Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qo‘shma aksilterror mashqlari o‘tkazildi (foto)

Qo‘shma aksilterror mashqlari o‘tkazildi (foto)

Joriy yilning 5 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati harbiy poligonida MDH Aksilterror markazi ko‘magida Hamdo‘stlik vakolatli organlarining «Sharq-Aksilterror – 2024» qo‘shma aksilterror mashqlari o‘tkazildi.

Undan ko‘zlangan asosiy maqsad terrorchilik harakatlarini aniqlash va ularning oldini olish, chegara xavfsizligiga rahna soluvchi terrorchilik tahdidlarini zararsizlantirish va ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etish bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni o‘tkazishda MDHga a’zo davlatlar vakolatli organlari faoliyatini takomillashtirishdan iborat.

Aksilterror mashqlariga ShHT va MDHga a’zo davlatlar vakolatli organlari rahbarlari va vakillari, manfaatdor xalqaro tashkilotlar vakolatli tuzilmalari kuzatuvchilari taklif etildi.

Muhim infratuzilma ob’yektlarida garovga olinganlarni ozod qilish va shartli terrorchilarni zararsizlantirish ssenariylarini sinovdan o‘tkazish doirasida maxsus va harbiy texnikalar, jumladan aviatsiya va uchuvchisiz uchuv apparatlaridan foydalanildi.

Tadbirga O‘zbekiston Respublikasi DXX, IIV, FVV, Milliy gvardiya, Mudofaa vazirligi maxsus bo‘linmalari, shuningdek Bosh Prokuratura va Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari jalb qilindi.

Kuzatuvchilar e’tiboriga noqonuniy qurollangan terrorchilik guruhlarini yo‘q qilish bo‘yicha maxsus harbiy operatsiya elementlari hamda ommaviy tartibizliklarni bostirish va inqirozli vaziyatlarni bartaraf etish choralari havola etildi.

O‘tkazilgan o‘quv mashqlari davomida shartli terrorchilik guruhlarini zararsizlantirishga jalb etilgan kuch va vositalarning yuqori darajadagi tayyorgarligi, vazirlik va idoralarning hamkorlikdagi harakatlari namoyish etildi.

«Sharq-Aksilterror – 2024» qo‘shma aksilterror mashqlari Hamdo‘stlik davlatlari maxsus xizmatlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlik muhim ekanini ko‘rsatdi. Mashqlar qo‘shma aksilterror tadbirlarini rejalashtirish va o‘tkazish tajribasini takomillashtirishga hissa qo‘shdi, terrorchilik harakatlarini aniqlash va ularga chek qo‘yish, jamoat tartibini ta’minlash bo‘yicha kelishilgan harakatlar shakllari va usullarini ishlab chiqish imkonini berdi.

Ushbu aksilterror mashqlari MDH Aksilterror markazi ko‘magi ostida o‘tkazilgan bu kabi tadbirlarning yigirmanchisi bo‘lib, ularning 6 tasida O‘zbekiston Respublikasi ishtirok etgan.

Umuman olganda, «Sharq-Aksilterror – 2024» qo‘shma aksilterror mashqlari va uning doirasida bo‘lib o‘tgan tadbirlar ishtirokchilar va kuzatuvchilarda ijobiy taassurot qoldirdi. Ularning yuqori darajada tashkil etilgani, jalb etilgan maxsus bo‘linmalarning shaxsiy tarkibi hamda boshqa idoralar vakillarining professionalligi alohida qayd etildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring