«Qishloqdaman. Qo‘shninikida yig‘in. Urush muhokamasi»
«Hali ko‘rasizlar, atom bombasini uchiradi! Bittada tinchitadi!» deydi yoshi katta usta qo‘shni.
«Amerikayam qarab turmaskan, uyam atom bombasini uchirarkan!» deydi boshqa qo‘shni.
«Ukrainani yonini olma! Natsist ular, odamlarga kun bermaydi! Geylarni qo‘llab-quvvatlaydi!» — usta bo‘sh kelmadi. — «Shularni yonini olasanmi!? O‘shalardanmisan, yo?»
«Og‘zingizga qarab gapiring, aka, farosatni o‘chirib qo‘yganmisiz, deyman! Natsist deysiz, kimga natsistlik qipti? Ukrainaga borganingizda «mana, qora churka keldi» dedimi?»
«Hey, og‘zingni shalog‘ini artib ol, manga aql o‘rgatishdan ko‘ra! Yurarding kecha mishig‘ingni oqizib, odam bo‘p qoldingmi? He, o‘rgildim! Rossiyani kanallarini ko‘rmaysan! Ko‘rsang bilasan dunyodagi gaplarni! Endi, uka, hafa bo‘lmayu, o‘risni kanallarini ko‘rishga kallayam kerakda! Senlar na ruschani bilasan, na o‘qishni qoyil qilgansan! Mana, ko‘rasan, hamma natsistlarni «na koleni» qo‘yadi!»
«Domla, siz gapiring» yoshi katta usta bilan tortishishni istamagan qo‘shnim meni bahsga tortdi. «Atom bomba uchirsa hammaga zarari bo‘ladi, deb o‘zingiz aytdingiz, to‘g‘rimi?»
«Ha» dedim istar-istamas.
«Qanaqasiga zarari bo‘ladi?» usta menga yuzlandi.
«Atom quroli ishlatilgandan keyingi holatning kompyuter simulyasiyasi chiqibdi, shuni aytuvdimda, aka» dedim.
«Kompyuterda hisoblabdimi? Nima bo‘larkan unda?!» usta birdan yuvosh tortdi, qiziqish ham ustun kelgandi unda.
«Shu... ikkala tomon ham... dunyo ham...»
«Biz hammi?» shoshib so‘radi usta.
«Ha, biz ham»
«Qanaqasiga?!»
«Nurlanish... radioaktiv ifloslanish... yadro qishi...»
«Yadro qishi nimaykan o‘zi?»
«To‘g‘risi, fizikmasman, lekin maqolalardan o‘qisam, shunaqa qish bo‘larkan, dunyo iqlimi 15-50 darajagacha soviydi... Qahraton qish bo‘ladi...»
«Chatag‘ ekanda, a!..» usta o‘ziga-o‘ziga gapirgandek dedi. «Unaqada, mard bo‘lib urushda, to‘g‘rimi? Nimaga bizni aralashtiradi? O‘zimam aytuvdim, oxiri yaxshimas buni, deb... Chatag‘ ekanda...»
Bahs uzildi. Osh ham kirib qolgandi-da. Keyin hamma bir bo‘lib, gap-so‘z talashmay oshni yedik.
Urush haqida boshqa gaplashmadik.
Baxtiyor Abdug‘afur, yozuvchi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter