Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qator hujjatlarni talab etish amaliyoti bekor qilindi

Qator hujjatlarni talab etish amaliyoti bekor qilindi

Foto: «Xabar.uz»

«Davlat xizmatlari ko‘rsatishni soddalashtirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat muvofiq 2022 yil 1 iyuldan boshlab kommunal tashkilotlar tomonidan aholidan, shu jumladan, tadbirkorlik sub’yektlaridan qator ma’lumot va hujjatlarni talab qilish bekor qilinmoqda. O‘zbekiston prezidentining 2021 yil 23 martdagi PF-6191-son farmonining 4-bandiga ko‘ra quyidagi faktlarni tasdiqlovchi hujjatlarni:

  • ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;
  • narkologiya bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;
  • sudlanganlik;
  • manzil-ma’lumot axboroti;
  • fuqaroning nomida shaxsiy uy-joy mavjud yoki mavjud emasligi;
  • turar joyning maydoni;
  • soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi;
  • soliq to‘lovchi jismoniy shaxslarning davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yilganligi;
  • pensiya va nafaqa miqdori;
  • pensiya va nafaqa oluvchilar ro‘yxatida mavjud yoki mavjud emasligi;
  • nikoh qayd etilganligi, nikohda turmasligi yoki nikohdan ajralganligi.

Quyidagi hujjatlarni:

  • shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi;
  • shaxsning belgilangan shakldagi fotosurati;
  • tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining ma’lumotnomalari;
  • mehnat daftarchalari va ularning nusxalari (fuqarolarga pensiya tayinlash jarayonida ushbu hujjatni «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali olish imkoniyati mavjud bo‘lmagan hollarda so‘rash bundan mustasno);
  • ish haqi va ish stajini, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasasida o‘qiganlikni tasdiqlovchi arxiv ma’lumotnomalari (fuqarolarga pensiya tayinlash jarayonida ushbu hujjatni «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali olish imkoniyati mavjud bo‘lmagan hollarda so‘rash bundan mustasno);
  • kadastr hujjatlari va ularning nusxalarini talab qilish bekor qilinadi.

Prezidentning 2021 yil 24 iyuldagi PF-6269-son farmonining 5-bandida nazarda tutilgan quyidagi faktlarni tasdiqlovchi ma’lumotlarni:

  • tadbirkorlik sub’yekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma ma’lumotlarini;
  • litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va xabarnomalar qabul qilinganligi to‘g‘risida tasdiqnoma mavjudligini;
  • davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar to‘langanligini;
  • qimmatli qog‘ozlarga egaligini, qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalar amalga oshirilganligini, dividendlar olinganligini;
  • kam ta’minlangan oila yoki oila a’zosi sifatida ro‘yxatga olinganligini;
  • jismoniy shaxslar tomonidan alimentlar to‘langanligini va olinganligini;
  • oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom ma’lumotlarini;
  • jismoniy shaxs tomonidan o‘rta maxsus, professional (kasb-hunar) ta’lim muassasasi tugatilganligini;
  • jismoniy shaxs tomonidan umumiy o‘rta ta’lim muassasasi (11-sinf negizida) tugatilganligini;
  • fuqaro «yoshlar daftari» yoki «ayollar daftari»da mavjudligini;
  • o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar to‘g‘risida ma’lumotlarni;
  • oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlarning imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjat to‘g‘risida ma’lumotlarni.

quyidagi hujjatlarni:

  • moliyaviy hisobotlar nusxalarini;
  • jismoniy shaxslarning oxirgi 12 oydagi ish haqini tasdiqlovchi ma’lumotnomalarni;
  • ijtimoiy nafaqa va pensiyalar to‘langanligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni talab qilish bekor qilinadi

Hujjatga ko‘ra, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ, «Hududgazta’minot» AJ, «O‘zsuvta’minot» AJ va «Toshissiqquvvati» DUK Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2022 yil 1 iyunga qadar o‘z axborot tizimlarining «Elektron hukumat» tizimi doirasida ishlovchi Raqamli ma’lumotlar platformasiga integratsiya qilinishini ta’minlash belgilangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring