qolaman.
Fojiada halok bo‘lgan 52 nafar yurtdoshimizning jasadlarini olib kelish, ularning oilasiga har tomonlama ko‘mak berish maqsadida hukumat komissiyasi tuzilganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Mahalliy hokimiyatlar, tegishli mutasaddi shaxslar allaqachon ishga kirishib ketishgan.
Biroq biz fuqarolar ham davlatga bu borada yordam berishimiz, menimcha, har birimizning burchimizdir. Halokat qurbonlarining yaqinlari qalbida paydo bo‘lgan katta yaraga birgalikda malham bo‘lishimiz kerak. Buning uchun eng avvalo ma’naviy dalda bo‘lish, undan keyin esa moddiy yordam ajratish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.
Oilamni boqaman deb ota-o‘g‘il, aka-uka, amakivachchalar arzon avtobusda o‘z yurtini tashlab uzoq o‘lkalar sari yo‘lga chiqqan ekanmi, demak, ularda moddiy ehtiyoj bo‘lgani shubhasiz.
Kelinglar, ey, saxovatpesha vatandoshlar, ularga yordam qo‘lini cho‘zaylik!
Aholidan yig‘ilgan ehsonlar tiyin-tiyinigacha halok bo‘lganlarning oilalariga yetkaziladi. Bunda tushgan summaning qanchalik ko‘p yoki kamligiga qarab, oilalarga ijtimoiy adolat prinsiplariga rioya qilgan holda tarqatishga harakat qilamiz. Eng avvalo bir oiladan bir nechta vakil vafot etgan oilalarga, undan so‘ng boquvchisini yo‘qotgan oilalarga, undan keyin esa qolgan oilalarga bir xil nisbatda tarqatiladi. Summa qancha katta bo‘lsa, shuncha yaxshi.
Bugun ayni shu masalada Bahriddin Chustiy akamiz Namangan viloyati hokimligi vakillari bilan ko‘rishgan, ular har qanday hamkorlikka tayyor ekanliklarini ma’lum qilishgan. Keyinchalik ehsonlarni tarqatish vaqtida Farg‘ona viloyati vakillari bilan ham bog‘lanamiz albatta.
Savob ilinjida ehson qilishni istaganlar uchun vaqtincha quyidagi plastiklar ishlab turibdi:
8600 0329 3040 8216 (Xushnud Xudayberdiyev)
8600 3104 3723 2663 (Bahriddin Najmiddinov)
MUHIM ESLATMA: mazkur plastik kartalar vaqtincha ishlab turadi, sababi banklardagi texnik limit sababli ushbu plastiklar 18 mln.dan ortiq mablag‘ni qabul qila olmaydi. Bizdagi ma’lumotga ko‘ra, hozircha faqat «Agrobank»da limitsiz plastik karta ochish mumkin ekan. Dushanba kuni o‘z nomimga plastik karta ochtiraman. Ungacha vaqtni yo‘qotmaslik uchun yuqoridagi plastiklarga pul o‘tkazishingiz mumkin.
ILTIMOS: Toki limitsiz plastik karta ochilgunga qadar imkon qadar 100 ming so‘mdan oshmagan miqdorda pul o‘tkazsangiz. Shunda bir pasda to‘lib qolishining oldini olgan va ko‘proq insonlarni savobga sherik qilgan bo‘lar edik. Rahmat.
Qolgan barcha savollar bo‘yicha menga «Facebook»dan shaxsiy xabar orqali yoki +998946119998 raqamdagi «Telegram» orqali murojaat qilishingiz mumkin.
Alloh barcha o‘tganlarni o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin».
Ushbu e’longa bildirilgan munosabat va qoldirilgan fikrlardan Xushnudbekning tashabbusini ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlaganini ko‘rish mumkin. Xorijda o‘qiyotgan va mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz ham bu xayrli ishga bosh qo‘shish istagini bildirishgan, ammo O‘zbekistondagi bank plastik kartalari va hisobraqamlariga pul o‘tkaza olmasliklari, xorijdagilar uchun maxsus xalqaro to‘lov kartalari ochtirish kerakligini aytishgan.
Bundan tashqari, «Facebook»dagi «Xalq bilan muloqot» guruhida ham xuddi shunday xayriya aksiyasi boshlangan bo‘lib, tez orada bankda maxsus hisobraqam ochilishi haqida xabar berilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter