Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oliy sudning o‘limga hukm qilingan sobiq raisi va boshqalar oqlandi

Oliy sudning o‘limga hukm qilingan sobiq raisi va boshqalar oqlandi

Oliy sud raisining o‘rinbosari Ikrom Muslimov raisligida o‘tkazilgan ochiq sud majlislarida 12 ta jinoyat ishi bo‘yicha 205 nafar qatag‘on qurboniga nisbatan Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining oqlov hukmlari chiqarildi.

Reabilitatsiya qilinganlar orasida 1925-1929 yillarda O‘zbekiston SSR Oliy sudi raisi lavozimida ishlagan marhum Sa’dulla Qosimovning nomi ham bor.

Kuni-kecha Oliy sudga O‘rta Osiyodagi Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi qoshidagi Uchlik Kengashlarining maxsus yig‘ilishining 1930-1938 yillardagi qarorlariga ko‘ra hozirgi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Xorazm, Buxoro, Jizzax va Namangan viloyatlari hududlarida aksilinqilobiy maqsadlarda harakatlar va qurolli qo‘zg‘olonlar, terrorchilik, banditizm va shpionaj sodir etish, Turkfront maxsus bo‘limi hay’ati hamda Butun Rossiya favqulodda komissiyasi Prezidiumining maxsus yig‘ilishining 1920-1921 yillardagi qarorlariga ko‘ra hozirgi Farg‘ona viloyati hududida bosmachilik harakatida ishtirok etish hamda O‘zSSR Oliy sudining 1938 yildagi hukmiga ko‘ra partiya tashkilotlarida aksilsho‘ro faoliyatini amalga oshirganlikda ayblangan 198 nafar shaxsga oid 11 ta jinoyat ishi kelib tushib, ishchi guruh tomonidan o‘rganib chiqildi.

Bosh prokuror o‘rinbosari tomonidan yuqorida ko‘rsatilgan jinoyat ishlari yuzasidan Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga kassatsiya tartibida protestlar keltirildi.

2024 yil 6 may kuni Oliy sud raisining o‘rinbosari Ikrom Muslimov raisligida o‘tkazilgan ochiq sud majlislarida ushbu protestlar ko‘rib chiqilib, qanoatlantirildi hamda Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan jami 11 ta jinoyat ishi bo‘yicha 198 nafar shaxsga nisbatan Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining oqlov hukmlari chiqarildi.

SSRI Oliy sudi jinoyat sudlov hay’atining 1930 yil 21 iyundagi hukmi bilan O‘zbekiston SSR Oliy sudi raisi lavozimida ishlagan Sa’dulla Qosimov va boshqalar (jami 7 kishi) O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 63-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularga mol-mulkini musodara qilgan holda o‘lim va ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan.

Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining bugungi sud majlisida S. Qosimovning nabirasi F. Sa’dullayev tomonidan ushbu hukm ustidan berilgan kassatsiya shikoyati hamda Bosh prokuror o‘rinbosari tomonidan ushbu jinoyat ishi yuzasidan keltirilgan kassatsiya protesti ham ko‘rib chiqildi. Natijada S. Qosimov va boshqalarga nisbatan chiqarilgan ayblov hukmi bekor qilinib, ularning harakatlarida jinoyat tarkibi mavjud emasligi hamda jinoiy hodisa yuz bermaganligi sababli aybsiz deb topilib, oqlandi.

2024 yil 6 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan reabilitatsiya qilinib, oqlangan qatag‘on qurbonlari ro‘yxati bilan ushbu havolada tanishishingiz mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring