Qodiriy shu yerda otilgan edi. «Xabar» tahririyati qatag‘on qurbonlarini yod etdi
Yurtimizda hamon bayram kayfiyati hukmron, yaqinda Mustaqilligimizning 28 yilligini nishonladik. «Xabar» tahririyati a’zolari shu munosabat bilan bugun «Shahidlar xotirasi» majmuasini ziyorat qilishdi va qatag‘on qurbonlarini yod olishdi.
Bu yerda o‘tgan asrning o‘ttizinchi yillari oxirida o‘zbekning eng oldi ziyolilari otib tashlangan. SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasining 1938 yil 4 oktyabrdagi sayyor yig‘ilishlarida o‘zbekistonlik 507 nafar siyosiy mahbus ustidan hukm chiqarilgan. O‘limga hukm qilinganlar orasida Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Po‘lat Soliyev, G‘ozi Olim Yunusov, Abdulhay Tojiyev, Akbar Islomov, Anqaboy Xudoybaxtov, Sanjar Siddiq, Qurbon Beregin, A’zam Ayyub va Otajon Hoshimov kabi ziyolilar bo‘lgan.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng mamlakatda amalga oshirilgan xayrli ishlardan biri chor va sovet mustamlakasi yillarida qurbon bo‘lgan, o‘tgan asrning 30-50 yillarida «xalq dushmani» sifatida qatag‘on etilgan va shu sababli nomlari o‘zbek xalqi hamda madaniyati tarixidan o‘chirib yuborilgan siymolar xotirasini abadiylashtirish orqali tarixiy adolatni tiklash bo‘ldi.
Respublika Prezidentining 1999 yil 12 mayda imzo chekkan farmoyishiga ko‘ra, mustamlaka davri qurbonlari xotirasini abadiylashtirish komissiyasi tuzildi. 2000 yil 12 may kuni Toshkentning Yunusobod tumanida barpo etilgan «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuasining tantanali ochilishi mamlakat va xalqning ijtimoiy, madaniy va ma’naviy hayotida ulkan voqea bo‘ldi. Qisqa muddatda mazkur majmua tabarruk ziyoratgohlardan, yosh avlodlarni vatanparvarlik va millatparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan maskanlardan biriga aylandi.
Garchi qoq tushda borgan bo‘lishimizga qaramay, majmuada odam gavjum edi. Bu yerga oilaviy kelgan yurtdoshlarimizni ham, o‘quvchilaru sayyohlarni ham ko‘rish mumkin.
Shahidlar xotirasiga bag‘ishlangan muzeydan yaxshi yangilik bor. Istiqlol uchun jonini fido qilgan Muhammad Ali ibn Muhammad Sobir Dukchi Eshon hazratning surati arxivdan keltirilgan va muzeyga joylangan. Bu surat biz darsliklarda ko‘rib o‘rganganimizdan ancha sifatli bo‘lib, Andijon qo‘zg‘oloniga bag‘ishlangan bo‘limda turli tarixiy hujjatlar bilan ham tanishish mumkin.
Ziyorat asnosida marhumlar haqqiga tilovat qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter